softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

Tramp tug‘ilgan kunida Vashingtonda harbiy parad o‘tkazdi. Mamlakat bo‘ylab ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Tramp tug‘ilgan kunida Vashingtonda harbiy parad o‘tkazdi. Mamlakat bo‘ylab ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda

Batafsil o'qish:

AQShda Tramp siyosatiga qarshi ommaviy noroziliklar bo‘lib o‘tmoqda. San-Fransiskoda namoyishchilar NO KING! yozuvini hosil qilib saf tortishdi.

Santiago Mejia / San Francisco Chronicle / AP / Scanpix / LETA

AQSh bo‘ylab minglab odamlar shanba kuni prezident Donald Tramp va uning Vashingtonda o‘tkazgan harbiy paradiga qarshi norozilik namoyishlariga qo‘shilish uchun ko‘chalarga chiqdi.

Namoyishlar «No Kings» («Qirollarga yo‘q») deb nomlangan tashabbuskor guruh tomonidan uyushtirilgan va bu kun Trampning o‘zi hamda uning ma’muriyati siyosatiga qarshi umummilliy norozilik kuni deb e’lon qilingan.

Nyu York, Filadelfiya, Hyuston va Amerikaning boshqa ko‘plab yirik shaharlarida mitinglar bo‘lib o‘tdi, unda mahalliy qonun chiqaruvchilar, kasaba uyushmalari rahbarlari va fuqarolik faollari Amerika bayroqlarini hilpiratib va Trampni tanqid qiluvchi plakatlarini ko‘targan holda nutq so‘zladi.

Shanba kungi parad rasman AQSh armiyasining 250 yilligiga bag‘ishlandi, shu bilan birga u 79 yoshga to‘lgan Trampning tug‘ilgan kuniga to‘g‘ri keldi.

AFP VIA GETTY IMAGES

Prezident harbiy parad vaqtida norozilik bildirishga uringan namoyishchilarni «juda katta kuch kutib olishi» haqida ogohlantirdi.

Ayrim siyosatchilar va sobiq harbiy rahbarlar AQSh armiyasini xavfli siyosiylashtirish deb hisoblagan paradni tanqid qilishdi.

Trampni tanqid qiluvchilar bu jarayonning yana bir ko‘rinishini Los-Anjyelesda sodir bo‘layotgan voqealar deb hisoblashadi, u yerga Tramp o‘ziga bo‘ysundirilgan Milliy gvardiya va hatto dengiz piyodalari korpusining fuqarolar bilan muomala qilishga o‘rgatilmagan qismlarini kiritgan.

Bundan oldin ICE immigratsiya xizmati tomonidan muhojirlarni qo‘lga olishga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgandi.

Namoyishlar asosan tinch o‘tdi, ammo ba’zilari ommaviy tartibsizliklarga aylanib, bir nechta mashinalarga o‘t qo‘yildi. Mahalliy rasmiylar vaziyatni o‘z kuchlari bilan nazorat qilishlarini va ularga na Milliy gvardiya, na federal qo‘shinlar kerakligini ta’kidlamoqda.

«Qirolga yo‘q»

«No Kings» tashabbuskor guruhi Tramp hech kimga hisob bermaydigan, qonunni mensimaydigan avtokrat sifatida hukmronlik qilishga intilmoqda deb hisoblaydi.

Prezident farmonlari, federal xizmatchilarning ommaviy ishdan bo‘shatilishi va muhojirlarning ommaviy deportatsiya qilinishi butun mamlakat bo‘ylab sudlarda Tramp ma’muriyatini AQSh Konstitutsiyasi yoki turli qonunlar va tartiblarni to‘g‘ridan to‘g‘ri buzganlikda ayblagan yuzlab da’volar ko‘rib chiqilishiga olib keldi.

Filadelfiyada shanba kuni odamlar Love Park bog‘ida yig‘ilishdi. «Men shunchaki demokratiyamizni himoya qilishimiz kerakligini his qilyapman», – deydi Associated Press bilan suhbatda 61 yoshli hamshira Karen Van Triyeste. U mitingdagi ishtirokini Trampning davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida o‘tkazgan qisqartirishlari bilan bog‘lagan.

Eng yirik namoyishlardan biri Los-Anjyelesda bo‘lib o‘tdi, u yerda rasmiylar va politsiya bir necha kunlik norozilik namoyishlari tufayli yuqori tayyorgarlik holatida edi.

Brown Berets inson huquqlari tashkiloti a’zosi Xose Azetkla Los-Anjyelesda BBC uchun bergan intervyusida aynan migratsiya siyosati uni ko‘chaga olib chiqqanini aytdi. «Bu shunchaki qattiqqo‘llik emas – bu yovuzlik. Oilani ajratib bo‘lmaydi», – dedi u.

San-Fransiskodagi namoyishchilar. 
Foto: Tayfun Coskun/Anadolu via Getty Images

Shanba kuni shtatning ikki qonun chiqaruvchisiga hujum uyushtirilgan, ulardan biri o‘ldirilgan va ikkinchisi jiddiy jarohatlangan Minnesotada oldindan rejalashtirilgan namoyishlar bekor qilindi. Gumonlanuvchining mashinasidan boshqa nishonlar ro‘yxati va Trampga qarshi namoyishlar o‘tkaziladigan joylar haqidagi varaqalar topilgan, deb xabar berdi CBS telekanali.

Tramp qayta saylanganidan keyin norozilik faolligining eng keng ko‘lamli o‘sishiga qaramay, ijtimoiy so‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, uning migratsiya siyosati hali ham aholi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.

O‘tgan hafta o‘tkazilgan CBS/YouGov so‘roviga ko‘ra, amerikaliklarning 54 foizi mamlakatda noqonuniy bo‘lgan muhojirlarni deportatsiya qilish siyosatini ma’qullaydi; 46 foizi qarshi chiqqan.

Kam uchrovchi parad

Vashingtonda mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da boshlangan harbiy paradda 6 mingdan ortiq harbiy xizmatchi, 150 ta texnika, 50 ta samolyot va vertolyot ishtirok etdi.

Trampning o‘zi parad Amerika qurolli kuchlarining yirik tarixiy g‘alabalardagi rolini eslatish va Amerika qudratini ulug‘lashga xizmat qilishini aytgan.

Biroq, tanqidchilar bu tadbirni (Pentagonning ta’kidlashicha, bu budjetga 45 million dollarga tushadi) shuhratparastlik yarmarkasi va soliq to‘lovchilarning pullarini behuda sarflash deb atashdi.

Ko‘pgina mamlakatlarda harbiy paradlar odatiy holdir – masalan, Fransiyada Bastiliya kunida yoki Rossiyada G‘alaba kunida, ammo AQShda bu juda kam uchraydi.

Bunday miqyosdagi so‘nggi parad 1991 yilda bo‘lib o‘tgan, o‘shanda Fors ko‘rfazidagi birinchi urushning tugashi munosabati bilan Vashington ko‘chalariga 8000 askar olib chiqilgan.

Paradning asosiy voqealaridan biri Vashington ko‘chalaridan tanklar va boshqa og‘ir texnikalar tishi bo‘ldi. Ular o‘tgan dam olish kunlari Texasdan taxminan 2500 kilometrlik yo‘lning katta qismida poyezdda olib kelingan.

Merilend shtatining Jyessap shahridagi CSX stansiyasida og‘ir texnika, jumladan, M1 Abrams tanklari, Bradley jangovar mashinalari va Paladin o‘ziyurar gaubitsalari yuk mashinalariga ortilgan hamda u yerdan Vashingtonga olib ketilgan.