softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

Eron yadroviy obektlariga hujum boshlagan Isroil, Hindistonda dahshatli aviahalokat va Xitoy bilan kelishgan Tramp – kun dayjesti

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Eron yadroviy obektlariga hujum boshlagan Isroil, Hindistonda dahshatli aviahalokat va Xitoy bilan kelishgan Tramp – kun dayjesti

Batafsil o'qish:

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil Eron yadroviy obektlariga hujum boshladi

Juma kuni ertalab Isroil armiyasi «Rising Lion» operatsiyasi doirasida Eron harbiy va yadroviy obektlariga keng ko‘lamli hujum boshlaganini e’lon qildi.

Eronning Natsanz, Xondob shaharlari va Tehron atrofida kuchli portlashlar kuzatildi. Eron havo hududi yopildi, Tehron aeroporti faoliyati to‘xtatildi.

Isroil rasmiylari bu hujumni Eronning yadroviy bomba yaratishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun «oldindan ogohlantiruvchi zarba» deb atadi. Isroil armiyasi hujumlar uzoq masofali raketa dasturi va yadro infratuzilmasiga qaratilganini aytdi.

Isroil zarbalari yadro obektlari, havo mudofaa tizimlari, yuqori lavozimli rasmiylar uylari va shtablari, qurol omborlari va laboratoriyalarni nishonga oldi. Birinchi to‘lqin aynan yuqori lavozimli shaxslarni nishonga olgan. Dastlabki baholariga ko‘ra, Eron qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i general mayor Muhammad Boqiriy, muhofizlar korpusi bosh qo‘mondoni general Husseyn Salamiy va uning bir qancha qo‘mondonlari, shuningdek, yadro dasturida ishlayotgan yetakchi olimlar Fereydun Abbosiy va Mahdiy Tehranchiy o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin.

Netanyahu ertalabki videomurojaatida bu hujumni Isroil xavfsizligi uchun zarur deb atab, «necha kun kerak bo‘lsa, shuncha davom etishini», bildirdi. Uning aytishicha, Isroil «Natsanzdagi yadro boyitish markazi, ballistik raketa infratuzilmasi va yadro olimlari»ni nishonga olgan.

Ushbu zarbalardan so‘ng, isroilliklar butun mamlakat bo‘ylab jamoat boshpanalari va mustahkam joylarga o‘tmoqda. Mudofaa vazirligi milliy favqulodda holat e’lon qildi va Eronning raketa va dron hujumlariga tayyor bo‘lishga chaqirdi.

Oq uy prezident Trampning juma kuniga mo‘ljallangan jadvalida AQSh Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishi belgilanganini ma’lum qildi. Hozircha, hujumdan so‘ng Tramp bayonot bermadi. Oq uy Isroilga Eron javob zarbasiga qarshi harbiy yordam beradimi yoki yo‘q, degan savollar ham ochiq qolgan. AQSh Davlat kotibi Marko Rubio ushbu holat yuzasidan bayonot berib, hujumlarda AQSh ishtirok etmaganini bildirdi. Shuningdek, Rubioni Eronni AQSh manfaatlari yoki xodimlariga hujum qilmaslik haqida ogohlantirdi.

Hindistonda dahshatli aviahalokat

Hindiston g‘arbidagi Gujarot shtatida Ahmadobod shahri aeroportidan Londonga uchgan yo‘lovchi samolyot halokatga uchradi. Hodisa aeroportdan uzoq bo‘lmagan joyda ro‘y bergan. Flightradar servisi ma’lumotlariga ko‘ra, Air India aviakompaniyasining Boeing 787-8 Dreamliner samolyotidan so‘nggi signal mahalliy vaqt bilan soat 10:08 da – parvozdan ikki daqiqa o‘tib qabul qilingan.

Hindiston OAVlariga ko‘ra, samolyot ekipaji qariyb 200 metr balandlikda boshqaruvni yo‘qotib, shahardagi tibbiyot kolleji yotoqxonasiga qulab tushgan. Natijada samolyot ichidagi 125 ming litr reaktiv yonilg‘i portlab ketib, kuchli yong‘in yuzaga keldi.

Halokat haqidagi xabardan ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda avialayner parvozga chiqqan va qulashdan oldingi lahzalar aks etgan video paydo bo‘ldi. Hindiston fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi samolyot bortida 242 kishi bo‘lgani – shundan 230 nafari yo‘lovchilar, ikki nafari uchuvchi va yana 10 nafari bort kuzatuvchilar ekanini ma’lum qilgan.

Afsuski, voqea oqibatida 241 kishi samolyot ichida halok bo‘lgan, u qulab tushgan joyda esa 70 dan ortiq insonlar halok bo‘lgani aytilmoqda. Umumiy halok bo‘lganlar soni 300 dan ortib ketgan. Lekin mo‘jiza yuz berdi: qulagan samolyot ichidagi 11A o‘rindig‘ida joylashgan Britaniya fuqarosi Vishvash Kumar favqulodda eshikdan sakrab chiqib, yengil tan jarohatlari bilan omon qolgan.

Ayni vaqtda samolyotning qora qutilaridan biri topilgan. Hindiston Aviatsiya halokatlarini tekshirish byurosi Buyuk Britaniya va AQSh muassasalari bilan hamkorlikda tekshiruv olib bormoqda.

Bu halokat so‘nggi 30 yildagi Hindistondagi eng dahshatli aviahalokat sifatida qayd etildi. Shuningdek, bu holat — Boeing 787 Dreamliner samolyotining tarixdagi birinchi halokati hisoblanadi.

Rossiya ichki ishlar vaziri «foydasiz» migrantlarni chiqarib yuborishga chaqirdi

Biror joyda rasman ishlamaydigan yoki o‘qimaydigan, shuningdek, barmoq izini topshirmagan hamda rus tilini o‘rganmagan migrantlar Rossiyani tark etishi kerak. Bu haqda Rossiya IIV rahbari Vladimir Kolokolsev aytib o‘tdi. Uning murojaati videosi vazirlik rasmiy vakili Irina Volkning telegram-kanalida e’lon qilingan.

«Ko‘chalarda va turar joy sektorida noqonuniy kelayotgan migrantlar bo‘lmasligi kerak. Ishini yo‘qotganlar, OTMdan haydalganlar, daktiloskopiyadan o‘tmaganlar, til o‘rganmayotganlar, Rossiya jamiyatiga foyda keltirmayotganlar mamlakatimizni tark etishi kerak», – dedi Kolokolsev.

Ichki ishlar vazirligi rahbari «migrantlar o‘rtasidagi jinoyatchilikka qarshi tizimli kurashish», «oldini olish» uchun ishlashga chaqirgan. Kolokolsev ko‘rilgan choralarni «aybdorlar uchun jazo muqarrarligini ta’kidlagan holda» yoritish kerakligini ta’kidlagan.

Tramp: AQSh Xitoy bilan nodir metallar bo‘yicha shartnoma tuzdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy bilan savdo muzokaralaridagi o‘zgarish haqida e’lon qildi, xususan, Pekin dunyodagi eng yirik iqtisodiyotni «magnit va unga kerak bo‘lgan har qanday nodir yer elementlari» bilan ta’minlaydigan yangi shartnoma tuzilganini ta’kidladi.

Nodir tuproq elementlari turli yuqori texnologiyali sanoatning kalitidir va Xitoy ularning dunyodagi asosiy yetkazib beruvchisidir. Bu kelishuv ikki iqtisodiy kuch o‘rtasidagi savdo munosabatlaridagi keskinlikni kamaytirishga qaratilgan qadam bo‘lishi mumkin, deb yozadi AFP. Bitim Londondagi ikki kunlik muzokaralar natijasi bo‘lib, unda nodir tuproq elementlari eksporti asosiy mavzu edi. Trampning aytishicha, hali o‘zi va Xitoy rahbari Si Jinping tomonidan yakuniy tarzda tasdiqlanishi kerak bo‘lgan kelishuv xitoylik talabalarga AQSh kollejlarida o‘qishni davom ettirishga ruxsat beruvchi bandni o‘z ichiga oladi.

Vuchich Rossiyaning Ukrainadagi urushini qoralovchi bayonotga imzo chekmadi

AFP xabariga ko‘ra, Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzini qoralagan Ukraina - Janubi-Sharqiy Yevropa sammiti yakunlari bo‘yicha deklaratsiyani imzolamadi.

Hujjatni Ruminiya prezidenti Nikushor Dan, Moldova prezidenti Mayya Sandu, Bolgariya, Xorvatiya va Gretsiya bosh vazirlari, boshqa Bolqon davlatlari vakillari imzoladi. «Biz Rossiyaning Ukrainaga qarshi shafqatsiz bosqinchilik urushini keskin qoralaymiz», — deyiladi sammit ishtirokchilari bayonotida. Davlat rahbarlari «Ukrainani zarur bo‘lgan vaqtgacha to‘liq va doimiy qo‘llab-quvvatlash»ga sodiqligini tasdiqladi va barcha mamlakatlarni Rossiyaning «harbiy harakatlariga» yordam bermaslikka chaqirdi. Deklaratsiyada, shuningdek, qo‘shimcha sanksiyalar va Rossiya qo‘shinlarini olib chiqib ketish, Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zoligini qo‘llab-quvvatlash, maxsus tribunal tashkil etish talab etiladi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, «Rossiya qo‘shinlari va harbiy texnikasini butun Ukrainadan to‘liq olib chiqib ketish tinchlik uchun markaziy va muhokama etilmaydigan shartdir».

Qozog‘istonliklar Starlink internetiga ulanishi mumkin bo‘ladi

Qozog‘iston Raqamli rivojlanish vazirligi bilan SpaceX'ning Starlink kompaniyasi o‘rtasida respublikada sun’iy yo‘ldosh internetini ta’minlash bo‘yicha shartnoma imzolandi. Kelishuvga ko‘ra, 2025 yil uchinchi choragida sun’iy yo‘ldosh terminallarini rasmiy ravishda sotish boshlanadi, shundan so‘ng fuqarolar ularni qonuniy ravishda sotib olishi, foydalanishi va ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Starlink sun’iy yo‘ldosh internetiga ulanish foydalanuvchi uskunalari orqali amalga oshiriladi. Qayd qilinishicha, xizmat ko‘rsatish shartlari hali ham kelishib olinmoqda.

Bungacha Starlink Qozog‘istonda tajriba rejimida ishlagan, internetni faqat maktablarda taqdim etgan, rasman aholi uchun mavjud emas edi. Vazirlik Starlink tufayli qishloq maktablari, tibbiyot muassasalari, mobil guruhlar va infratuzilma obektlari, ayniqsa, optik tolali tarmoqlarni o‘rnatish iqtisodiy yoki texnik jihatdan qiyin bo‘lgan hududlarda yuqori sifatli aloqaga ega bo‘lishini kutmoqda.

Starlink — bu Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan global sun’iy yo‘ldosh tizimi bo‘lib, unga maxsus jihozlar orqali ulanish mumkin. Loyihani ishlab chiqish 2015 yilda boshlangan. Uning asosiy maqsadi foydalanuvchilarni Yerning istalgan nuqtasida yuqori tezlikdagi keng polosali Internetga ulanishini ta’minlashdan iborat.

Kompaniya rasmiy sayti ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tarmoq 2026 yilda O‘zbekistonda ham ishlashi kutilmoqda.