«Rus askari qadami yetgan joylar bizniki» - Putin xalqaro forumda nutq so‘zladi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida (PMEF) nutq so‘zlab, dunyodagi so‘nggi voqealar yuzasidan bayonot berdi. Jumladan, Ukraina haqidagi, Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro haqidagi fikrlarini aytdi.
Foto: RIA Novosti
Uning nutqidan RBK nashri iqtiboslar keltirdi.
Ukraina haqida
- Men rus va ukrain xalqlarini haqiqatda yagona xalq deb bilishimni ko‘p marta aytganman. Shu ma’noda butun Ukraina bizniki, dedi Putin Rossiya armiyasi qayergacha borishi mumkinligi haqidagi savolga javob berar ekan. - Lekin biz shakllanayotgan voqeliklardan kelib chiqamiz. Albatta, qo‘shni davlatda shunday odamlar bor, ular oz emas, ular o‘z suverenitetini, mustaqilligini ta’minlashga intiladi. Salomat bo‘lishsin. Va biz Ukraina xalqining mustaqillik va suverenitet huquqi borligiga hech qachon shubha qilmaganmiz.
- Harbiy harakatlarning ma’lum bir mantig‘i sodir bo‘lmoqda va qo‘shinlar turli hududlarni egallamoqda. Bizda eski qoida bor – rus askarining qadami yetgan joy bizniki.
- Biz Ukrainaning taslim bo‘lishini talab qilmaymiz. Biz joylarda yuzaga kelgan voqelikni tan olishni talab qilamiz.
- Bizda Sumini ishg‘ol qilish vazifasi yo‘q, lekin men buni istisno qilmayman. Shu bilan birga Putin Rossiya Sumi viloyatida yaratmoqchi bo‘lgan «xavfsizlik zonasi» uzunligi chegaradan 10-12 km uzoqlikda bo‘lishini istisno qilmadi.
- Shu bilan birga, Ukrainaning mustaqil va suveren bo‘lishining asoslari 1991 yilgi Ukraina mustaqilligi to‘g‘risidagi deklaratsiyada ko‘rsatilgan bo‘lib, unda Ukraina bloklarga qo‘shilmagan, yadrosiz, neytral davlat ekani aniq yozilgan. Bu fundamental qadriyatlarga qaytilsa yaxshi bo‘lardi.
Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaro haqida
Rossiya prezidenti Eron oliy rahbari Ali Xominaiyni yo‘q qilish imkoniyati haqidagi barcha gaplar ritorik darajada qolishini ma’qul ko‘rishini aytdi.
«Rossiya har doim har bir mamlakatning xavfsizligi boshqa mamlakat xavfsizligiga rahna solmasligi kerakligini ta’kidlab kelgan», deb qo‘shimcha qildi u.
- Rossiya Isroil va Eron bilan aloqada, lekin vositachilik qilishga intilmaydi, balki mojaroni hal qilish g‘oyalarini taklif qiladi, dedi Putin. Siyosiy yechim borligi haqida so‘ralganda, u shunday javob berdi: «Bunday hollarda, bu jarayonga zarar bermaslik uchun shoshilmagan yaxshiroq. Lekin fikrimcha, bunday yechimlar mavjud». Putin Rossiyaning Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaroni hal qilish bo‘yicha g‘oyalari amalga oshishini juda xohlashini aytdi. Biroq, bu g‘oyalar nima ekaniga aniqlik kiritmadi.
Armiya va harbiy-sanoat kompleksi haqida
- Rossiya Qurolli Kuchlarining jangovar qobiliyatini oshirish, harbiy infratuzilma obektlarini modernizatsiya qilish, ularni amaliyotda, jangovar sharoitlarda samaradorligini isbotlovchi eng yangi texnologiyalar, qurol-yarog‘ va texnikalar bilan jihozlash uchun yangi texnologik bazadan foydalanamiz.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya «kompaniyalarni sof mudofaa-sanoat va faqat fuqarolik segmentida faoliyat yurituvchi korxonalarga ajratish»dan voz kechishi kerak. «Imkoniyat bo‘lsa, mudofaa-sanoat kompleksini fuqarolik sektoriga integratsiyalash va ikki maqsadli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga harakat qilishimiz kerak», deb qo‘shimcha qildi Putin.
Rossiya do‘stona davlatlar bilan harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantiradi, jumladan, qo‘shma loyihalar, kadrlar tayyorlash, korxonalar va tayyor ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish maqsadida, dedi Putin.