Rasmiy dollar kursi yana qariyb 86 so‘mga arzonlashdi
Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news

Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news
Yil boshidan beri AQSh dollari o‘zbek so‘miga nisbatan 3,8 foizga arzonlashdi. Iqtisodchi Yuliy Yusupovga ko‘ra, bu holatni valuta mustahkamlanishi sifatida baholash noto‘g‘ri. «So‘mning qadri ortmayapti, balki dollarning xalqaro miqyosda zaiflashuvi kuzatilyapti», deya yozdi u.
Foto: Kun.uz
O‘zbekiston Markaziy banki 24 iyundan boshlab xorijiy valutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymatini belgiladi. AQSh dollari kursi kunlik savdolar yakuniga ko‘ra yana 85,9 so‘mga o‘z qiymatini yo‘qotdi.
Umuman olganda, dollar kursi ketma-ket oltinchi savdo kuni so‘mga nisbatan pasayib, deyarli 349 so‘mga (2,7 foiz) — 12 760,2 so‘mdan 12 410,9 so‘mga arzonlashdi. Bu – 2024 yilning 29 yanvaridan (12 400 so‘m) beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich.
Yil boshidan buyon milliy valuta AQSh valutasiga nisbatan 3,8 foizga mustahkamlandi. Taqqoslash uchun, 2024 yilning mos davrida so‘m 2,2 foizga (12 352 so‘mdan 12 625 so‘mga) qadrsizlangan edi.
«So‘m mustahkamlanayotgani yo‘q, dollar qadrsizlanyapti»
Iqtisodchi Yuliy Yusupov so‘mning so‘nggi paytlardagi harakati haqida izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, bu holatni valuta mustahkamlanishi sifatida baholash noto‘g‘ri. So‘mning qadri ortmayapti, balki dollarning xalqaro miqyosda zaiflashuvi kuzatilyapti.
«Masalan, 2025 yil boshidan beri so‘m yevroga nisbatan 7,2 foizga, rublga nisbatan 22,4 foizga va funt-sterlingga nisbatan 4,2 foizga qadrsizlangan. Bu esa so‘mning real qiymatida mustahkamlanish emas, balki inflatsiya darajasida devalvatsiyani ko‘rsatadi», deb yozdi iqtisodchi.
Yusupovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari AQSh emas, balki Xitoy, Rossiya va Yevropa bo‘lgani uchun so‘mning dollarga nisbatan biroz oshib borishi amalda uning umumiy qiymatini ko‘tarmagan.