Rossiyadan O‘zbekistonga qoramol eksporti hajmi oshdi
Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news

Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news
O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov Rossiyaning Oltoy Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ishtirok etdi.
Foto: Kun.uz
O‘zbekiston hududlari va Oltoy Respublikasi o‘rtasida chorvachilik sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Oltoy Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Andrey Tsigulev, vazirlik mas’ul xodimlari, hududdagi yirik chorvachilik korxonalari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Oltoy Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Andrey Tsigulev O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni, ayniqsa, chorvachilik, jumladan, naslchilik sohasida rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
"Hozirgi kunda Oltoy tog‘larida qoramol eksport qilish huquqiga ega bo‘lgan 6 ta korxona mavjud. Shuningdek, respublikada 196 ming boshdan ortiq qoramol bor. O‘zbekistonning go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotganini inobatga olib, biz mamlakatingizning yetkazib berish bo‘yicha barcha so‘rovlarini ko‘rib chiqishga tayyormiz", dedi u.
Qayd etilishicha, o‘rnatilgan aloqalar tufayli 2024 yilda Rossiyaning ushbu hududidan qoramollarning, jumladan, O‘zbekistonga eksporti qariyb 68 foizga oshgan.
Tadbirda so‘zga chiqqan yirik chorvachilik xo‘jaliklari rahbarlari O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Oltoy hududi fermerlarining bevosita aloqalarini yo‘lga qo‘yish, pirovardida mamlakatimizga yetkazib berilayotgan qoramol va mayda shoxli mollar tannarxiga ta’sir ko‘rsatuvchi vositachilar zanjiriga barham berish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston tomonining taklifiga binoan Oltoy Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri va mamlakat Bosh konsulxonasi vakillaridan iborat tezkor ishchi guruhi tuzildi.