Rossiya va Ukraina halok bo‘lgan askarlar jasadini almashdi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Rossiya Ukraina Qurolli kuchlarining 1212 askarining jasadini Ukraina tomoniga topshirdi va 27 nafar halok bo‘lgan harbiyning jasadini qaytarib oldi - Rossiya prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy.
Foto: AP
Rossiya Istanbul kelishuvlari doirasida Ukraina Qurolli kuchlari (UQK)ning 1212 nafar askari jasadini Ukrainaga topshirdi va 27 nafar halok bo‘lgan harbiyning jasadini qaytardi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiy ma’lum qildi.
«Istanbul kelishuvlariga ko‘ra halok bo‘lgan askarlarning jasadlarini topshirish boshlandi. Ukraina Qurolli kuchlarining 1212 nafar askarining jasadini Ukraina tomoniga topshirdik. Rossiya qurolli kuchlarining halok bo‘lgan 27 nafar harbiysi bizga qaytarildi», — dedi Medinskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, frontdagi og‘ir yaralangan asirlarning shoshilinch «sanitariya almashinuvi» ham boshlanadi. «Ish shu kunlarda davom etadi», dedi Rossiya prezidenti yordamchisi.
Ayni paytda, Ukraina harbiy asirlar bilan ishlash bo‘yicha koordinatsiya shtabining ma’lum qilishicha, 1212 nafar halok bo‘lgan askarning jasadi Ukrainaga qaytarilgan.
Shtabning qayd etishicha, qaytarilganlar orasida Kursk, Xarkiv, Luhansk, Donetsk, Zaporijjya va Xerson viloyatlarida halok bo‘lganlar bor.
Avvalroq, 2 iyun kuni Istanbulda Charog‘on saroyida tinchlik muzokaralarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tgan edi. Tomonlar gumanitar masalalar, jumladan yaradorlar, og‘ir kasallar va 25 yoshgacha bo‘lgan shaxslar orasidan harbiy asirlarni almashish, shuningdek, 6 mingdan ortiq halok bo‘lganlarning jasadlarini topshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.