O‘zbekiston Afg‘onistondan chorva mollarini import qilishi mumkin
Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news

Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news
Joriy yilning 10-12 may kunlari O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov boshchiligidagi mamlakat ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiya amaliy safar bilan Afg‘onistonda bo‘ldi.
Safar davomida mamlakat delegatsiyasi a’zolari Afg‘oniston sog‘liqni saqlash va oziq-ovqat vaziri o‘rinbosari Hamidullo Zohid bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan dori-darmon vositalari va oziq-ovqat mahsulotlarini Afg‘onistonga eksport qilish hajmini oshirish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishni masalalari muhokama qilindi.
Hamidullo Zohidning aytishicha, ilgari chet davlatlardan Afg‘onistonga oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalari nazoratsiz olib kirilgan bo‘lsa, joriy yil mart oyidan boshlab mamlakatga bu turdagi mahsulotlar alohida sertifikatsiyadan o‘tkazilgan holda import qilinmoqda.
Shu bilan birga, afg‘on tomoni O‘zbekistondan Afg‘onistonga oziq-ovqat va farmatsevtika mahsulotlarini eksportini amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida Afg‘onistondan chorva mollarini import qilish, oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish uchun memorandum imzolash, Afg‘oniston Sog‘liqni saqlash va oziq-ovqat vazirligi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish to‘g‘risida kelishib olindi.