«Fordo endi yo‘q» – AQSh Erondagi yadroviy obektlarga zarba berdi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Isroil shu vaqtgacha zarba bera olmagan yer ostidagi Fordo zavodi bunkerlarga qarshi mo‘ljallangan B-2 samolyotlari bilan bombardimon qilingan. Bu bilan amalda amerikaliklar isroilliklarning hujumlariga qo‘shildi. «Tinchlik vaqti keldi», - deb yozgan hujumdan keyin Amerika prezidenti.
AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat aviatsiyasi Erondagi uchta yadroviy obekt — Fordo, Natanz va Isfahonga hujum uyushtirdi. U o‘ziga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, Fordodagi asosiy obektga «yuklangan barcha bombalar tashlangan».
«Biz Erondagi uchta yadroviy obektga juda muvaffaqiyatli hujumimizni yakunladik», – deyiladi Amerika prezidenti postida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda hujumda qatnashgan samolyotlarning barchasi Eron chegaralaridan tashqarida va AQSh bazalariga qaytmoqda.
«Barcha samolyotlar uyga qaytmoqda. Ajoyib amerikalik jangchilarimizni tabriklaymiz. Dunyodagi hech bir armiya bunday qila olmasdi. Endi tinchlik vaqti keldi!» – degan u.
Keyingi postida Tramp bu AQSh, Isroil va butun dunyo uchun tarixiy palla ekanini bildirgan. «Endi Eron urushni to‘xtatishga rozi bo‘lishi lozim», – deya qo‘shimcha qilgan u.
BBC News va CNN nashrlari e’tibor qaratishicha, Tramp shunday so‘zlar yozilgan postni ham o‘z sahifasida bo‘lishgan: «Fordo endi mavjud emas» (Fordow is gone).
Axios ma’lumotiga ko‘ra, AQSh Eron bo‘ylab zarba berishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida Isroilni oldindan ogohlantirgan. Yuqori martabali isroillik mulozimlardan biri zarba berishda B-2 bombardimonchi samolyotlaridan foydalanilganini ma’lum qilgan. Bu ma’lumotni Reuters’ga amerikalik mulozim ham tasdiqlagan.
Fox News xabariga ko‘ra, AQSh harbiylari Fordodagi yadroviy obektga bunkerga qarshi 6 ta bomba tashlagan, shuningdek, Isfahon va Natanzdagi obektlar bo‘ylab «Tomagavk» rusumli 30 raketa raketa uchirgan.
Ko‘p o‘tmay Eron tomoni Fordo, Natanz va Isfahondagi obektlarga hujum qilinganini tasdiqladi. Eron davlat televideniyesi siyosiy direktori o‘rinbosari Hasan Abediniy jonli efirda Eron «biroz oldin» ushbu uchta yadroviy obektni evakuatsiya qilganini aytdi. Bu Tehronning AQShning o‘z yadroviy obektlarini bombardimon qilishiga birinchi rasmiy munosabati bo‘ldi. Abediniy Eron «jiddiy zarar ko‘rmagani, chunki materiallar allaqachon olib chiqib ketilgani»ni ta’kidlagan.
Tasnim axborot agentligi Qum viloyatidagi rasmiyga tayanib Fordo yadroviy majmuasining bir qismi hujumga uchragani haqida xabar berdi. «Bir necha soat avval Qumning havo mudofaasi ishga tushirilib, dushman nishonlari aniqlangach, Fordo yadroviy obektining bir qismi dushman aviazarbalariga uchradi», – deya bayonot bergan Qum viloyati favqulodda vaziyatlar shtabi vakili. Isfaxon viloyati gubernatori o‘rinbosari Akbar Solihiy esa Natanz va Isfahonda «bir nechta portlash ovozlari eshitilgani, yadroviy obektlar yaqinida hujumlar bo‘lgani»ni tasdiqlagan.
Tramp Eron yadroviy obektlariga berilgan zarba Tehronni muzokaralarga qaytishga majbur qilishiga umid qilmoqda, shuning uchun u hozircha yangi hujumlarni rejalashtirmayapti, deb yozadi CNN manbalarga tayanib. Telekanal manbalariga ko‘ra, so‘nggi bir necha kun ichida AQSh prezidenti Eronning kuchli mustahkamlangan yadroviy obektlarini yo‘q qilish uchun Amerika qo‘shinlarini qo‘llash zarurligiga tobora ko‘proq ishonch hosil qilgan. Uning fikricha, diplomatiya boshi berk ko‘chaga kirib qolgani aniq bo‘lgan bir paytda prezident shunday qarorga keldi.
Fordo uranni boyitish zavodi 2000-yillarda Islom inqilobi muhofizlari korpusi bazasida qurilgan. U Qum shahridan taxminan 20 kilometr shimoli-sharqda, tog‘ ichida taxminan 90 metr chuqurlikda joylashgan. 2025 yilda Eron Fordo majmuasining muqobilini – Natanzdagi o‘nlab metr chuqurlikdagi tog‘ ichidagi zavodni qurgani va tez orada ishga tushirishini ma’lum qilgandi. Obektda sentrifugalar ishlab chiqariladi va katta ehtimol bilan, uranni yuqori darajagacha boyitish ishlari amalga oshiriladi. 13 iyun kuni boshlangan Isroil zarbalaridan bir kun oldin ham Eron Isfahonda yana bir sentrifuga maydonchasini ochishini ma’lum qilgandi.
Oq uydagilar 19 iyun kuni Tramp Qo‘shma Shtatlar Eron bo‘ylab zarbalar berishga qo‘shilish masalasida ikki hafta ichida bir qarorga kelishini ma’lum qilgandi.