softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

Isroil armiyasi Eron harbiy va yadroviy obektlariga keng ko‘lamli hujum boshladi - Tafsilotlar

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Isroil armiyasi Eron harbiy va yadroviy obektlariga keng ko‘lamli hujum boshladi - Tafsilotlar

Batafsil o'qish:

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu nishoni «yadro obektlari va yuqori lavozimli rasmiylar, olimlar» bo‘lgan harbiy operatsiya «zarurat bo‘lganicha davom etishini» aytdi. OAV xabariga ko‘ra, Eron qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i va muhofizlar korpusi bosh qo‘mondoni, shuningdek bir qancha olimlar o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin. AQSh ushbu hujumlarda «ishtirok etmaganini» bildirdi. Isroil javob hujumini kutmoqda.

Juma kuni ertalab Isroil armiyasi «Rising Lion» operatsiyasi doirasida Eron harbiy va yadroviy obektlariga keng ko‘lamli hujum boshlaganini e’lon qildi. Ushbu hujumlar AQSh prezidenti Donald Tramp Tehron bilan diplomatik muzokaralarga sodiqligini bildirganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi.

Eronning Natsanz, Xondob shaharlari va Tehron atrofida kuchli portlashlar kuzatildi. Eron havo hududi yopildi, Tehron aeroporti faoliyati to‘xtatildi. Tehron aholisi katta portlashlarni eshitganini aytmoqda, davlat televideniyesi esa binolardan tutun va olov ko‘tarilayotgan videolarni efirga uzatdi. Eron rasmiysi Isroil samolyotlariga qarshi Eron qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarilganini bildirdi.

Isroil rasmiylari bu hujumni Eronning yadroviy bomba yaratishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun «oldindan ogohlantiruvchi zarba» deb atadi. Isroil armiyasi hujumlar uzoq masofali raketa dasturi va yadro infratuzilmasiga qaratilganini aytdi.

Isroil zarbalari yadro obektlari, havo mudofaa tizimlari, yuqori lavozimli rasmiylar uylari va shtablari, qurol omborlari va laboratoriyalarni nishonga oldi. Birinchi to‘lqin aynan yuqori lavozimli shaxslarni nishonga olgan.

Isroil hujumining dastlabki baholariga ko‘ra, Eron qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i general mayor Muhammad Boqiriy, muhofizlar korpusi bosh qo‘mondoni general Husseyn Salamiy va uning bir qancha qo‘mondonlari, shuningdek, yadro dasturida ishlayotgan yetakchi olimlar Fereydun Abbosiy va Mahdiy Tehranchiy o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin.

Netanyaxu ertalabki videomurojaatida bu hujumni Isroil xavfsizligi uchun zarur deb atab, «necha kun kerak bo‘lsa, shuncha davom etishini», bildirdi. Uning aytishicha, Isroil «Natanzdagi yadro boyitish markazi, ballistik raketa infratuzilmasi va yadro olimlari»ni nishonga olgan.

Ushbu zarbalardan so‘ng, isroilliklar butun mamlakat bo‘ylab jamoat boshpanalari va mustahkam joylarga o‘tmoqda. Mudofaa vazirligi milliy favqulodda holat e’lon qildi va Eronning raketa va dron hujumlariga tayyor bo‘lishga chaqirdi. Tel-Avivdagi Isroilning eng yirik tibbiy markazlaridan biri yer osti favqulodda shifoxonasini ochib, bo‘limlarni ko‘chira boshladi. AQShning Quddusdagi elchixonasi barcha hukumat xodimlari va ularning oilalariga joylarida qolish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Eron fuqaro aviatsiyasi agentligi bayonotiga ko‘ra, mamlakat havo hududi keyingi ogohlantiruvga qadar yopilgan.

Oq uy prezident Trampning juma kuniga mo‘ljallangan jadvalida AQSh Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishi belgilanganini ma’lum qildi. Hozircha, hujumdan so‘ng Tramp bayonot bermadi. Oq uy Isroilga Eron javob zarbasiga qarshi harbiy yordam beradimi yoki yo‘q, degan savollarga ham ochiq qolgan.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio ushbu holat yuzasidan bayonot berib, hujumlarda AQSh ishtirok etmaganini bildirdi.

«Tungi hujumda Isroil mustaqil harakat qildi. AQSh bu hujumlarga aloqasi yo‘q va asosiy ustuvorligimiz bu mintaqadagi amerikalik harbiylarni himoya qilishdir», degan AQSh bosh diplomati. Shuningdek, Rubioni Eronni AQSh manfaatlari yoki xodimlariga hujum qilmaslik haqida ogohlantirdi.

Bir necha kun oldin AQSh Yaqin sharqdagi diplomatik vakolatxonalari va harbiy bazalaridan ayrim xodimlarini, jumladan oilalarni, evakuatsiya qilishni boshlagan edi.