Virgin Galactic kosmosga parvozlar narxini oshiradi
Fan va IT yangiliklari, Фан ва ИТ янгиликлари, Новости науки и информационных технологий, Science and IT news

Fan va IT yangiliklari, Фан ва ИТ янгиликлари, Новости науки и информационных технологий, Science and IT news
Milliarder Richard Brensonga tegishli kompaniya ilgari suborbital parvozlar uchun chiptalarni har bir o‘rin uchun taxminan 600 ming dollardan sotgan.
Virgin Galactic 2026 yilning birinchi choragida chipta savdosini qayta boshlaganidan so‘ng, kosmik turizm parvozlari uchun narxlarni oshirishni rejalashtirmoqda. Bloombergʼning yozishicha, kompaniya 2024 yil iyunida parvozlarni vaqtincha to‘xtatgan.
Milliarder Richard Brenson asos solgan kompaniya ilgari suborbital parvozlar uchun chiptalarni har bir o‘rin uchun taxminan 600 ming dollardan sotgan. Biroq 2026 yilda narxlar qanchaga ko‘tarilishi haqida hozircha ma’lumot berilmagan.
Virgin Galactic’ka ko‘ra, ilmiy-tadqiqot missiyasini amalga oshiradigan yangi kosmik kemaning ilk parvozi 2026 yil yoziga mo‘ljallangan. Astronavtlarning parvozlari esa kuzdan qayta tiklanadi.
Yangilangan Delta kemalari avvalgi modellardan farqli ravishda to‘rt nafar emas, olti nafar yo‘lovchini sig‘dira oladi. Kompaniyadagilarning ta’kidlashicha, ular hozirda kosmosga parvoz qilishni kutayotgan mijozlar navbatini taxminan bir yil ichida tugatishga muvaffaq bo‘ladi.
Virgin Galactic’ning so‘nggi kosmik turistik parvozi 2024 yil 8 iyunda bo‘lib o‘tgan. Unda Turkiya, AQSh va Italiyadan kelgan yo‘lovchilar ishtirok etgan va ular kosmosda taxminan bir soat vaqt o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil iyul oyida milliarder Jyeff Bezos shaxsan Blue Origin kompaniyasining New Shepard raketasida koinotga uchgandi. O‘shanda u bilan birga bortda uning akasi Mark, 82 yoshli uchuvchi Uolli Fank va 18 yoshli niderlandiyalik Oliver Demen bo‘lgan. Joriy yilning fevral oxirlarida Blue Origin kapsulasi kosmosga turistik parvozni muvaffaqiyatli amalga oshirgandi. Aprel o‘rtalarida esa Blue Origin kompaniyasi faqat ayollardan iborat ekipaj bilan New Shepard raketasini uchirishga muvaffaq bo‘ldi.