Zarbalar almashishda davom etayotgan Eron va Isroil, Ukrainani o‘qqa tutishni kuchaytirgan Rossiya va Trampning harbiy paradi – kun dayjesti
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Eron va Isroil zarbalar almashishda davom etmoqda
Isroil dushanba kuni ertalab Eronga qarshi yangi hujum to‘lqinini boshladi. Bu haqda New York Times nashri xabar bermoqda.
Isroil harbiylari dushanba tongida bergan bayonotda markaziy Erondagi raketa uchirish maydonlariga zarba berayotganini bildirdi va isroilliklarni boshpanalarga yaqin joyda qolishga chaqirdi. Bu esa Eron tomonidan kutilayotgan hujum haqida ogohlantiruvchi belgi hisoblanadi.
Isroil Mudofaa Armiyasi (IDF)ning ma’lum qilishicha, mamlakat harbiy-havo kuchlari Eron markaziy hududidagi «yer-yer» turidagi raketa uchirish qurilmalariga zarbalar bera boshlagan.
Isroil qiruvchi samolyotlari Tehrondagi Shahron neft saqlash bazasiga hamda Eron mudofaa vazirligi binosiga aviazarbalar yo‘llagan. Hujum nishoni mudofaa vazirligi shtab-kvartirasi bo‘lgan. Tasnim agentligi muxbirining ma’lum qilishicha, vazirlikning ofis binolaridan biriga biroz zarar yetgan.
Shuningdek, TsAXAL bayonotiga ko‘ra, Isroil harbiylari Eron tomonidan uchirilgan 100 dan ortiq dronni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan. Isroil armiyasining Ichki Mudofaa Qo‘mitasi (Home Front Command) dushanba kuni erta tongda yana bir bor aholini boshpanalarda qolishga chaqirdi. Bu ehtimoliy Eron hujumi arafasida sodir bo‘lgan.
O‘z navbatida, Eron Islom muhofizlari korpusi Isroilning razvedka markazlariga zarba berganini e’lon qildi. Eron davlat televideniyesi 100 dan ortiq raketa (ularning turiga aniqlik kiritilmagan), shuningdek, dronlar uchirilganini ma’lum qildi. Tel-Aviv va Hayfa shaharlari asosiy nishonlar bo‘ldi. Xayfada raketa belgilangan nishonga kelib urilgan.
Bundan tashqari, Isroilning «Rafael» qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchi kompaniyasiga qarashli zavod ham Eron tomonidan nishonga olingan.
Bu hujumlar yakshanba kuni Eron va Isroil bo‘ylab ko‘plab joylarga uyushtirilgan aviazarbalardan so‘ng amalga oshirildi. OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Tehrondan chiqadigan yo‘llar yakshanba kuni tirband bo‘lgan. Aholi yonilg‘i quyish shoxobchalarida navbatlar yuzaga kelgani va ba’zilar chamadon ko‘tarib, taksi to‘xtatishga uringanini aytmoqda.
Eron sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Hossein Kermanpour ijtimoiy tarmoqlarda yozishicha, juma kunidan beri Isroilning hujumlari oqibatida 224 kishi halok bo‘lgan, yana 1 277 kishi yaralangan. U Isroilning harbiy obektlarni nishonga olyapmiz, degan da’volarini rad etdi va jabrlanganlarning aksariyati oddiy fuqarolar ekanini ta’kidlamoqda.
Tehron shimolidagi bir necha tuman aholisi ularning ichimlik suvi uzib qo‘yilgani, aholi hayotiy xizmatlar izdan chiqayotganidan xavotirda ekanini bildirgan. Shanba kuni Isroil Tehronning asosiy gaz omborini nishonga oldi, Tajrish bozori yaqinidagi bank portlashi natijasida ko‘chalarni loyqa suv bosganiga oid videolar haqiqiyligi New York Times tomonidan tekshirib, tasdiqlangan.
Prezident Donald Tramp, Kanada yo‘nalishida G7 sammitiga ketishidan oldin jurnalistlarga «Eron va Isroil kelishuvga erishishi kerak. Ba’zida ular urishib olishlari kerak bo‘ladi. Ko‘ramiz, nima bo‘ladi» degan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Isroil mudofaasini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. U Isroil zarbalarini to‘xtatishga chaqirganmi yoki yo‘qmi, bu haqda izoh bermadi.
Mahalliy agentliklar Eron tomonidan zarbalarning ikki to‘lqini kelgani, Hayfa o‘qqa tutilishi oqibatida besh kishi halok bo‘lib, 20 kishi jarohatlangani haqida xabar berdi. Shuningdek, Yahudiya tog‘oldi hududida 24 kishi yaralangan. Tel-Avivda ham 65 kishi yaralangan, shifoxonaga yotqizilganlarning uch nafari og‘ir ahvolda. Eron zarbalari natijasida hozirgacha Isroilda kamida 12 kishi halok bo‘lgan.
Aholi o‘rtasida vahima kuchaymasligi uchun harbiylar «zarba yetkazilgan joylarning surat va joylashuvini ijtimoiy tarmoqlarda ulashmaslikni» so‘ragan. Ularga ko‘ra, Eron bu ma’lumotlardan zarbalarni aniqlik bilan yo‘naltirish uchun foydalanishi mumkin.
Bir necha soat oldin Isroil ichki mudofaa xizmati Eron tomonidan hujum tugaganini aytib, aholiga boshpanalardan chiqishga ruxsat berdi.
Ayni vaqtda muammoning diplomatik yo‘llari yopildi: Tehron va Vashington o‘rtasida Eron yadroviy dasturining kelajagi bo‘yicha yakshanba kuni bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan muzokaralar bekor qilindi. Isroil o‘z harbiy kampaniyasi bilan bu dasturdan voz kechishga majbur qilmoqchi.
Dunyodagi eng ilg‘or havo mudofaa tizimlariga ega, deb aytiladigan Isroil Eron tomonidan uchirilgan ballistik raketalarni to‘sib qolishi qiyin bo‘lyapti. Ular mudofaa tizimidan o‘tib ketganda, zarari kattaroq bo‘ladi.
Juma kuni Isroilning kutilmagan hujumi bilan boshlangan jang, Isroil va Eron o‘rtasidagi uzoq yillik adovat doirasida eng kuchli va uzoq davom etayotgan to‘qnashuvlardan biriga aylanmoqda. Bu esa AQSh va boshqa qudratli davlatlarning aralashuvi xavfini kuchaytirdi.
Rossiya Ukraina shaharlarini o‘qqa tutishni kuchaytirdi
Rossiya Ukraina shaharlarini o‘qqa tutishni kuchaytirdi. Bu Istanbuldagi muzokaralar va «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi fonida bo‘lmoqda.
Ukraina maxsus xizmatlari 1 iyun kuni «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasini o‘tkazgan – dronlar yordamida Rossiya Federatsiyasining to‘rtta regionidagi aerodromlarda turgan bombardimonchi samolyotlarga zarba berilgandi. Keyingi kuni Istanbulda Rossiya-Ukraina muzokaralarining ikkinchi raundi bo‘lib o‘tdi, unda tomonlar asirlar va qurbonlarning jasadlarini almashishga kelishib oldi.
Moskvada «O‘rgimchak to‘ri»ga qat’iy javob va’da qilindi va Ukraina tomonidan taklif qilingan tinchlik shartlari, Rossiya Federatsiyasining o‘z pozitsiyasiga ko‘ra, qabul qilib bo‘lmaydigan deb topildi. Keyingi ikki hafta davomida Rossiya Ukraina shaharlarini bir necha bor yoppasiga o‘qqa tutdi – bunday shiddatli va tez-tez zarbalar bungacha ko‘p oylar davomida kuzatilmagandi.
Tramp tug‘ilgan kunida Vashingtonda harbiy parad o‘tkazdi
AQSh bo‘ylab minglab odamlar shanba kuni prezident Donald Tramp va uning Vashingtonda o‘tkazgan harbiy paradiga qarshi norozilik namoyishlariga qo‘shilish uchun ko‘chalarga chiqdi. Namoyishlar «No Kings» («Qirollarga yo‘q») deb nomlangan tashabbuskor guruh tomonidan uyushtirilgan va bu kun Trampning o‘zi hamda uning ma’muriyati siyosatiga qarshi umummilliy norozilik kuni deb e’lon qilingan.
Nyu York, Filadelfiya, Hyuston va Amerikaning boshqa ko‘plab yirik shaharlarida mitinglar bo‘lib o‘tdi, unda mahalliy qonun chiqaruvchilar, kasaba uyushmalari rahbarlari va fuqarolik faollari Amerika bayroqlarini hilpiratib va Trampni tanqid qiluvchi plakatlarini ko‘targan holda nutq so‘zladi.
Shanba kungi parad rasman AQSh armiyasining 250 yilligiga bag‘ishlandi, shu bilan birga u 79 yoshga to‘lgan Trampning tug‘ilgan kuniga to‘g‘ri keldi. Prezident harbiy parad vaqtida norozilik bildirishga uringan namoyishchilarni «juda katta kuch kutib olishi» haqida ogohlantirdi.
Ayrim siyosatchilar va sobiq harbiy rahbarlar AQSh armiyasini xavfli siyosiylashtirish deb hisoblagan paradni tanqid qilishdi. Trampni tanqid qiluvchilar bu jarayonning yana bir ko‘rinishini Los-Anjyelesda sodir bo‘layotgan voqealar deb hisoblashadi, u yerga Tramp o‘ziga bo‘ysundirilgan Milliy gvardiya va hatto dengiz piyodalari korpusining fuqarolar bilan muomala qilishga o‘rgatilmagan qismlarini kiritgan.
AQSh dronlarga qarshi mudofaa tizimlarini Ukrainadan Yaqin Sharqqa ko‘chirdi
AQSh mudofaa vaziri Piter Hegset Fox telekanaliga bergan intervyusida AQSh o‘zining dronlarga qarshi mudofaa tizimini Ukrainadan Yaqin Sharqqa ko‘chirganini aytdi.
«Kongressda menga shu haqda savol berishdi va men: «Ha, ko‘chirdik», deb javob qaytardim», dedi Hegset. Uning tushuntirishicha, zamonaviy urush va milliy mudofaa o‘zgargan va Qo‘shma Shtatlar nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda o‘z fuqarolarini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanish niyatida. «Kichik tizimlar» jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligiga qaramay, AQSh bunga tayyor.
«Ha, urush tushunchasining o‘zi ko‘z o‘ngimizda o‘zgarmoqda: dronlarga qarshi texnologiya haqiqatan qo‘rqinchli. Lekin bizda kerakli odamlar bor», deb ishontirdi Hegset.
The Wall Street Journal gazetasining 5 iyun kuni xabar berishicha, Qo‘shma Shtatlar Hegsetning buyrug‘i bilan Ukrainaga yetkazish uchun mo‘ljallangan maxsus raketa uskunalarini Yaqin Sharqdagi Amerika harbiy havo kuchlariga yo‘naltirgan. Pentagon rahbari o‘z qarori haqida Kongressni «ortiqcha shovqinsiz» xabardor qilgan.