Yevropa bilan gaplashishni xohlamayotgan Eron, Putinning ajabtovur bayonotlari va Iordaniyaga kelgan F-22 eskadroni – kun dayjesti
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Eron-Isroil urushi: voqealar rivoji
Eron va Isroil shanba tongida yangi hujumlar almashdi. Reuters nashrining xabar berishicha, bu Yevropa Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha tinchlik muzokaralarini jonlantirishga uringanidan bir kun o‘tib sodir bo‘lmoqda.
Isroilda armiya mahalliy vaqt bilan soat 02:30 dan o‘tib Erondan raketa hujumi bo‘lishi haqida ogohlantirdi. Bu ogohlantirish markaziy Isroil, jumladan Tel-Aviv va Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy Sohilda havo hujumiga qarshi sirenalarni ishga tushirdi.
Kecha, Islom muhofizlari korpusi aerokosmik kuchlari uchirilgan raketalar asosan bosib olingan Falastin hududlarining janubiy qismidagi nishonlar va markaziy Isroil hududlariga yo‘naltirilganini xabar bergan edi.
Xususan, Be’yer Shevada joylashgan Yuqori texnologiyalar va kiberxavfsizlik markazi ham Eron raketa zarbasidan shikastlangan. Bu bino Isroil armiyasining muhim tarkibiy qismi hisoblangan, lekin Tsahal bu inshootga zarba berilganini tasdiqlamagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ko‘rish mumkinki, hujum natijasida bir nechta avtomobillar va binolar zararlangan. Raketa turar joy hududidagi avtoturargohga tushgan va katta o‘ra hamda yong‘in yuzaga kelgan. Yong‘inda o‘nlab avtomobillar kuyib ketgan. Isroil tez yordam xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, raketa zarbasi natijasida olti kishi yengil jarohat olgan.
Ayni shu vaqtda Isroil Eron hududidagi raketa omborlari va uchirish infratuzilmasiga navbatdagi zarbalarni berdi, deya bayon qildi Isroil harbiylari.
Eron TIV vakili Ismoil Baqoiy Isroilning zarbalari Tehronda tez yordam mashinasiga kelib tushgani va 3 nafar fuqarolik tibbiyot xodimi halok bo‘lganini tasdiqladi. «Bu — ataylab sodir etilgan qotillikdir», — degan Eron TIV so‘zchisi.
Inson huquqlari faollari agentligi — Human Righs Activiss ma’lumotiga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon Isroilning havo hujumlari natijasida Eron hududida 639 kishi halok bo‘lgan, ularning orasida yuqori martabali harbiylar va yadroviy olimlar bor. Eronning raketa hujumlarida esa Isroilda 24 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan. Urush holatida bu sonlarni mustaqil manbalar orqali tasdiqlash imkoni yo‘q.
Yevropa-Eron muzokaralari
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi AQSh bilan «Isroil tajovuzi to‘xtamaguncha» muzokaralar o‘tkazilmasligini aytgandi. Biroq u kecha Yevropa tashqi ishlar vazirlari bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Jyenevaga yetib bordi. Yevropa bu yerda diplomatik yechimga qaytish yo‘lini topmoqchi edi.
AQSh prezidenti Donald Trampning aytishicha, Jyenevadagi muzokaralar katta siljish bermagan. Tramp sulhga erishilishi borasida shubha bildirdi:
«Eron Yevropa bilan gaplashishni xohlamaydi. Ular biz bilan gaplashishni istaydi. Bu safar Yevropa yordam bera olmaydi», dedi.
Tramp, shuningdek, Isroilga hujumlarni kamaytirish taklifi bilan chiqish ehtimoli kamligini bildirdi:
«Ayni paytda bunday iltimos qilish qiyin. Agar kimdir yutayotgan bo‘lsa, bunday taklif qilish qiyinroq bo‘ladi. Ammo biz tayyormiz, xohlaymiz va qodirmiz, biz Eron bilan gaplashyapmiz, nima bo‘lishini ko‘ramiz».
Eronning yuqori lavozimli rasmiysi Reutersʼga bergan intervyusida muzokaralarga tayyorligini aytgan:
«Eron uran boyitishni cheklash bo‘yicha muzokaralarga tayyor, biroq uni butunlay to‘xtatishni o‘z ichiga olgan taklifni rad etadi, ayniqsa hozir, Isroil zarbalari ostida».
BBC nashrining yozishicha, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi yadroviy dastur faqat tinch maqsadlarda ekanini ta’kidlagan va Isroilning hujumlari xalqaro huquqni buzayotganini aytgan. Shuningdek, Eron o‘zining «qonuniy o‘zini himoya qilish huquqidan foydalanishda davom etishini» bildirdi.
«Men ochiq aytaman: Eronning mudofaa salohiyati muzokaraga yotmaydi», — dedi Araqchi.
Muzokara tomonlaridan biri bo‘lgan Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi bu boradagi ogohlantiruvni tasdiqlab, AQSh mojaroni hal qilish uchun «juda qisqa vaqt» berganini, Yaqin Sharqdagi vaziyat esa «o‘ta xavfli va jiddiy» ekanini aytdi. Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro esa Eron tashqi ishlar vaziriga «zarbalar tugashini kutmasdan» AQShni ham o‘z ichiga olgan har tomonlama muzokaralarni ko‘rib chiqishni taklif qilganini bildirdi.
«Eron yadroviy muammosiga harbiy yo‘l bilan yechim topib bo‘lmaydi. Eron rejimini harbiy yo‘l bilan almashtirish xavfli bo‘lishi mumkin», — dedi Barro.
Avvalroq, Donald Tramp juma kuni AQSh Isroil tomonida urushga qo‘shilishi yoki yo‘qligi borasida qaror qabul qilish uchun ikki haftagacha vaqt olishini aytdi. Unga ko‘ra, bu vaqt ichida «odamlar o‘ziga keladimi-yo‘qmi, ko‘rib olinadi».
Ayni vaqtda AQSh harbiy-havo kuchlari beshinchi avlod F-22 Raptor qiruvchi samolyotlari eskadronini (8ta samolyot) Iordaniyadagi aviabazasiga ko‘chirishni boshladi. AQSh OAVlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar allaqachon Yaqin Sharqqa bir necha qiruvchi samolyotlar eskadrilyasini, jumladan beshinchi avlod F-35 qiruvchilarining katta guruhini joylashtirgan.
Putinning bayonotlari
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida nutq so‘zlab, dunyodagi so‘nggi voqealar va Ukrainadagi urush haqida bayonot berdi.
«Harbiy harakatlarning ma’lum bir mantig‘i sodir bo‘lmoqda va qo‘shinlar turli hududlarni egallamoqda. Bizda eski qoida bor – rus askarining qadami yetgan joy bizniki. Biz Ukrainaning taslim bo‘lishini talab qilmaymiz. Biz joylarda yuzaga kelgan voqelikni tan olishni talab qilamiz», degan Putin.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga esa Putinning urush haqida aytgan so‘zlarini «bema’nilik» deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar va butun dunyo o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirayotgan pallada Rossiya prezidenti «Ukrainaning yangi hududlarini egallab olish va ko‘proq ukrainaliklarni o‘ldirish rejalarini muhokama qilmoqda».
«Ammo bugungi kunda Putinning telba bayonotlari orasida rus askarining qadami haqidagi so‘zlari ajralib turadi. Aslida, rus askarining qadami qayerga yetsa, u faqat o‘lim, halokat va vayronagarchilik olib keladi. Putinni rus askarlari va ularning Ukraina dronlari tomonidan uzib olingan oyoqlari qayg‘uga solmaydi. U o‘z xalqining ommaviy qotili», dedi Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rahbari.
Shuningdek, Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Vladimir Putindan «Rossiya Eronni qo‘llab-quvvatlamadi, shu tufayli ishonchsiz ittifoqchi» deb aytayotganlarga munosabat bildirish so‘raldi.
«Rossiyaning ittifoqchi sifatida ishonchsizligi haqidagi bunday rivoyatlarni targ‘ib qilayotganlar fitnachi. Ular fitna qo‘zg‘atmoqda. Lekin bu ularga yordam bermaydi. Ular o‘z maqsadlariga erisha olmaydi», dedi Putin.
Avvalroq, Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaroni sharhlar ekan, Putin Rossiya har ikki tomon bilan aloqadaligini va Moskva Eronning tinch yadroviy dasturga bo‘lgan huquqini ham, Isroilning o‘z xavfsizligini ta’minlash istagini ham hurmat qilishini aytgan edi. Rossiya-Ukraina urushida esa Eron Rossiyaga harbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda, xususan, Moskvaga «Shahid» jangovar dronlarini yetkazib bermoqda.
Haitida 1,3 mlnga yaqin kishi zo‘ravonlik tufayli uyini tark etdi
BMT Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (XMT) bayonotida aytilishicha, qurolli to‘dalar zo‘ravonligi natijasida deyarli 1,3 million kishi Haitida o‘z uyini tashlab ketgan.
XMT ma’lumotlariga ko‘ra, Haitida ichki ko‘chishning rekord darajasi kuzatilgan, 1,3 millionga yaqin odam zo‘ravonlikdan qochish uchun uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. 2024 yil dekabr oyidan buyon ko‘chirilganlar soni 24 foizga oshdi, deya qayd etdi tashkilot.
Bayonotda iqtibos keltirgan XMT bosh direktori Emi Poup bu raqamlar ortida insonlar hayoti borligini ta’kidladi: «Bolalar, onalar, qariyalar — ko‘plar bir necha bor uyini tark etishga majbur bo‘ldi, ularning hech narsasi yo‘q. Ular hozir o‘ta xavfli va beqaror sharoitlarda yashamoqda. Biz hozir harakat qilishimiz kerak. Bu inqiroz yangi odatiy holga aylana olmaydi», — dedi Poup.
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yilda Haitidagi qurolli guruhlar hujumlari oqibatida 5600 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Haiti chuqur siyosiy, iqtisodiy va gumanitar inqirozga duch kelishda davom etmoqda. Poytaxt Port-o-Prensning 80 foizdan ortig‘i qurolli guruhlar tomonidan nazorat qilinadi. Mamlakat aholisi 11 million kishidan oshadi va millionlab aholi ocharchilik xavfi ostida.
«Tramp zerikib qolmasligi» uchun NATO sammit dasturi qisqartirildi
Avvalroq Kanadaning Kananaskis shahrida bo‘lib o‘tgan G7 («Yettilik guruhi») yig‘ilishidagi ishtirokini zudlik bilan to‘xtatgan AQSh prezidenti Donald Trampning «muddatidan oldin ketishi»ning oldini olish uchun NATO Haagadagi sammit dasturini 2,5 soatlik sessiyaga qisqartirdi. Bu haqda Britaniyaning The Financial Times (FT) gazetasi uch manbaga tayanib xabar berdi. «Tramp zerikmasligi uchun shunday qaror qabul qilindi», — deb ta’kidladi nashr.
Sessiyada, xususan, bosh kotib Mark Ryuttening 2030 yilga borib a’zo mamlakatlarning harbiy xarajatlarini YaIMning 3,5 foizigacha oshirish, shu bilan birga tegishli sohalarga, jumladan, infratuzilma va kiberxavfsizlikka 1,5 foiz sarmoya kiritish taklifi muhokama qilinishi kerak.
Ispaniya va boshqa oz sonli davlatlar hozirda bu rejalarga qarshi. Madrid mudofaa xarajatlarining bunchalik keskin oshishi Ispaniya ijtimoiy ta’minot xarajatlarini saqlab qolish qobiliyatini xavf ostiga qo‘yishidan xavotirda. Niderlandiya qiroli Villem-Aleksandr va uning rafiqasi Maksima mezbonlik qilgan 32 yetakchining norasmiy kechki ovqati 24 iyun oqshomida bo‘lib o‘tadi.