Gibrid elektromobillarni olib kirishda ekologik sertifikat olish talabi qo‘yildi
Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news

Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news
Bu sertifikat avtomobilning Yevro-4 ekologik standartiga javob berishini tasdiqlashi kerak. Vaholanki, asosiy yetkazib beruvchi bo‘lmish Xitoy avtosanoati 7 yil oldin to‘liq Yevro-5 standartiga muvofiq avtomobil ishlab chiqarishga o‘tgan. Avtoblogerlarga ko‘ra, sertifikat olish narxi 2 mln so‘mdan oshadi. Holat yuzasidan ekologiya vaziriga senator so‘rovi yuborildi.
Foto: AP
O‘zbekistonga gibrid avtomobillarni olib kirishda kamida Yevro-4 ekologik toifasiga mosligini tasdiqlovchi ekologik sertifikat talab qilinmoqda.
Bu holat so‘nggi kunlarda tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Autodeklarant kanalining yozishicha, ekologik sertifikat bir modeldagi avtomobilning barchasi uchun emas, har bir dona avtomobil uchun alohida olinadi. Sertifikat olish uchun 2 mln so‘mdan ko‘proq to‘lov qilinishi kerak.
Ma’lum bo‘lishicha, bu yangi talab “elektromobil” sifatida bojxonadan o‘tkaziladigan, ichki yonuv dvigateliga ega, lekin u faqat elektr dvigatelni zaryadlash uchun xizmat qiladigan gibrid avtomobillar – Lixiang, Leapmotor, Voyah, Deepal, AITO, Neta, Avatr kabilarga taalluqli.
“Import qilayotgan avtomobillar Yevro-6 yoki Yevro-5 talablariga javob bersa, nega yana tekshiriladi? Tekshirilayotgan uskunalar qanaqa ekanini-yu, tekshiruv jarayonlari nega e’lon qilinmaydi? Yevro-5 yoki Yevro-6 ekanini tasdiqlashlari uchungina tadbirkor 2 milliondan ortiqroq summa to‘laydimi?” – degan savollarni o‘rtaga tashladi kanal muallifi Azizbek Berdiyev.
Qayd etish lozim, Xitoyda 2018 yildan boshlab ishlab chiqarilayotgan barcha avtomobillarning Xitoy-5 emissiya standartiga mos bo‘lishi talabi kuchga kirgan. Bu standart talablari Yevro-5 bilan qariyb bir xil. Keyinroq talablar kuchaytirilib, 2021 yildan e’tiboran Xitoy-6a, 2023 yildan esa Xitoy-6b standarti joriy etilgan.
3 may kuni Oliy Majlis Senati bayonot berib, bu masalada ekologiya vaziriga so‘rov yuborilganini ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, bu mavzu muhokamalarga sabab bo‘lgani bejiz emas, chunki O‘zbekistonga kirib kelayotgan gibrid elektromobillar Yevro-5 yoki Yevro-6 ekologik standartlariga javob beradigan elektrodvigatellar bilan jihozlangan.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 yanvardagi 50-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda, ekologik sertifikatlash tartibi belgilangan. Unga ko‘ra, akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyasi mavjud bo‘lganda, ekologik xavfsizlik mezonlariga muvofiqlik tekshirilishi kerak. Agar laboratoriya mavjud bo‘lmasa, transport vositasi identifikatsiya yo‘li bilan baholanishi mumkin.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2022 yil 12 apreldagi 172-sonli qarorida “gibrid avtomobil” tushunchasi aniq belgilab berilgan. Ularni umumiy “M” va “N” toifalariga tenglashtirish masalasi ham bahsli hisoblanmoqda.
Shundan kelib chiqib, Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar Tuychiyev ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovga senator so‘rovi yubordi. So‘rovda:
“Mazkur senator so‘rovi orqali mavjud tartibning ta’minlanishi, joriy etilgan amaliy mexanizmlarda shaffoflikka erishish va tadbirkorlar va fuqarolarning ortiqcha qiyinchiliklarga va ovoragarchilikka duch kelmasligi maqsadi nazarda tutilgan”, – deyiladi rasmiy xabarda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 1 noyabrdan e’tiboran yakka tartibda olib kirilgan avtomobillar uchun Piskentdagi laboratoriyada majburiy elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi joriy etilgandi. Keyinroq Leapmotor avtomobillaridan biri bu tekshiruvdan o‘ta olmagani vaji bilan, bu brendga mansub barcha avtomobillar importi vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgandi.
Joriy yil 1 maydan esa yangi elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi miqdori 4 barobarga oshirildi.
Avtomobil bozoridagi monopoliya: O‘zbekiston bitta xatoni ikkinchi marta takrorlaydimi?