Kiyevga dronlar zarbasi: kamida 14 kishi halok bo‘ldi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Ukraina poytaxtida turli hududlardagi 27 ta joy, jumladan, turar joy binolari, ta’lim muassasalari va muhim infratuzilma obektlari zarar ko‘rdi.
Foto: Thomas Peter/REUTERS
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 17 iyun, seshanbaga o‘tar kechasi Rossiya uchuvchisiz uchish apparatlarining Kiyevga bergan yirik zarbasi natijasida kamida 14 kishi halok bo‘ldi, 44 kishi jarohat oldi. Bu haqda Telegram-kanalida Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenko ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharning turli hududlaridagi 27 ta joy zarbaga uchragan. Ular orasida turar joy binolari, ta’lim muassasalari, muhim infratuzilma obektlari bor.
Dnipro tumanida Shahed tipidagi uchuvchisiz uchoqning bo‘lagi turar joy binosi devoriga kirib qolgan, deb yozgan avvalroq Kiyev shahar harbiy ma’muriyati boshlig‘i Timur Tkachenko. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in sodir bo‘lmagan va hech kim jabrlanmagan.
Kiyev meri Vitaliy Klichkoga ko‘ra, 40 dan ortiq xonadon vayron bo‘lgan. «Vayronalar ostida odamlar bo‘lishi mumkin. Qurbonlar soni ortishi mumkinligini istisno qilmaymiz», — dedi Klichko "Kiyev" telekanalida. Avvalroq u 16 kishi jabrlangani haqida xabar bergan edi. «Kiyevning Solomenskiy tumaniga hujum vaqtida shifokorlar jabrlanganlarga yordam berayotgan uyning ro‘parasidagi inshootda 62 yoshli AQSh fuqarosi vafot etdi. Shifokorlar klinik o‘lim — biologik o‘limni tasdiqladi», deb yozdi Klichko Telegram-kanalida.
Solomenskiydan tashqari Ukraina poytaxtining Darnitskiy va Svyatoshinskiy tumanlarida ham yong‘inlar sodir bo‘ldi, dedi mer. Klichkoning aytishicha, Goloseyevskiy tumani va Darnitskiyning bir qismida «avtomatik tizimlarning ishga tushirilishi natijasida» elektr energiyasi uzilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, energetika guruhlar hozirdan bu avariyalarni bartaraf etish ustida ishlamoqda.