«Rosatom» Qozog‘istonda ham AES quradi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Yadro sanoatini rivojlantirish bo‘yicha idoralararo komissiya bir necha kompaniyalar orasida Rossiya kompaniyasining arizasini eng maqbul deb topdi.
Foto: gov.kz
Rossiyaning «Rosatom» kompaniyasi «eng maqbul va foydali» taklifi tufayli Qozog‘istonda birinchi atom elektr stansiyasini quradigan konsorsium yetakchisi sifatida tanlandi. Bu haqda respublika Atom energiyasi agentligi xabar berdi.
Ehtimoliy pudratchilar ro‘yxatiga «Rosatom»dan tashqari «China National Nuclear Corporation» (Xitoy), «Électricité de France» (Fransiya) va «Korea Hydro & Nuclear Power» (Janubiy Koreya) ham kirgan edi. Ularning takliflari yadro sanoatini rivojlantirish bo‘yicha idoralararo komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, Rossiya kompaniyasining arizasini eng maqbul deb atadi.
Komissiya «Rosatom» tomonidan taklif qilingan ehtimoliy xarajatlar va qurilish muddati haqida hech qanday ma’lumot bermadi.
2024 yil 6 oktyabrda Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish imkoniyati bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi, unda saylovchilarning 71,12 foizi bu g‘oyani qo‘llab-quvvatladi. AES Olmaota viloyatining Ulken qishlog‘idagi Balxash ko‘li bo‘yida qurilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq, «Rosatom» O‘zbekistonda kichik va katta quvvatli AES qurishi haqida xabar berilgan edi.