Shimoliy dengiz sohillaridan ulkan kitning jasadi topildi
Fan va IT yangiliklari, Фан ва ИТ янгиликлари, Новости науки и информационных технологий, Science and IT news

Fan va IT yangiliklari, Фан ва ИТ янгиликлари, Новости науки и информационных технологий, Science and IT news
Gap 10 metrli bukri kit haqida ketmoqda. Uning o‘limiga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum.
Foto: Bild
Shlezvig-Golshteyndagi (Germaniya) Cankt-Peter-Ording sohilidan yana bir kitning jasadi topildi. Bild’ning yozishicha, bu mazkur hududda ulkan dengiz sutemizuvchilari o‘limi bilan bog‘liq uchinchi holat hisoblanadi.
Mahalliy turistik xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, gap 10 metrli bukri kit haqida ketmoqda. Uning o‘limiga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum.
Kitning jasadi utilizatsiya punktiga yetkazilgan — u ulkan ekskavator yordamida konteynerga yuklangan. O‘lim sababini aniqlash bilan Hannover veterinariya instituti shug‘ullanadi, natijalar yaqin kunlarda e’lon qilinishi kutilmoqda.
Bukri kitlar Atlantika okeanining shimoliy qismida yashaydi, ba’zida Shimoliy dengizga ham suzib keladi. Joriy yil fevral oyida ularning o‘limi bilan bog‘liq ikkita holat aniqlangan edi: avvaliga Zyult orolidan 14 metrli kashalot, keyinroq Minzener-Oog kimsasiz orolidan yoshroq va ozib ketgan bukri kit jasadi topilgan. Sutemizuvchilarning birinchisi qirg‘oqqa chiqib qolib, o‘z vaznini ko‘tarolmay nobud bo‘lgan, ikkinchisining o‘limiga esa ichak parazitlari sabab bo‘lgan.
Avvalroq Qozog‘istonda Kaspiy dengizi sohilidan 80 dan ortiq o‘lik tyulenlar topilgani to‘g‘risida xabar berilgan edi.