Italiya Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri logistika yo‘nalishlarini o‘rnatishga qiziqish bildirmoqda
Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news
Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news
Italiya Parlamenti Senatida "O‘rta yo‘lak: Italiya, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi xavfsiz tranzit yo‘nalishi" mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Italiya Osiyo instituti (ISIA) tomonidan tashkil etilgan anjumanda Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri o‘rinbosari Edmondo Chiriyelli, parlament a’zolari va tahlilchilari, Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Konferensiyani ochar ekan, uning asosiy tashabbuskorlaridan biri, Italiya parlamenti har ikki palatasining Mintaqaviy aloqalar komissiyasi raisi, senator Franchesko Silvestro italyan biznesi bugungi kunda jadal rivojlanib borayotgan Markaziy Osiyo mintaqasini qayta kashf etishi kerakligini ta’kidladi. Ushbu mintaqa bilan Italiya eksportining 2 milliard dollardan oshgani ham shundan dalolat beradi.
"Sanoatchilarimiz o‘z e’tiborini Markaziy Osiyo respublikalarining ishlab chiqarish quvvatlari va energetika resurslariga qaratishi kerak. O‘z navbatida, Italiya ushbu mamlakatlarning rivojlanayotgan iqtisodiyotiga nou-xaularni yetkazib berish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Ishonchim komilki, bunday hamkorlik o‘ta muhim va o‘zaro manfaatli natijalarga olib kelishi mumkin", - dedi u.
Konferensiya davomida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjonning "O‘rta yo‘lak" deb ham ataladigan Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini ilgari surish bo‘yicha ijobiy va samarali tajribasi muhokama qilindi.
Manba: www.aniq.uz