Isroil Eronga hujum boshladi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Yadroviy obektlar va raketa bazalari bombardimon qilingan. Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni o‘ldirilgan.
Vahid Salemi / AP / Scanpix / LETA
13 iyunga o‘tar kechasi, mahalliy vaqt bilan soat tungi uch atrofida Isroil Eronga hujum boshladi. Isroil harbiy-havo kuchlari Natanz va Fordodagi uranni boyitish korxonalari, Kirmonshoh va Xurramoboddagi raketa bazalari, shuningdek, Tehron, Isfaxon, Tabriz va Eronning boshqa yirik shaharlariga zarbalar berdi.
Hujum nishonlari Eron qurolli kuchlari va Islom inqilobi muhofizlari korpusi rahbariyati, shuningdek, yadro dasturi ustida ishlayotgan olimlar bo‘lgan. Shuningdek, islom respublikasi diniy rahbariyatining ko‘plab vakillari yashaydigan Qum shahriga ham zarbalar berildi.
IRNA davlat axborot agentligi Isroil zarbalari oqibatida Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Husayn Salomiy, Eron qurolli kuchlari birlashgan shtab bosh qo‘mondoni – general Muhammad Bag‘iriy va Eron qurolli kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari – general G‘ulom Ali Rashid ham halok bo‘lganini xabar qilgan.
Shuningdek, yadro sohadsidagi olti nafar fizik, jumladan, Eron atom energetikasi tashkilotining sobiq rahbari Fariddun Abbosiy ham o‘ldirilgan.
Isroil mudofaa kuchlari vakili Efi Defrinning aytishicha, bu Eron «yadro quroliga ega bo‘lishga har qachongidan ham yaqinlashgani» bilan bog‘liq ogohlantiruvchi hujumdir. «Isroil davlati Isroil davlatini yo‘q qilishni maqsad qilgan rejimga ommaviy qirg‘in quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi», – deya ta’kidladi u.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu isroilliklarga ibroniy tilida, amerikaliklarga esa ingliz tilida murojaat yo‘lladi. U Eronga qarshi operatsiya «Sherdek xalq» deb nomlanganini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron to‘qqizta atom bombasi uchun uran to‘plagan va uch yil ichida o‘n mingta ballistik raketa ishlab chiqarmoqchi.
Ingliz tilidagi murojaatida Netanyahu Eron rasmiylari ritorikasida Isroil faqat «kichik shayton», «katta shayton» esa AQSh ekanini alohida ta’kidladi.
Hozircha Eron tomonidan javob choralari ko‘rilgani haqida ma’lumot berilmagan.
Isroilda favqulodda holat e’lon qilindi. Maktablar, bog‘chalar, universitetlar va hayotiy muhim korxonalardan tashqari barcha korxonalar ishlamayapti. Mamlakat havo hududi yopiq. Eron ham o‘z havo hududini yopgan.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio Isroil Eronga hujumni «bir tomonlama» amalga oshirganini aytdi. Bir kun avval Davlat departamenti Yaqin Sharqdagi amerikaliklarni o‘ta ehtiyotkor bo‘lishga chaqirgan edi. Asosiy bo‘lmagan xodimlarga mintaqadagi Amerika elchixonalari va harbiy bazalarini tark etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgandi.
2024 yilda Eron Isroilga ikki marta yirik raketa zarbalari bergandi: 14 aprelga o‘tar kechasi va 1 oktyabr oqshomida. Birinchisi Isroilning Damashqqa bergan zarbasiga javob bo‘lgandi, natijada Islom inqilobi muhofizlari korpusining bir qancha yuqori martabali zobitlari, jumladan, «Al-Quds» bo‘linmasi qo‘mondoni halok bo‘lgandi. Ushbu bo‘linma Isroilga qarshi kurashayotgan Eron proksilari – Yaqin Sharqdagi eronparast guruhlar tarmog‘ini nazorat qiladi. Eronning ikkinchi zarbasi Tehronda Hamas yetakchisi Ismoil Haniya va Bayrutda «Hizbulloh» (Eronning eng yirik proksilari) yetakchisi Hasan Nasrullohning o‘ldirilishiga javob bo‘lgandi.
15 iyun, yakshanba kuni O‘monda AQSh va Eron o‘rtasida Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarning navbatdagi raundi bo‘lib o‘tishi kerak edi. Kelishuvga erishishga uranni boyitish masalasi to‘siq bo‘lmoqda. AQSh tomoni Eron o‘z atom energetikasini faqat import qilingan boyitilgan uran asosida rivojlantirishi mumkinligini aytib keladi. Eron esa o‘z hududida uranni boyitish uning suveren huquqi ekanini ta’kidlaydi.