«Uyg‘ongan sher»: Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiyani boshladi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
2025 yil 13 iyun tongida Isroil armiyasi Eronning yadro va harbiy infratuzilmasiga qarshi “Uyg‘ongan sher” nomli harbiy amaliyotini boshladi. Tehron, Natsanz va Xondobdagi portlashlar Eron yadroviy dasturi va harbiy elitasiga yo‘naltirilgani bilan ajralib turdi. Isroil bu hujumni «oldini olish zarurati» deb atagan bo‘lsa, Eron qasos olishga va’da bermoqda.
Bugun tongda Isroil Eronga hujum qildi. Isroil armiyasi Rising lion “Uyg‘ongan sher” deb nomlangan keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qilib, Eronning yadroviy va harbiy infratuzilmasiga zarbalar yo‘lladi. Bu hujumlar faqat obektlarga emas, balki Eron harbiy va ilmiy elitasining markaziga qaratildi, deyish mumkin.
Qayerlarga hujum qilindi?
Juma kuni tongda Eronning Tehron, Natsanz va Xondob hududlarida kuchli portlashlar yuz berdi. Tehron aholisi katta portlash ovozlarini eshitdi, ko‘plab binolardan tutun va alangalar ko‘tarildi. Davlat televideniyesi ushbu portlashlardan keyingi holatni yoritib, Tehron atrofidagi olimlar shaharchasi va yadro inshootlari ustidan tutunlar chiqayotganini namoyish etdi.
Isroil armiyasi bu operatsiyani «Eronning yadroviy qurol ishlab chiqarish salohiyatini jilovlash uchun zarur oldindan ogohlantiruvchi hujum» deb atadi. Hujumlar Natsanzdagi yadro boyitish markazi, ballistik raketa infratuzilmasi, olimlar yashayotgan hududlar, qurol omborlari va harbiy laboratoriyalarga qaratilgan.
Katta figuralarga hujum
Tasnim axborot agentligi Eron yadro dasturida faoliyat yuritgan ikki yetakchi olim — Muhammad Mahdi Tehronchi va Faridun Abbosiy, shuningdek, Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Muhammad Bagiriy, Islom inqilobi qo‘riqchilar korpusi qo‘mondoni general Husseyn Salamiyning o‘limi haqida xabar berdi. Isroil hujumning birinchi to‘lqinida aynan yuqori darajadagi rahbariyatni yo‘q qilishga uringan ko‘rinadi.
“AQShning xabari yo‘q”
Donald Tramp rahbarligidagi Oq uy juma kungi jadvalda Milliy xavfsizlik kengashi yig‘ilishini belgiladi. Shunga qaramay Tramp hozircha hech qanday bayonot bermadi. AQSh Davlat kotibi Marko Rubio esa Isroilning ushbu operatsiyasida AQSh qatnashmaganini aniq aytdi.
«Tungi hujumda Isroil mustaqil harakat qildi. AQShning bu hujumlarga aloqasi yo‘q va asosiy ustuvorligimiz bu mintaqadagi amerikalik harbiylarni himoya qilishdir», degan AQSh bosh diplomati. Shuningdek, Rubioni Eronni AQSh manfaatlari yoki xodimlariga hujum qilmaslik haqida ogohlantirdi.
Biroq bir necha kun oldin AQSh Yaqin Sharqdagi elchixonalari va bazalardan xodimlar va ularning oilalarini evakuatsiya qilishni boshlagan edi. Bu esa Vashingtonning Isroil zarbalaridan oldindan xabardor bo‘lganini anglatadi.
Eron Isroilga javob beradimi?
Eron islom respublikasi mamlakat havo hududini yopdi. Oliy rahbar Oyatulloh Xomanaiy Eron bu jinoyatni javobsiz qoldirmasligini aytib, sionistik rejim harakatlarini qoralagan.
Eron islom qo‘riqchilar korpusi rahbariyatiga berilgan zarba va olimlarning yo‘q qilinishi Eron ichida javob harakatlariga siyosiy bosimni kuchaytirishi mumkin. To‘g‘ridan to‘g‘ri javob yoki proksi guruhlar orqali javob berilishi mumkin. Isroil Eronning javob zarbasiga tayyorgarlik ko‘rayotganining o‘zi vaziyat naqadar keskin ekanini bildiradi.
Isroilning bu zarbasi 15 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan AQSh-Eron muzokaralariga ham jiddiy ta’sir qilishi aniq. Agar Eron AQSh bilan muzokaralar yakunlashguncha Isroilga javob bersa, bu Netanyahuning yutug‘i, ikkinchi tomondan esa Isroil bu operatsiyani qachongacha davom ettirishini ham aniq aytmadi, axir Eron ham himoyalanishi kerak-ku, ko‘rib turganingizdek, Yaqin Sharq yana bir murakkab vaziyat bilan yuzma-yuz.
Mintaqadagi keskinlik sabab O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Eron atrofidagi vaziyat keskinlashishi va Eron hamda Isroilda raketa otishmalari kutilishi munosabati bilan fuqarolardan xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishni so‘radi.
Shuningdek, Eron havo hududining yopilishi munosabati bilan bir nechta reysToshkentdagi muqobil aerodromga yo‘naltirildi.
NormuhammadAli Abdurahmonov tayyorladi.