Rustam Azimov: “Kichik va o‘rta biznesga ko‘mak beradigan qadamlar dolzarb bo‘lib turibdi”
Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news

Iqtisodiy yangiliklar, Иқтисодий янгиликлар, Экономические новости, Economic news
O‘zbekistonda har yili 650-750 ming yoshlar mehnat bozoriga kirib kelyapti, ularning bandligini ta’minlash uchun kichik va o‘rta biznesga ko‘proq qo‘llab-quvvatlov kerak, deb hisoblaydi “O‘zbekinvest” kompaniyasi raisi Rustam Azimov.
Foto: Shuhrat Latipov / Gazeta
Sobiq moliya vaziri bu haqda Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Gazeta muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tdi.
“Fiskal siyosatga kelganda, mening fikrimcha, kichik va o‘rta biznesga biz yana ko‘proq imtiyozlar yaratishimiz kerak. Chunki bugun ham notiqlar aytdi, har yili bir million bola tug‘ilyapti. Bu har yili kamida 650−750 ming odam mehnat bozoriga chiqyapti degani. Lekin [bularni ish bilan ta’minlaydigan] katta korxona yo‘q. Ular o‘zini mehnat faoliyatini kichik va o‘rta biznesda amalga oshiradi. Ularga yana va yana imkoniyatlar, ko‘mak beradigan qadamlar hozircha dolzarb bo‘lib turibdi”, – dedi u.
Rustam Azimov oxirgi yillarda budjet defitsiti kutilganidan yuqoriroq bo‘layotgani, har gal xarajatlar ko‘pligi uchun to‘lgan limit qayta ko‘rib chiqilgani haqidagi savolga ham javob bergan.
“Bir tarafdan 5,5−6 foiz defitsit baland. Lekin bu taqchillik nimani hisobidan bo‘lgan? Chunki bizda infratuzilma yo‘llar, elektr tarmoqlari, kommunal tarmoqlari, transport vositalari eskirgan. Ularning yangilamasa bizda iqtisodiyot rivojlanmaydi. Shuning uchun hukumatimiz xorijdan ko‘proq kreditlar jalb qilib, bu masalani yechishga majbur. Agar bu masala yechilmasa, iqtisodiyotni jadal rivojlanishini ta’minlash juda qiyin bo‘ladi”, – dedi Azimov.
Rustam Azimov fiskal siyosatda katta o‘zgarishlar bo‘lgani, jismoniy shaxslar uchun daromad solig‘i 24 foizdan 12 foizga pasaytirilgani, QQS 20 foizdan 12 foizga pasaytirilganini qayd etdi.
“Aytishim mumkinki, [daromad solig‘i va QQS kamaytirilgani] budjet uchun juda ko‘p yo‘qotishlar bo‘lgan. Lekin aholi va iqtisodiyot uchun juda katta dalda bo‘lgan. Bitta qonun bor, siz soliq yukini pasaytirsangiz, albatta, o‘shanda soliq to‘lovchilar ko‘payadi, ular soyadan tashqariga chiqadi. Omadimiz shuki, xorijiy bozorlarda, avvalambor, oltin narxi va bizning boshqa asosiy xomashyo mahsulotlarimiz narxlari baland”, – deya qayd etdi u.
“Lekin shu lahzadan foydalanib ishlab chiqarish sohalarini rivojlantirish kerak. Ular nima uchun bizga kerak? Birinchidan, ish joylari ko‘payadi, ikkinchidan, eksport salohiyati oshadi, uchinchidan, import qaramlik pasayadi, to‘rtinchidan, budjet qo‘shimcha daromadlar topadi. O‘sha daromadlar hisobiga budjet taqchilligi kamayadi”, – deydi Rustam Azimov.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabrida hukumat budjet qonunidan tashqari 10 trln so‘m xarajat qilgani oydinlashgan, o‘shanda deputatlar bu xarajatlarni atigi 9 daqiqa ichida qonunga kiritib bergandi. Bunda, bolalar nafaqalari va moddiy yordamlar miqdori 2 trillion so‘mga kamaytirilgandi.