Sayt ochsam hisobimga pul tushaveradimi ?
Veb saytlar, Веб сайтлар, Веб-сайты, Websites
Veb saytlar, Веб сайтлар, Веб-сайты, Websites
Bugun mijozlar tomonidan juda ko’p beriladigan shu qiziqarli savolga e’tibor qaratmoqchimiz. Web sahifa yaratish orqali daromad olib 30 yoshga kirib-kirmay multimillionerga aylanib olgan uddaburon insonlar haqidagi gaplar kunora qulog’imizga chalinadi. Xo’sh ular bu ishni qanday uddaladilar ?
Darhaqiqat, sayt yaratish orqali tarmoqdan yaxshigina daromad olish usullari mavjud. Bugun shu usullardan bir nechtasini sanab o’tamiz. Ammo, shuni bilib qo’yingki, ma’lum bir malaka, ko’nikma va internet tarmog’ida muayyan nufuzga ega bo’lmay turib, tarmoqdan foyda ko’rish deyarli imkonsizdir. Haqiqiy hayotda bo’lgani kabi, virtual olamda ham malakasiz mehnat juda kam, juda ham kam qiymatlidir. Agar saytingiz tarmoqda o’z nomi, obro’siga ega emas ekan, siz oladigan daromad ham havas qilarli bo’lmaydi.
Ko’pgina sayt ochish orqali daromad olishni istovchilarda saytdan foyda olish bilan bog’liq noto’g’ri farazlar mavjud. Avvalo shu noo’rin fikrlarning eng ko’p uchraydigan bir nechtasiga misol keltirmoqchimiz.
Bu – tez-tez uchrab turadigan noto’g’ri tushuncha bo’lib, web saytlar umuman hisobni shunchaki pulga to’ldirish uchun xizmat qilmaydi. Hisobingizga foydalanuvchi tomonidan pul tushishi uchun saytingiz aniq bir xizmat turi yoki tovarni taklif qilib, shu taklifingizga saytga kirgan mijoz qiziqish bildirib, undan foydalanish maqsadida o’zi pul to’lamaganiga qadar, hisobingizga o’z-o’zidan pul tushmaydi. Ishlatilgan trafik ya’ni megabaytlardan Beeline, TPS kabi internet provayderlar foyda ko’rishadi.
Ba’zi insonlar shu kabi saytlarni ishga tushirish ishtiyoqi bilan yonadilaru, pirovardida bu kompaniyalar qanday daromad olishi haqida aniq ma’lumotga ega emaslar. Biznes-modelni chuqur o’rganmay turib, shu bilan birga bu sohada tajribasiz bo’lgan insonlar fikriga tayanib internet biznesda g’alaba qilishni orzu qilib bo’lmaydi. Zero, yillar davomida erishgan nufuzi, malakali xodimlari, sarflagan katta miqdordagi sarmoyasi evaziga erishilgan foydalanuvchilar ishonchi – bu saytlarni keng ko’lamli katta kompaniya darajasiga olib chiqqan.
Bu fikrga beradigan izohimiz, yuqoridagi fikrimizning mantiqiy davomidir. Onlayn biznes masalasida shu kabi noto’g’ri fikrda bo’lganlar ham topiladi. Web sahifa orqali pul topmoqchi ekansiz avvalo ushbu loyiha uchun vaqtni, ham pulni ham samarali sarflay olishingiz va shundan keyin daromad kutishingiz kerakligini ma’lum qilmoqchimiz. Ushbu tamoyil odatiy biznesda ham, internet biznesda ham bir xil kuchga ega.
Endi e’tiboringizga onlayn biznesdan foyda olishning bir nechta samarali va sinalgan usulini taqdim etamiz.
Bu yo’l bilan foyda ko’rish uchun saytingiz xoh ijtimoiy-siyosiy mavzuda bo’lsin, xoh pazandachilik yoki salomatlik mavzusida bo’lsin, muhimi hammani qiziqtiradigan va hafsalani pir qilmaydigan ma’lumotlar bilan boyitilgan bo’lishi lozim. Shu bilan bir qatorda, saytdan foydalanuvchilar oqimi to’xtamasligi, aksincha, ortib borishi uchun siz saytingizdagi ma’lumotlarni tez-tez yangilab turishingiz zarur bo’ladi. Muayyan auditoriya yig’a olganingizdan so’ng, banner reklama joylash pulli xizmatini yo’lga qo’yishingiz mumkin bo’ladi. Misol uchun: siz saytingizda avto yangiliklarni chiqarib borasiz va aynan shu sohaga qiziquvchilar saytingizga tez-tez tashrif buyurishadi. Endilikda siz mashina moyi ishlab chiqaruvchilar, avto ehtiyot qismlar sotuvchi firmalar, avtoservislar va avtosalonlarga saytingizda o’z reklama bannerlarini joylashtirishni taklif qilishingiz mumkin.
Bu ham reklama banner orqali pul ishlashning bir usuli bo’lib, faqat bunda reklama beruvchini siz qidirmaysiz, balki Google ning o’zi mijozni topadi va qaysi reklamani ko’rsatishni o’zi hal qiladi. Google foydalanuvchi tomonidan tashrif buyurilgan web saytlar , u Google tarmog’idan izlagan kalit so’zlar va foydalanuvchining qurilmasiga o’rnatilgan mobil ilovalar kabi turli omillarni hisobga olgan holda reklamani taqdim qiladi. Sizdan talab etiladigan narsa, saytingizdan Google reklamalari uchun joy ajratish. Google bilan bunday manfaatli kelishuvga erishish uchun saytingiz Google AdSens qo’ygan bir qator talablarga to’liq javob berishi kerak.
PR maqola bu – reklama beruvchining mavqeini oshirishda juda ijobiy ahamiyatga ega bo’lgan, jamoatchilikka yaxshi ta’sir o’tkaza oladigan kuchli reklama vositasidir. PR maqolalarda turli xildagi biznesni targ’ibot qilishda foydalanish mumkin. Agar saytingizda foydalanuvchilar yetarlicha bo’lsa bu kabi reklamaga buyurtma beruvchilar ham topiladi.
Buning uchun sayt ochish ham talab etilmaydi. Kanal ochish orqali daromad olishga misol qilib vatandoshlarimizga yaxshigina tanilib ulgurgan Telegram tarmog’ini keltirishimiz mumkin, Ommabop kanallardagi turli tuman reklamalarga ko’zi tushmagan foydalanuvchi bo’lmasa kerak. Ammo ijtimoiy tarmoqlar asosida biznes yuritishning boshqa bir tomoni ham bor, gap shundaki agar ijtimoiy tarmoq o’z ishini to’xtatsa sizning biznesingiz ham to’xtaydi.
Internet do’kon ochishda ham oddiy bozordagi kabi, siz sotmoqchi bo’lgan mahsulotga bo’lgan talab, kirmoqchi bo’lgan bozoringiz o’lchamini sinchiklab o’rganish tavsiya etiladi. Yondosh ravishda yetkazib berish xizmati, onlayn to’lov tizimlari bilan to’lash imkoniyatlari bekamu- ko’st bo’lishiga e’tibor berish kerak. Onlayn do’kon uzoq muddatli loyiha bo’lib, ishni yaxshi tashkil etishning natijasi ham quvonarli bo’ladi.
Bunday saytlar allaqachon xizmat ko’rsatish yoki ishlab chiqarish bilan shug’ullanadigan tadbirkorlarga foyda keltiradi. Mijozlar ishonchini qozonish, virtual olamda ham o’z o’rniga ega bo’lish va internet marketing orqali savdo hajmini oshirishni istovchi zamonaviy biznes egalari ushbu imkoniyatdan foydalanib o’zlarining shaxsiy reklama saytlariga ega bo’lishlari mumkin. Bu firma daromadini oshishiga sabab bo’ladi.
Bugun biz siz bilan internetda daromad olishning aksariyat usullarini sanab o’tdik, kelgusi maqolalarimizda yanada kengroq ma’lumotlar berib boramiz. Agar sizda shaxsiy web sahifa yaratish, yoki internet do’kon ochish istagi tug’ilgan bo’lsa, sizga oqila.uz jamoasi sifatli xizmatlarini taklif qiladi.