Netanyahu Ali Xomanaiyning o‘ldirilishini istisno etmadi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
«Bu mojaroni keskinlashtirmaydi, aksincha, unga barham beradi», dedi Netanyahu.
Foto: ABC
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyni o‘ldirish bo‘yicha operatsiyani istisno qilmadi, deb xabar berdi ABC News.
Avvalroq, prezident Donald Tramp mojaroni keskinlashib ketishidan cho‘chib, Isroilning Eron oliy rahbarini o‘ldirish rejasini rad etgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.
«Bu mojaroni keskinlashtirmaydi, aksincha, unga barham beradi», dedi Netanyahu.
Isroil bosh vaziri shuningdek, Eron rejimi yarim asrdan beri Yaqin Sharqda «mojarolarni tarqatib» kelayotganini va «hammani dahshatga solayotganini» aytdi.
Isroil haqiqatan ham Eronning oliy rahbarini nishonga oladimi, degan savolga Netanyahu davlat «xalq uchun kerakli ishni qilyapti», dedi.
Reuters agentligining 15 iyun kuni xabar berishicha, Isroilda Eron oliy rahbariga suiqasd uyushtirish imkoniyati bo‘lgan, biroq bu rejaga AQSh prezidenti Donald Tramp veto qo‘ygan. Oq uyning yuqori martabali anonim mulozimining aytishicha, Eron rejimi «birorta ham amerikalikni o‘ldirmagan» va bu sodir bo‘lgunga qadar Vashington «Islom respublikasi siyosiy rahbariyatini ta’qib qilish haqida gapirmaydi».
Netanyahu Reuters nashrining bu xabarini «hech qachon sodir bo‘lmagan suhbatlar haqida ko‘plab yolg‘on xabarlar bor» deb izohladi. Ammo u Isroil rasmiylari «xalq uchun kerak bo‘lgan ishni qilishini» ta’kidladi.