“Global iqtisodiyot qaltis pallada” - BMT Tramp tufayli iqtisodiy o‘sish prognozini pasaytirdi
Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news

Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news
AQShning yangi tariflari va savdo siyosatidagi noaniqliklar tufayli BMT 2025 yil uchun global iqtisodiy o‘sish prognozini birdaniga 0,4 foiz bandga pasaytirib, 2,4 foiz deb belgiladi. 2026 yil uchun prognoz 2,5 foizgacha tushirildi. Shu bilan birga, BMT Markaziy Osiyo davlatlarida talabning faolligi va investitsiyalar tufayli yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qolishini kutyapti.
Foto: Reuters
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Jahon iqtisodiy holati va prognozlari hisobotini e’lon qildi. Unda aytilishicha, global iqtisodiyot xavfli burilish nuqtasiga kelib qolgan. Kuchayib borayotgan savdo tarangliklari va siyosiy noaniqliklar tufayli, ayniqsa AQSh tomonidan joriy etilgan yangi tariflar sababli ishlab chiqarish xarajatlarining keskin oshishi, global ta’minot zanjirlarining izdan chiqishi va moliyaviy bozorlarning beqarorlashuvi xavfi yuzaga kelmoqda.
Savdo va iqtisodiy siyosat borasidagi noaniqlik, geosiyosiy beqarorlik bilan birgalikda, korxonalarni muhim investitsion qarorlarni kechiktirishga yoki qisqartirishga undamoqda.
Bu esa allaqachon mavjud bo‘lgan yuqori darajadagi qarzdorlik va sust mahsuldorlik kabi muammolarni yanada chuqurlashtirib, global iqtisodiy o‘sish istiqbollarini zaiflashtiryapti.
Iqtisodiy o‘sish pasayadi
Jahon yalpi ichki mahsuloti (YaIM) o‘sishi 2025 yilda atigi 2,4 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Bu – 2024 yildagi 2,9 foizlik ko‘rsatkichdan, shuningdek, 2025 yil yanvardagi prognozdan 0,4 foiz bandga past.
Global o‘sishning sekinlashuvi, inflatsiya bosimi yuqoriligi va savdo-sotiqdagi muammolar, xususan, savdo o‘sishining 2024 yildagi 3,3 foizdan 2025 yilda 1,6 foizga tushishi kutilayotgani — Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jiddiy xavf ostiga qo‘ymoqda.
O‘sish istiqbollarining keng ko‘lamda yomonlashuvi
Bu sekinlashuv rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarni birdek qamrab olmoqda.
AQShda iqtisodiy o‘sish keskin sekinlashib, 2024 yildagi 2,8 foizdan 2025 yilda 1,6 foizgacha pasayishi kutilyapti. Bunda yuqori tariflar va siyosiy noaniqlik xususiy investitsiyalar va iste’molga o‘tkazayotgan bosim asosiy omil bo‘ladi.
Yevropa Ittifoqida esa YaIM o‘sishi 2025 yilda 1 foiz atrofida saqlanib qoladi – bu eksportning sustligi va savdo to‘siqlarining ortishi sababli, 2024 yil darajasidan farq qilmaydi.
Xitoyda esa iste’molchilarning ishonchsizligi, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishdagi uzilishlar va ko‘chmas mulk sektoridagi davom etayotgan muammolar fonida o‘sish 4,6 foizgacha pasayadi.
Braziliya, Meksika va Janubiy Afrika kabi bir qancha yirik rivojlanayotgan mamlakatlar ham susaygan savdo-sotiq, kamaygan investitsiyalar va tovar narxlarining tushib ketishi sababli o‘sish prognozlarini pasaytirmoqda.
Hindistonning o‘sish prognozi 2025 yil uchun 6,3 foizgacha qayta ko‘rib chiqilib, kutilmalar pasaygan. Shunga qaramay, Hindiston hanuz eng tez rivojlanayotgan yirik iqtisodiyotlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Rivojlanayotgan davlatlarga zarba
“Tariflar bilan bog‘liq zarbalar sust rivojlanayotgan mamlakatlarga qattiq ta’sir qilishi, ularning o‘sishini sekinlashtirishi, eksport daromadlarini qisqartirishi va qarz bilan bog‘liq muammolarni chuqurlashtirishi mumkin.
Ayniqsa, bu davlatlar barqaror rivojlanish yo‘lida zarur bo‘lgan uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qilishga qiynalayotgan bir vaqtda”, dedi BMT Bosh kotibining iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Li Junhua.
MDH davlatlari uchun prognoz
2024 yilda kutilganidan kuchliroq o‘sish kuzatilganidan so‘ng Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mintaqasida 2025 yilda iqtisodiy o‘sishning keskin sekinlashishi bashorat qilinyapti.
2024 yilda 4,5 foizga oshgan MDH va Gruziya umumiy yalpi ichki mahsuloti (YaIM) 2025 yilda atigi 2,5 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.
Bu sekinlashuv Rossiya Federatsiyasida o‘sish sur’atlarining pasayishi va MDHning boshqa davlatlari uchun Rossiya iqtisodiyoti bilan vositachilik savdosining kamayishi bilan izohlanadi.
Mintaqaning iqtisodiy istiqboli bir nechta omillarga bog‘liq: Ukraina urushiga yechim topilishi, Rossiyaga nisbatan sanksiyalar rejimining o‘zgarishi, energiya va xomashyo narxlari dinamikasi hamda Xitoy kabi yirik iqtisodiyotlarda yuz berayotgan voqealar.
Rossiya iqtisodiyoti 2025 yilda atigi 1,5 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bunga ishchi kuchi tanqisligi va qat’iy pul-kredit siyosati salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Neft narxlarining pasayishi mintaqadagi energiya eksport qiluvchi mamlakatlar uchun salbiy oqibatlar yaratadi, davlat budjeti xarajatlarini xavf ostiga qo‘yadi.
Ukrainaning iqtisodiy istiqboli esa asosan harbiy vaziyatga, Qora dengiz koridori faoliyatiga va xalqaro moliyaviy yordam oqimlariga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Urushdan keyingi tiklanish uchun zarur bo‘lgan mablag‘ miqdori qayta baholanib, 524 milliard dollarga yetgani aytilmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari esa kuchli iste’mol va investitsiya tufayli yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolishi mumkin.
Inflatsiya xavflari saqlanib qolmoqda
Global asosiy inflatsiya 2023 yildagi 5,7 foizdan 2024 yilda 4 foizgacha pasaygan bo‘lsa-da, ko‘plab mamlakatlarda narx bosimi hanuz yuqori darajada qolmoqda. 2025 yil boshida mamlakatlarning uchdan ikki qismida inflatsiya pandemiyadan oldingi ko‘rsatkichlardan yuqori bo‘lib, 20 dan ortiq rivojlanayotgan mamlakatlarda ikki xonali inflatsiya qayd etilgan.
Oziq-ovqat inflatsiyasi o‘rtacha 6 foizdan yuqori bo‘lib, ayniqsa Afrikada, Janubiy va G‘arbiy Osiyoda kam daromadli aholiga eng ko‘p zarar yetkazmoqda.
Savdo to‘siqlarining kuchayishi va iqlim inqirozi inflyatsion xavflarni yanada kuchaytirib, narx barqarorligini saqlash va eng zaif qatlamlarni himoya qilish uchun aniq pul-kredit siyosati, mo‘ljallangan fiskal yordam va uzoq muddatli strategiyalarni uyg‘unlashtirish zaruratini ta’kidlamoqda.
Yechim – ko‘p tomonlama hamkorlik
Ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar uchun bunday og‘ir iqtisodiy manzara ish o‘rinlari yaratish, qashshoqlikni kamaytirish va tengsizlikni yengish istiqbollarini xavf ostiga qo‘ymoqda.
Eng kam rivojlangan davlatlarda o‘sish 2024 yildagi 4,5 foizdan 2025 yilda 4,1 foizgacha pasayishi kutilmoqda. Eksport daromadlarining qisqarishi, moliyaviy shartlarning keskinlashuvi va rasmiy yordam oqimlarining kamayishi budjet imkoniyatlarini yanada siqib, qarz inqirozi xavfini kuchaytiradi.
Kuchayib borayotgan savdo ziddiyatlari ko‘p tomonlama savdo tizimiga ham bosim o‘tkazib, kichik va zaif iqtisodiyotlarni tobora ko‘proq global maydonlardan chetlashtirmoqda.
Ushbu muammolarni hal qilish uchun ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash muhim. Qoidaga asoslangan savdo tizimini qayta jonlantirish va zaif davlatlarga mo‘ljallangan yordam ko‘rsatish – inklyuziv va barqaror rivojlanishni ta’minlashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.