Iqtisodiyot vazirligi davlat shifoxonalarida pulli xizmatlar qimmatlashayotganini rad etdi
Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news

Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news
Shu kungacha pulli asosda ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat narxi 25 foizgacha ustama qo‘llash orqali amalga oshirilgan. Endi esa pulli xizmatlar uchun to‘lovlar kamida 5 foiz arzonlashgan.
Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat shifoxonalaridagi pulli xizmatlar qimmatlashishi aytilgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 2025 yil 27 yanvarda Adliya vazirligi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining «Pulli tibbiy xizmat ko‘rsatadigan davolash-profilaktika muassasalarini moliyalash tartibini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Mazkur qarorning 8-bandida «Tibbiy xizmatga to‘lovning eng ko‘p qiymati davolash-profilaktika muassasasi tomonidan budjet mablag‘lari hisobiga ko‘rsatilayotgan aynan shunday xizmatlar qiymatining 25 foizidan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi» belgilangan.
«Biroq mazkur qaror qabul qilinganidan so‘ng, uning 8-bandidagi me’yorning turlicha talqin qilinishi oqibatida ba’zi tushunmovchiliklar kelib chiqdi. Jumladan, «shunday xizmatlar qiymatining 25 foizi nazarda tutilganmi yoki 125 foizimi» degan savollar yuzaga keldi. Sodda qilib aytganda, «tibbiyot muassasalarida 100 ming so‘mlik tibbiy xizmat 25 ming so‘mga yoki 125 ming so‘mga ko‘rsatiladimi?» degan mazmunda murojaatlar paydo bo‘ldi», — deyiladi munosabatda.
Yuzaga kelgan tushunmovchilikni bartaraf etish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining «Pulli tibbiy xizmat ko‘rsatadigan davolash-profilaktika muassasalarini moliyalash tartibi 8-bandiga o‘zgartirish kiritish haqida» qo‘shma qarori qabul qilinib, Adliya vazirligi tomonidan 2025 yilning 7 may kuni ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Bu orqali tartib amaldagi normativ hujjatga muvofiqlashtirilgan hamda pulli tibbiy xizmatlar narxlarining yuqori chegarasi aniq belgilangan. Xususan, aholiga pulli asosda ko‘rsatilgan tibbiy xizmat narxini belgilashda tegishli xizmat tannarxiga 20 foizgacha ustama qo‘llash mumkinligi qat’iy belgilangan.
Ya’ni endilikda tannarxi 100 ming so‘m bo‘lgan tibbiy xizmatning pulli xizmat narxi 120 ming so‘mdan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi qayd etilgan.
«Shu kungacha esa tibbiyot muassasalarida aholiga pulli asosda ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat narxini shakllantirish uning tannarxiga 25 foizgacha ustama qo‘llash orqali amalga oshirilgan. Ya’ni tannarxi 100 ming so‘m bo‘lgan tibbiy xizmatning pulli narxini 125 ming so‘mgacha belgilash mumkin bo‘lgan», — deya ta’kidlanadi xabarda.
Ta’kidlanishicha, ushbu qaror bilan tibbiyot muassasalari tomonidan ko‘rsatiladigan pulli xizmat narxi kamaytirilgan — davlat shifoxonalaridagi pulli xizmatlar uchun to‘lovlar kamida 5 foiz arzonlashgan.
«Yuqoridagilardan kelib chiqib, internet nashrlari va blogerlarni qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni talqin qilishda chalg‘ituvchi ma’lumotlarni tarqatmaslikka, yuzaga kelayotgan savollarni aniqlashtirishda rasmiy idoralarga murojaat qilishga chaqiramiz», — deyiladi Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabarida.