Organizmdagi «qariyotgan» hujayralarni aniqlashning yangi usuli ishlab chiqildi
Fan va IT yangiliklari, Фан ва ИТ янгиликлари, Новости науки и информационных технологий, Science and IT news

Fan va IT yangiliklari, Фан ва ИТ янгиликлари, Новости науки и информационных технологий, Science and IT news
Tadqiqotchilar o‘zgaruvchan elektr maydonlar yordamida inson organizmidagi qariyotgan hujayralarni aniqlash usulini ishlab chiqdi. Kelajakda undan boshqa hujayra turlarini tahlil qilishda ham foydalanish mumkin.
Foto: Freepik
Tokio universiteti olimlari biokimyoviy belgilarsiz — o‘zgaruvchan elektr maydonlar yordamida inson organizmidagi qariyotgan hujayralarni yoshlaridan ajratish imkonini beradigan usulni ishlab chiqdi. Tadqiqot natijalari IEEE Sensors jurnalida e’lon qilindi.
Tadqiqotchilarning tushuntirishicha, qarish hujayra darajasida boshlanadi: qari hujayralar o‘z funksiyalarini yo‘qotadi va yallig‘lanishni keltirib chiqaradigan modda ajratadi. Yallig‘lanish jarayoni Alsgeymer, ikkinchi tipdagi diabet va ateroskleroz kabi yoshga aloqador kasalliklarga bog‘liq.
Hozirda qarib borayotgan hujayralarni aniqlash usuliga organizmning biologik yoshini aniq baholash vositasi sifatida qaralmoqda. Biroq mavjud aniqlash metodlari fluoressent markirovkani talab qiladi — bu usul qo‘llashda murakkab bo‘lib, hujayralarning tabiiy xususiyatlarini o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Dosent Ippey Yagi boshchiligidagi tadqiqotchilar jamoasi bu muammoni hal qilish uchun mutlaqo yangi yondashuvni qo‘lladi — chastota-modulyatsiyalangan dielektroforez (FM-DEP) usulini. Bu texnologiyada hujayra namunasi o‘zgaruvchan elektr maydoniga joylashtiriladi va hujayralarning elektrodlarga nisbatan harakati chastotaga bog‘liq bo‘ladi — bu ko‘rsatkich ajratish chastotasi deb ataladi. Qariyotgan va yosh hujayralarda ushbu ko‘rsatkich turlicha. Mazkur usul markirovka talab qilmaydi, hujayralar uchun xavfsiz va tezkor natija beradi.
Tadqiqot insonning dermal fibroblastlarida, ya’ni teri biriktiruvchi to‘qimalarining hujayralarida olib borilgan. Aniqlanishicha, ajratish chastotasidagi farqlar hujayra membranasining lipid tarkibidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Ushbu membrana har qanday hujayrani tashqi muhitdan ajratib turuvchi yupqa qatlam ko‘rinishida.
Olimlar yangi texnologiya nafaqat qarish jarayonlarini o‘rganishda, balki regenerativ tibbiyot va dori vositalarini ishlab chiqishda ham qo‘llanilishi mumkinligiga umid qilishmoqda. Kelgusida tadqiqotchilar FM-DEP usulini boshqa hujayra turlarini tahlil qilishga moslashtirishni rejalashtiryapti.