softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

AQSh elchixonasi ta’lim vizalariga murojaat qiluvchi o‘zbekistonliklardan ijtimoiy tarmoq akkauntlarini «ommaviy» holatga o‘tkazishni so‘radi

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

AQSh elchixonasi ta’lim vizalariga murojaat qiluvchi o‘zbekistonliklardan ijtimoiy tarmoq akkauntlarini «ommaviy» holatga o‘tkazishni so‘radi

Batafsil o'qish:

AQShning Toshkentdagi elchixonasi ta’lim yoki almashinuv dasturlarida ishtirok etish uchun ariza topshirmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolaridan – barcha ijtimoiy tarmoq akkauntlaridagi maxfiylik sozlamalarini «ommaviy» holatga o‘tkazishni so‘radi. Elchixonaga ko‘ra, bu talab AQShga kirish huquqini aniqlash uchun zarur bo‘lgan tekshiruvni osonlashtirish maqsadida» bo‘lib, ushbu ma’lumotni kiritmaslik kelgusida viza olish huquqidan mahrum bo‘lishga olib kelishi mumkin.

Foto: REUTERS

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi 21 iyundan kuchga kiradigan viza suhbatlaridagi yangi talablar haqida ma’lumot berdi.

Xususan, endilikda F, M yoki J noimmigratsion vizasiga murojaat etuvchi barcha shaxslardan, ularning shaxsini va AQShga kirish huquqini aniqlash uchun zarur bo‘lgan tekshiruvni osonlashtirish maqsadida, barcha ijtimoiy tarmoq akkauntlaridagi maxfiylik sozlamalarini «ommaviy» holatga o‘tkazishlari so‘ralmoqda.

«Biz, viza murojaatlarini tekshirish va saralash jarayonida, AQSh hududiga kirishi mumkin bo‘lmagan, jumladan AQSh milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi shaxslarni aniqlash uchun, barcha mavjud ma’lumotdan foydalanamiz. 2019 yildan beri, Amerika Qo‘shma Shtatlari viza murojaatchilaridan, immigratsion va noimmigratsion vizaga murojaat etish uchun to‘ldirilgan formalarida ijtimoiy tarmoq identifikatorlarini ko‘rsatishlarini talab etadi.

Vizaga murojaat etish uchun to‘ldirilgan DS-160 formasida, murojaatchilar so‘nggi 5 yil mobaynida ijtimoiy tarmoqlarda foydalangan barcha ismlar va taxalluslarini kiritishlari talab etiladi. Formani imzolab yuborishdan avval, murojaatchilar to‘ldirilgan DS-160 formadagi barcha ma’lumot to‘g‘ri va haqqoniy ekanligini tasdiqlashlari zarur. Ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq ma’lumotni kiritmaslik, viza murojaati bo‘yicha rad javobi berilishiga hamda kelgusida viza olish huquqidan mahrum bo‘lishga olib kelishi mumkin», deyiladi AQShning Toshkentdagi elchixonasi bayonotida.

F, M va J qanday vizalar?

AQShda F, M va J toifasidagi noimmigratsion vizalar – bu vaqtincha yashashga mo‘ljallangan vizalar bo‘lib, ular asosan ta’lim, kasbiy o‘qish yoki almashinuv dasturlarida ishtirok etish uchun beriladi.

F vizasi — Academic Student Visa. AQShdagi akkreditatsiyalangan kollej, universitet, o‘rta maktab (high school), til kurslari yoki boshqa akademik muassasalarda o‘qimoqchi bo‘lgan talabalar uchun beriladi. Ushbu talabaning turmush o‘rtog‘i yoki farzandlariga ham F1 yoki F-2 toifasidagi viza beriladi. Ushbu viza bilan talabalar universitet hududida cheklangan holda, o‘qish shartlarini buzmasdan ishlashi mumkin.

M vizasi – Vocational Student Visa. Texnik yoki kasbiy o‘quv muassasalarida tahsil olishni istovchilar uchun beriladi. Kasbiy dastur talabasining oila a’zolariga esa M-1 yoki M-2 vizasi beriladi. Ushbu viza bilan o‘qish davomida ishlash mumkin emas, faqat bitirgandan keyin cheklangan muddatda amaliyotga ruxsat beriladi.

J vizasi – Exchange Visitor Visa. Madaniy, ilmiy yoki professional almashinuv dasturlarida qatnashuvchi shaxslar, masalan: ilmiy tadqiqotchilar, professorlar, tibbiyot rezidentlari murabbiylar kabi sohalar uchun. Ushbu almashinuv dasturi ishtirokchisining oila a’zolariga ham J-2 yoki J-1 vizasi berilishi mumkin. J-1 viza bilan talabalar amaliyot vaqti ishlashi mumkin.

Oq uyning Harvard va xorijiy talabalar bilan muammosi

Yaqinda Donald Tramp ma’muriyati AQShda o‘qish niyatida bo‘lgan chet ellik barcha talabalarga yangi talablar: bo‘lajak talabalarning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini ham ko‘zdan kechirishga tayyorlanayotgani xabar berilgandi.

AQSh prezidenti ma’muriyati yangi tekshiruv shakliga tayyorgarlik doirasida mamlakat elchixonalari va konsulliklariga talabalar vizasini berish uchun yangi suhbatlar belgilashni to‘xtatishni buyurdi.

Talabalar tekshiruvini kuchaytirish to‘g‘risidagi qaror Donald Trampning Harvard universiteti ma’muriyati bilan bir necha oydan beri davom etib kelayotgan mojarosi fonida yuz bergan. Joriy 22 may kuni prezident Harvardga chet ellik talabalarni o‘qishga qabul qilishni taqiqlab qo‘ygandi. Bunga ta’lim muassasasi rahbariyati G‘azo sektorida Isroil operatsiyasi boshlanganidan beri Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi aksiyalarni oliygoh hududida o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yib berayotgani sabab bo‘lgan.

Buning ortidan, aprel oyida AQSh federal hukumati Harvard universitetiga beriladigan 2,2 milliard dollardan ortiq grantlar va 60 million dollarlik shartnomalarni muzlatib qo‘ygandi.

Ayni vaqtda prezident Donald Tramp ma’muriyati va Harvard Universiteti o‘rtasida yuzaga kelgan keskin mojaro ortidan tomonlar muzokaralarni qayta boshladi. Harvard vakillari Oq Uyda taqdimot orqali amalga oshirilgan islohotlarni ko‘rsatdi. Tramp administratsiyasi o‘z talablarini yana rasmiy xat orqali bildirdi. Tomonlar kelishuvga erishish ehtimolini muhokama qilmoqda, lekin yakuniy natija noma’lum.

Potensial kelishuvda Tramp ma’muriyati Harvardga federal mablag‘larni tiklash va huquqiy bosimlarni kamaytirish evaziga qattiqroq ichki siyosat islohotlarini talab qilmoqda.

New York Timesʼning yozishicha, Harvard rasmiylari sudda qisman g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, uzoq davom etadigan siyosiy bosimlardan ehtiyot bo‘lib, endi kelishuvga moyillik bildirmoqda. Tramp, ilgari Harvardni «nafrat va ahmoqlikni o‘rgatadigan makon» deb atagan bo‘lsa-da, so‘nggi bayonotlarida universitet rahbariyatining yondashuvini «mos va konstruktiv» deb baholagan.