«Humans bizning mobil tarmoqdan foydalanib daromad topsa-da, xarajatlarini to‘lamayapti» - «O‘zbektelekom»
Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news

Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news
«O‘zbektelekom» kompaniyasi «bozordagi monopol mavqeyidan foydalanayotgani» haqidagi Humans'ning da’volarini rad etdi. Ma’lum qilinishicha, Humans uzoq muddat davomida ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha katta miqdorda qarzdorlikni to‘lamasdan kelgan. O‘zbekiston ustidan xalqaro arbitrajga shikoyat qilgan Humans'ning UPay bilan bog‘liq da’volariga esa Markaziy bank izoh berdi.
Foto: Raqamlashtirish vazirligi
Humans kompaniyasining Singapurdagi ta’sischisi O‘zbekiston hukumati ustidan xalqaro arbitrajga murojaat qilgani ortidan, kompaniya tomonidan ayblanayotgan “O‘zbektelekom” kompaniyasi va O‘zbekiston Markaziy banki ayblovlarni rad etdi.
Kun.uz avvalroq xabar berganidek, Humans “O‘zbektelekom” kompaniyasi ustidan Raqobat qo‘mitasiga ham shikoyat qilgan.
“O‘zbektelekom” bayonotida aytilishicha, Humans virtual operatori o‘z tarmog‘ini yaratishga investitsiya kiritmagani sababli mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatishda 2020 yildan buyon shartnoma asosida “O‘zbektelekom” mobil tarmog‘idan foydalanib kelgan.
«Humans» MChJ virtual operatori «O‘zbektelekom» AK mobil tarmog‘idan foydalanib daromad topsa-da, xarajatlarini to‘lashni ortga surib kelmoqda», – deyiladi rasmiy axborotda.
«O‘zbektelekom” bozordagi ustun (monopol) mavqeyidan foydalanib bosim o‘tkazayotgani haqidagi xabarlarni noxolis deb atadi.
«Aslida, Humans o‘z infrastrukturasiga ega «O‘zbektelekom» AKdan tashqari Ucell, Beeline, Mobiuz kabi boshqa mobil operatorlar bilan ham shartnoma asosida xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin, qonunchilikda faqat «O‘zbektelekom» AK bilan mobil infrastrukturadan foydalanish kerak deb hech joyda belgilanmagan.
«O‘zbektelekom» AK O‘zbekistonda internet xizmatlarini arzonlashtirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirmoqda. Natijada xalqaro internet kanallarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati kengaytirilishi hisobiga, operator va provayderlar uchun 1 Mbit/s internet narxi 2017–2024 yillarda 40 barobarga arzonlashtirildi», deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, Humans uzoq muddat davomida “O‘zbektelekom» bilan shartnoma majburiyatlarini tizimli ravishda buzib kelgan, ya’ni ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha katta miqdorda qarzdorlikni to‘lamasdan kelgan.
«O‘zbektelekom” AK faqat iste’molchilar huquqi buzilmasin, ular Humans bo‘ladimi, boshqa operatormi, iste’molchi to‘lagan puliga yarasha xizmat olsin deb, o‘z xizmatini davom ettirgan», – deya qayd etgan kompaniya.
“O‘zbektelekom” bu qarzdorlikni undirish bo‘yicha Toshkent shahar iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritgan bo‘lib, 8 may kuni bu borada sud qarori qabul qilingan.
«O‘zbektelekom» bozordagi istalgan ishtirokchi, jumladan Humans kompaniyasi bilan, ular o‘z majburiyatlarini vijdonan bajargan taqdirda, konstruktiv muloqotga ochiqligini qo‘shimcha qildi.
Bayonotda qarzdorlik summasi va boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan. Ma’lumot uchun, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, 2024 yil 27 mart sanasi qo‘yilgan xatda «O‘zbektelekom» Humans'dan 532 mlrd so‘m qarzdorlikni to‘lashni talab qilayotgani ko‘rsatilgan.
4 iyun kuni O‘zbekiston Markaziy banki ham bayonot berib, «Humans» MChJning Singapurdagi ta’sischisi – Humans Mobile Pte Ltd kompaniyasi bilan xalqaro arbitraj jarayoni boshlanganini tasdiqladi.
Qayd etilishicha, da’vogarning arizasi Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markaz (ICSID) ish yurituviga qabul qilingan va hozirda arbitraj nizosi mazmunan ko‘rib chiqishga tayyorlash bosqichida turibdi. Markaziy bank ushbu arbitraj jarayonlaridan qo‘shimcha tafsilotlar berib borishini ma’lum qildi.
Regulyatorning izohiga ko‘ra, Humans bilan affillangan “Maroqand” AJ (UPay) to‘lov tashkilotining faoliyati cheklab qo‘yilishi – tashkilot tomonidan fuqarolarning pullari qimor o‘yinlar uchun o‘tkazilgani bilan bog‘liq. Bu to‘lov tashkilotining ayrim to‘lov xizmatlarini amalga oshirishi 2024 yil 25 sentabrdan boshlab olti oyga cheklangan va to‘lov tashkiloti faoliyatida aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.