softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

«O‘ldirmaslik buyurilgan». AQSh Isroilga nimanidir taqiqlay oladimi?

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

«O‘ldirmaslik buyurilgan». AQSh Isroilga nimanidir taqiqlay oladimi?

Batafsil o'qish:

Eron va Isroil o‘rtasida 46 yillik dushmanlik tarixidagi ilk jiddiy jang davom etmoqda. Ko‘pchilik bu gal ham cheklangan miqdordagi hujumlardan keyin har ikki davlat jimib ketadi deb o‘ylagandi. Ko‘rib turibsiz, bunday bo‘lmadi. Jiddiy nashrlarning yozishicha, AQSh Isroilga Eron oliy rahbari Ali Xominaiyni o‘ldirishni taqiqlabdi. Xo‘sh, chindan shunaqa buyruq berilishi mumkinmi? O‘zi Amerika Isroilga nimanidir taqiqlay oladimi? Quyida shu haqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tramp hammasini bilgan

AQSh Isroilning Eronga hujum qilish rejasidan bexabar bo‘lgani haqida rasmiy bayonot berildi. Lekin keling, mantiqan fikrlaylik: Tramp hammasini bilgan. Axir u Eronga yadroviy kelishuv imzolash uchun chindan ikki oy muhlat berdi, muddat tugashi bilan Isroil hujum qildi. Hujum kuni Netanyahu bilan kun bo‘yi aloqada bo‘ldi, hujumni maqtadi, u muddat tugashi bilan amalga oshirilganiga urg‘u berdi. Xullas, hujum kuni sodir bo‘lgan barcha ishlar bir narsaga ishora qilardi – Tramp xabardor bo‘lgan.

Shu bois Reuters tarqatgan xabarda jon bor. Nashrning Oq uydagi yuqori martabali mulozimga tayanib yozishicha, «Eron biror amerikalikni o‘ldirmagani uchun» Tramp Ali Xominaiyni o‘ldirishga taqiq qo‘ygan. Xabarda yozilishicha, Donald Tramp Eron oliy rahbarini o‘ldirish muammoni kattalashtiradi deb hisoblagan. Tramp ma’muriyatidagilar Isroilda Eron rahbarini o‘ldirish uchun real imkoniyat tug‘ilganidan xabar topib, bu haqda AQSh prezidentini xabardor qilgan.

Netanyahu bu xabarni rad etib, Xominaiyni o‘ldirish muammoni kattalashtirmaydi, aksincha tugatadi, dedi. Isroil xohlasa, uni o‘ldira oladi degan mazmunda gapirib, «xalq uchun kerakli ishni qilishini» aytdi.

Amerika taqiqlay oladimi?

Endi masalaning eng asosiy jihatiga to‘xtalsak. Xo‘sh, AQSh Isroilga nimanidir taqiqlay oladimi? Shaxsiy fikrimcha, hozirgi prezident Tramp boshchiligidagi AQSh Isroilga nimanidir taqiqlay olmaydi. Yo‘q, «Amerikani yahudiylar boshqarishi haqida» uydirmalarning bunga aloqasi yo‘q. Shunchaki Tramp qaytgach kutilganidek mamlakatdagi barcha qurollarni Isroilga yuborib, endi bilganingizni qiling, demadi. Ilk xorijiy safarini arab davlatlariga amalga oshirib, to‘rt trillion dollarga yaqin shartnomalar imzoladi. Xususan, qurol sotdi. Bu bilan Isroilga «O‘rtoqlar, men arablar bilan muammo istamayman, ulardan hali ko‘p pul olishim kerak», dedi.

Keyin Isroilning qarshiligiga qaramay, Eron bilan yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokara boshladi. Buni salkam ortdan pichoq urish deb qabul qilgan Isroil bundan keyin asosiy harbiy ittifoqchisi AQShning gapiga qarab o‘tirmasligi aniq edi. Tel-Aviv Vashingtonni qandaydir hujumdan xabardor qilsa ham, bu ruxsat so‘rash uchun emas, ittifoqchini boxabar qilish uchun berilgan ogohlantirish bo‘ladi.

Lekin gap Eron rahbarini o‘ldirish masalasiga kelsa, AQSh Isroildan bu ishni qilmaslikni so‘rashi va Isroil azbaroyi ittifoqchilik nuqtai-nazaridan bu ishdan tiyilishi mumkin. Urushning eng qizg‘in besh kuni o‘tganidan keyin ham hazrat Xominaiy tirik ekaniga qaraganda, Reuters tarqatgan xabar rostga o‘xshaydi. Yana takrorlayman, Isroil qo‘rqqanidan emas, ittifoqchilik qilib bu iltimosni bajarishi mumkin. Bundan tashqari, hozir Xominaiyni o‘ldirish to‘qnashuvda ko‘p narsani hal qilmaydi, u harbiy strateg emas, diniy rahbar xolos.

Amerika ortiq global kuch emasmi?

Eron va Isroil o‘rtasidagi urush fonida dunyo boshqaruviga oid bir jiddiy xulosaga kelish mumkin: aftidan, Amerika ortiq dunyodagi global siyosiy kuch emas. Har holda hozirgi voqealar shunga ishora qilmoqda.

Tushuntirishga harakat qilaman: hozir dunyoda ikkita jiddiy urush ketmoqda. Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni bir kunda tugataman, deb katta ketgandi. Lekin o‘tgan yarim yil ichida ma’lum bo‘ldiki, Tramp hech narsa qila olmadi: urush o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ketmoqda, frontdagi natija faqat Rossiya va Ukrainaga bog‘liq. Har ikki tomon qo‘pol qilib aytganda, okean ortining bosimini uch pulga ilmay masalani mustaqil hal qilyapti. Tramp esa faqat post yozyapti xolos, urush taqdiriga ta’sir qila olmayapti.

Yaqin Sharqda esa Isroil Eron harbiy rahbariyatini birma-bir o‘ldirish bilan band. AQShning eng asosiy ittifoqchisi, Amerika qo‘llovisiz mavjud bo‘lishi imkonsiz Isroil Trampning ixtiyoriga zid tarzda Eron bilan urushyapti. Axir Tramp barchasini diplomatiya bilan hal qilmoqchi, hatto Eron oliy rahbariga xat yozib, u bilan uchrashishga tayyorligini aytgandi.

Bir tomondan Eron AQShni jiddiy qabul qilmay belgilangan muddatda yadroviy kelishuv imzolamadi, qaytganda vaqtdan yutib atom bombasi yaratishga yaqinlashdi. Boshqa tomondan Isroil Trampning diplomatiyasiga qarab o‘tirmay barchasini musht bilan hal qilishga kirishdi.

Hozir dunyo ikkinchi jahon urushidan keyingi eng murakkab davrni boshdan o‘tkazmoqda, sayyorada chinakam xaos hukmron. Va AQSh bu xaosni yuzaga keltirgan ikkita urushga ham hech qanday ta’sir o‘tkaza olmayapti. Bir necha yil avval bunaqasini tasavvur qilish qiyin edi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi ­­– Faxriddin Hotamov