Urush boshlandi, Netanyahu eronliklarni isyonga chorladi – hafta dayjesti
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Assalomu alaykum. Bugun 15 iyun, yakshanba. Ortda qolayotgan haftada notinch dunyomizda yana bir urush boshlandi. Odatda shunchaki ichki auditoriya uchun ikkitadan raketa otib qochadigan ikki davlat bu gal jiddiyroq urushga kirishdi. Isroil bosh vaziri eronliklarni isyonga chorladi, tez orada samolyotlarimiz Eron ustidan uchadi, deb maqtandi. Bir necha daqiqa vaqtingizni ayamasangiz, shu va haftaning boshqa muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.
Isroil – Eron urushi
Haftaning eng muhim voqeasi Isroil va Eron o‘rtasida urush boshlangani bo‘ldi. Avvaliga Isroil Erondagi yadrochi olimlar yashaydigan kvartalga, keyin Eron uranni boyitish obektlariga, harbiy rahbariyat vakillari yashaydigan manzillarga zarba yo‘lladi. Isroil zarbasi natijasida eronliklar generallar, xususan, islom mohofizlari korpusi qo‘mondoni Husayn Salomiy, 2020 yil o‘ldirilgan Qosim Sulaymoniy o‘rniga Al Quds brigadasi rahbariga aylangan Ismoil Kaani o‘ldirildi.
Keyin Eron Isroilga yuzlab ballistik raketalar uchirdi. Bu gal Eronning javobi jiddiy bo‘ldi. Tehron shunchalik ko‘p raketa uchirdiki, Isroil maqtanadigan Temir gumbaz havo hujumidan mudofaa tizimi bunga dots. berolmay birin-ketin raketalarni o‘tkazib yubordi. Tel-Avivda kamida 20 ta portlash sodir bo‘ldi. Raketalardan biri TSAHAL shtab kvartirasi joylashgan Kiriya hukumat kompleksiga borib urilgan.
Ma’lumot uchun, Eronda 1979 yil islom inqilobi amalga oshirilib Eron islom respublikasi tuzilgach, Tehron Isroilni yo‘q qilishni mamlakat mavjudligining asosiy mazmuni deb atab buni harbiy doktrinaga ham kiritgan. Mana shu 46 yildan buyon davom etayotgan dushmanlik tarixida ilk marta ikki davlat o‘zaro urush holatiga keldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Hindistonda aviahalokat
Hafta davomida Hindistonda ayanchli aviahalokat sodir bo‘ldi. Ahmadoboddan Londonga uchayotgan Air India aviokompaniyasiga tegishli Boeing 787-8 Dreamliner havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay odamlar uyi ustiga quladi. Uchoq yaqin atrofdagi aeroport uchish qo‘nish yo‘lagiga avariyaviy qo‘nishni amalga oshirmoqchi bo‘lgan, lekin u yergacha borolmay uylar ustiga qulagan. Samolyot ichidagi 241 kishi, shuningdek, yerda bo‘lgan odamlar halok bo‘ldi. Uchoq ichida bo‘lgan faqat bir yo‘lovchi omon qolgan.
Hozirda halokat sabablari aniqlanmoqda. Dreamliner Boeing chiqargan eng yaxshi samolyotlardan biri bo‘lib 2011 yilda tijoriy xizmat ko‘rsatishni boshlagan. O‘shandan buyon bunday samolyot ishtirokida biror marta aviahalokat sodir bo‘lmagandi.
Greta Tunberg G‘azoga borolmadi
Hafta boshida shvetsiyalik ekofaol Greta Tunberg va o‘nga yaqin Falastin tarafdorlari Italiyaning Sitsiliya shahridan kemada G‘azo tomon humanitar yuklar bilan yo‘lga chiqishdi. Ular oddiy kema bilan O‘rta Yer dengizidagi G‘azo blokadasini yorib o‘tmoqchi bo‘lishdi. Biroq kutilganidek Isroil harbiylari qizaloq va do‘stlari bo‘lgan kemani qo‘lga olishdi. Barcha faollar o‘z mamlakatdan deport qilindi. Xususan, Greta Tunberg ham samolyotda Fransiyaga uchirib yuborildi. Tunberg uzoq yillardan beri samolyotda uchmaydi va bu transport ekologiyaga zarar beradi deb hisoblaydi. Shunga qaramay isroilliklar shved qizni uning ixtiyoriga zid tarzda samolyotda uchirib yuborishdi.
Hafta iqtibosi
AQSh prezidentining Rossiya va Ukraina bo‘yicha maxsus vakili general Kit Kellog Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning harakatlarini AQShning 16-prezidenti Avraam Linkolnning harakatlariga o‘xshatdi.
«Linkoln o‘z millati tirik qolishi, milliy suverenitet uchun kurashdi. Bo‘layotgan voqealarni ko‘rarkansiz Ukraina jang maydonida to‘qnash kelayotgan muammolarni tushunishingiz kerak. Zelenskiy millati tirik qolishi uchun o‘z yerida jang qilmoqda. Xuddi Avraam Linkoln kabi», dedi Kellog.
Trampga qarshi namoyishlar
Ushbu haftada AQSh prezidenti Donald Tramp 79 yoshga to‘ldi. Shuningdek, AQSh armiyasi tashkil etilganining 250 yilligini nishonladi. Shu munosabat bilan Vashingtonda harbiy parad o‘tkazildi. Biroq Trampga bu parad tatimagan bo‘lsa kerak. Chunki shu kuni butun Amerikada respublikachi prezidentga qarshi namoyishlar o‘tkazishdi. Odamlar qirolga yo‘q deymiz deb hayqirishdi. Axir ko‘plab amerikaliklarga bunaqa harbiy parad o‘tkazib texnikalarni ko‘z-ko‘z qilish boshqa bir davlatni eslatib yubordi-da. Lekin amerikaliklar bunaqa harbiy kortejdan zavqlanib maqtanishga o‘rganishmagan, shu sabab Trampning ishi ularga yoqmadi.
Yetmaganiga AQSh eng mashhur shaharlaridan biri Los Anjyelesda ham Trampga, uning migratsiya siyosatiga qarshi namoyishlar to‘xtamadi. Tramp namoyishlarni bostirish uchun armiya zobitlarini tashlashgacha bordi. Namoyishchilar Amerika muhojirlar tomonidan tuzilgan davlat ekani, migrantlarga bunaqa munosabatda bo‘lish yaramasligini aytib norozilik bildirishdi.
«Qo‘zg‘aling, eronliklar», dedi Netanyahu...
Eronga qarshi urush boshlagan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ilk zarbalar fonida eronliklarga murojaat qildi. Netanyahuni ancha yillardan buyon kuzatadiganlar yaxshi bilishadi, u eronliklarga murojaat qilib men sizlar bilanman deyishni yaxshi ko‘radi.
Bu gal Netanyahu eronliklarni isyonga chorladi. «Men g‘ururli Eron xalqiga murojaat qilib aytmoqchimanki, tuzum hech qachon hozirgidek kuchsiz bo‘lmagan. Qo‘zg‘aling va ovozingizni eshitishlariga majbur qiling. Men sizlar bilan, Isroil xalqi sizlar bilan», dedi Netanyahu.
Moskva – Pxenyan poyezdi
Urush boshlanganidan buyon Rossiya fuqarolari uchun dunyoning ko‘plab davlatlariga, ayniqsa ular yoqtiradigan Yevropaga borish taqiqlandi. Hukumat bunday paytda sayohatchi rossiyaliklar uchun yangi marshrutlar topishga harakat qilmoqda. Masalan, Shimoliy Koreya. Besh yillik to‘xtatilishdan keyin Moskva - Pxenyan poyezd qatnovi yana qayta tiklanishi e’lon qilindi. 17 iyundan boshlab endi oyda ikki marta Rossiya poytaxtidan Shimoliy Koreya poytaxtiga reys amalga oshiriladi. Chiptalar faqat temiryo‘l kassalarida sotiladi.
Ma’lumot uchun, bu dunyodagi eng uzun to‘g‘ridan-to‘g‘ri poyezd marshruti hisoblanadi. Ikki shahar o‘rtasidagi masofa 10 ming kmdan ortiq bo‘lib yo‘lga 8 kun vaqt sarflanadi. Poyezd orada 11 ta shaharga to‘xtab o‘tadi. Shimoliy Koreyada rossiyalik sayyohlar uchun butun boshli plyaj majmuasi qurib qo‘yilgan. Shu yozda ochilishi kerak bo‘lgan 150 ta binoni o‘z ichiga olgan hudud dunyodagi eng katta plyaj zonaga aylanadi. Ana shunaqa gaplar, Ibitsa, Italiya yoki Yunoniston plyajlari bo‘lmasa, Shimoliy Koreya plyajlari bor. O‘sha-o‘sha dengiz, o‘sha-o‘sha qum.
Bizda hozircha shular. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan kelasi yakshanbada ko‘rishguncha.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov