Polsha tajribasi Toshkent viloyatida qo‘llaniladi
Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news
Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegasiyaning Polsha Respublikasiga amaliy tashrifi davom etyapti.
Delegasiyaning navbatdagi manzili Mazoviya provinsiyasidagi agrar sohaga ixtisoslashgan sub’ektlar bo‘ldi. Xususan, "Fruit family" korxonasi direktori Jerzy Zolciki bilan o‘tkazilgan muloqotda asosiy e’tibor olma eksporti borasida to‘plangan tajribani Toshkent viloyatida joriy etishga qaratildi. Bu borada dehqon xo‘jaliklari bilan hamkorlikda yangi loyihalar qilish rejalashtirilgan. Polyak investorlar hamkorlikka tayyor ekanini ta’kidladi.
Shundan so‘ng mashhur farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi "Polfarm" kompaniyasi rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Toshkent viloyatida farmasevtika sohasini rivojlantirish borasidagi imkoniyatlar, “Parkent-Farm” EIZ faoliyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Viloyat rahbari keng miqyosda hamkorlik qilish taklifini bildirdi. Mazkur taklifga polshalik ishbilarmonlar ham qiziqish bildirdi.
Zoyir Mirzayev bu davlatda tahsil olayotgan bir guruh o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashdi. Unda O‘zbekiston Respublikasining Polshadagi Favqulodda va muxtor elchisi Amirsaid Agzamxodjayev va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ham qatnashdi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston yoshlariga yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar, Toshkent viloyati o‘g‘il-qizlarining yutuqlari haqida so‘z yuritildi. O‘z navbatida talabalar ham IT, grafik dizayn texnologiyasi, dasturlash singari yo‘nalishlarda erishayotgan natijalari, shuningdek, kelgusida O‘zbekistonda amalga oshirishni reja qilayotgan loyihalari bilan tanishtirdi.
Manba: www.aniq.uz