“Eronga zarba – Xirosima va Nagasakiga atom bombasi tashlangani bilan bir xil ahamiyatga ega” – kunning eng muhim mavzusida suhbat
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
AQShning bombardimonchi samolyoti Eronning 3 ta yadroviy obektiga zarba berdi. Tramp va uning jamoasi operatsiyani “Situation Room”dan kuzatib turdi. Eron esa AQShning zarbasidan g‘azabda va Fordoga ziyon yetganini tasdiqladi. Amerika OAVlari bu Vashingtonning Isroil boshlagan urushga qo‘shilishi, deya yozdi. Kongress a’zolari prezidentning “bemaslahat zarbasi”dan norozi. Bu zarbalardan o‘ta kuchli radiatsiya kutilgan, biroq ayni paytda vaziyat normal va datchiklar xavf yo‘qligini ko‘rsatmoqda. Aks holda nurlanish shamol orqali o‘rtacha 2-3 kun ichida O‘zbekistonga ham kirib kelardi.
Kun.uz yadroviy falokat ehtimoli inkor etilmaydigan ushbu geosiyosiy hodisani siyosatshunos Farhod Tolipov va iqlimshunos Erkinbek Abdulahatov bilan jonli efirda muhokama qildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘z tarixida birinchi bor Eronga zarba berdi. Assalomu alaykum, siz Kun.uzʼda jonli efirni tomosha qilyapsiz va biz bugun ushbu suhbatimizni favqulodda tashkil qildik. Muhokamamiz mavzusi – 21 iyun kuni Eronga berilgan zarba va bugungi suhbatdoshlarimiz siyosatshunos Farhod Tolipov hamda iqlimshunos Erkinbek Abdullahatov.
Hurmatli ekspertlar, bu suhbatimizni shoshilinch tarzda tashkil qildik va avvalambor kelganingiz uchun minnatdorlik bildiraman.
Farhod aka, Qo‘shma Shtatlar o‘z tarixida birinchi marta Eronga zarba beryapti. Bundan oldin biz juda ko‘p ekspertlar bilan gaplashdik, muhokama qildik. Qo‘shma Shtatlar tiyiladi, Yaqin Sharqdagi urushga bevosita qo‘shilishdan va nima qilsa ham Isroilning qo‘li bilan qiladi, deb prognoz berib kelayotgan edik. Isroilni maksimal darajada qo‘llab-quvvatlaydi, harbiy yordam beradi, lekin o‘zi bevosita qo‘shilmaydi, deyilgandi.
Umuman olganda, konflikt boshlangandan beri bir necha bor Qo‘shma Shtatlarning pozitsiyasi, aniqrog‘i Trampning qarashlari o‘zgarib turdi. Masalan, avval “Eron bilan muzokaraga boramiz” deyildi, shu orada Isroil hujumga o‘tdi. Keyin “agar Eron AQSh fuqarolari, harbiy obektlari va manfaatlariga hujum qilsa, qo‘shilamiz” deyildi. G7 sammitida esa “Isroil yaxshi ketayotgan ekan, aralashmaymiz, u o‘zi tinchitadi urushni” deyildi. Keyin esa “ikki haftada qaror qabul qilaman” deydi va mana, urushning 10-kunida shu voqea sodir bo‘lyapti.
Bugun uchta masalani muhokama qilamiz. Birinchisi: AQShning bu qilgan ishi qanchalik to‘g‘ri, sizningcha?
Bilasizmi, hozir o‘zingiz Tramp tomonidan bildirilgan pozitsiyalarni ketma-ket sanab o‘tdingiz. U bayonotlar juda ziddiyatli, o‘zgaruvchan va qat’iylikdan yiroq bo‘lib, “AQShdan nima kutsa bo‘ladi?” degan savolni keltirib chiqardi.
“Uradi”, “urmaydi”, “muzokaraga boramiz”, “bormaymiz” kabi qarashlarini olib qarasak, Eron masalasini chetga qo‘ygan holda ham, hatto Tramp prezidentlikka saylanganidan beri kuzatsak, mana, yarim yil o‘tibdi. Shu davrda u qilayotgan siyosat o‘zgaruvchan, noaniq bo‘lib kelmoqda. Uni tahlil qilgan dunyo ekspertlarining deyarli barchasi shuni ta’kidlamoqda.
Men o‘tgan yarim yil ichida, bilmadim, AQShdan tashqaridagi birorta xorijiy davlat – Yevropami, Osiyomi, qayer bo‘lsa ham Trampni maqtaganini ko‘rmadim. Agar bo‘lgan bo‘lsa, kimdir yodga solsin. Yevropaliklar ham, osiyoliklar ham, afrikaliklar ham, hatto Amerikaning o‘zi ham bu harakatlardan xursand bo‘lgani yo‘q. Bu – tarixiy burilish.
Shu bois, Eronga qilingan zarbani tahlil qilishda aynan shu umumiy kontekstni, ya’ni Tramp boshqaruvi davridan beri kuzatilayotgan tashqi siyosat tendensiyasini hisobga olish kerak. Bu alohida, unikal harakat emas, balki shu yangi siyosiy yo‘nalishning bir bo‘g‘inidir.
Aslida mana shu tendensiya nima? Agar qisqaroq, bir-ikkita so‘z bilan ifodalaydigan bir gap topa olsak, bu aslida tinchlikparvar siyosat emas edi. Mana shunaqa umumiy konseptual so‘z bilan aytsak, bu tinchlikparvar siyosat bo‘lmadi. Ya’ni qayerdagi, qaysi yonib turgan urush yoki mojaro o‘choqlari bo‘lmasin, mana shu o‘choqlarni so‘ndirish, to‘xtatish o‘rniga faqatgina xuddi yoqilg‘ini yanada sepib turgandek, yanada battarroq qo‘zg‘atishga hissa qo‘shsa qo‘shdiki, ammo tinchlikka emas. Bular ham, mana, bugungi bo‘lgan harakati ham ana o‘sha mantiqqa sig‘yapti.
Ya’ni shu — Ukraina masalasida nima qilganini eslaylik, G‘azo masalasida nima qilganini eslaylik, boshqa mavzularda mojaro bo‘lmasa ham NATOga, BMTga qilgan munosabati; bir nechta BMTning maxsus idoralaridan chiqib ketgani, Yevropa Ittifoqiga nisbatan, hatto “aql o‘rgatish” darajasida ayrim yevropaliklarga tanbeh bergani, hurmatsizlik qilganini olaylik, nima bo‘lmasin, mana shu umumiy tendensiya — tinchlikparvar emas, agressiv siyosat edi. Shuning uchun ham mana shu Eronni bombardimon qilganiga hayron qolmasligimiz kerakdir. Shunga olib kelayotgan edi, o‘zining mana shu tendensiyalari bilan. Birorta ham tinchlikka hissa qo‘shganiga guvoh bo‘lmadik.
Endi haligi savolingizga qisqacha javob bersam — “bu qonuniymi yoki yo‘qmi?” deganda, men aytgan bo‘lardim: mutlaqo qonuniy emas. Bir tomondan xalqaro huquqqa zid bo‘ldi bu xatti-harakatlar. Ikkinchi tomondan — o‘zining milliy huquqiga ham. Chunki bu harbiy harakat bo‘ldi. Bu oddiygina bir so‘z bilan yoki bayonotlar bilan cheklanmasdan, albatta, harbiy hujum bo‘ldi.
Bunday harakatlarga Amerika Qo‘shma Shtatlari yagona prezidentining qarori bilan amalga oshmaydi. Bunday qarorni qabul qilish uchun parlament bo‘lmish AQSh Kongressi ruxsat berishi shart, AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra. Bunday ruxsatnomani, deylik, Kongress bermagan edi. Kuni kecha men o‘zim ham kuzatdim — Tramp shu niyati bor ekanini bayon qilgandan keyin AQSh Kongressining o‘zida ham, sudlar tomonidan ham “Qanchalik u biryoqlama, o‘zining faqatgina irodasi bilan, Kongressning ruxsatisiz bunday qarorni qabul qila oladi?” degan savollar ko‘tarildi.
Demak, xulosa shundayki, Tramp AQSh Konstitutsiyasini ham buzgan holda — Kongress ruxsatini olmasdan bu qarorni qabul qildi. Shuningdek, xalqaro huquqni ham buzdi.
Xalqaro huquq deganda, suveren davlat — Eron qanchalik bu davlatning ichki yoki tashqi siyosati kimgadir yoqadimi yo yo‘qmi, bu holda qaror Trampning shaxsiy irodasiga bog‘liq bo‘ldi. Boshqa bironta davlat rahbari mana shunday bombardimon qilishini hozircha ko‘rmadik. Hatto bu harakatni hozircha bironta davlat qo‘llab-quvvatladi degan xabar ham kelgani yo‘q. Kutamiz, balki bo‘lar. Ammo bu — suveren davlatga qilingan hujum. Boshqa davlatning chegarasini qo‘pol ravishda buzgan holda hujum qilgan. Bunga nima deyish mumkin? Agressiya. Agressiyadan boshqa narsa emas.
Demak, xalqaro huquq buzildi. “Bu harakat qonuniymi?” degan savolni Trampning o‘ziga bersak, “ha, biz Eronda yadroviy dasturlarni aniqladik”, degan edi. Lekin shu bir necha kun oldin Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) bu haqdagi ma’lumotni tasdiqlamadi. Agar o‘zining mana shu o‘ta qudratli idorasi — Markaziy razvedka boshqarmasi tasdiqlamagan bo‘lsa, nimaga ishonib bunday qaror qabul qilindi?
MAGATE ham buni tasdiqlamadi. Ha, yadroviy dastur bordir, lekin bu hali xavfli darajaga — qizil chiziqdan o‘tib ketadigan holatga yetmagan edi. Chunki Eronning o‘zi: “Bu tinch maqsadlardagi yadroviy dastur”, deyapti. Eng qizig‘i, ikki oy oldin Tramp: “Biz 60 kun beramiz” deganida Eron rahbariyati ham muzokaraga o‘tirishga tayyorligini bildirgan edi. Demak, tinch yo‘l bilan hal qilish imkoniyatlari butkul yo‘qolmagandi. Chalg‘itdi Amerika. Bemalol o‘tirib muhokama qilish mumkin edi. Qizil chiziqlar hali buzilmagan edi. Qanday, qaysi ma’lumotga tayanib shunday qaror qabul qilindi?
Oxirgi gapim: bir narsani eslatmoqchiman. O‘z vaqtida shunga o‘xshash bir voqea Iroqqa nisbatan sodir bo‘lgan edi. Go‘yo Iroq ommaviy qirg‘in qurollarini yasayapti, xususan, yadroviy dasturlari bor deya, shundan kelib chiqib Iroqqa ham harbiy harakatlar amalga oshirilgan. Ammo u harakatlarni qonuniy deb aytish mumkin. Chunki BMT tomonidan ruxsat berilgan edi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti mana shu aksiyani, AQSh tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa-da, legitimlashtirib bergan edi. Ya’ni u harakatni xalqaro huquq nuqtai nazaridan qonuniy deb aytsa bo‘lardi. Garchi keyin ma’lum bo‘ldiki, Iroqda bunday qurol umuman yo‘q edi. AQSh rahbariyati o‘zi tan oldi noto‘g‘ri qaror qabul qilinganini.
Bu holatda esa BMTning hech qanday ruxsati yo‘q. AQSh, aniqrog‘i Tramp, o‘zining biryoqlama qarorini amalga oshirdi.
Shuning uchun ham savolingizga oxirgi javob: bu noqonuniy harakat bo‘ldi. Hatto AQSh Kongressi — xalq vakillari o‘tirgan organ ham bu harakatni tasdiqlamagan edi.
Endi, Farhod aka, uchta yadroviy obektlari bor bo‘lgan shaharlar — bular Natanz, Isfahon va Fordo urilyapti. B-2 bombardimonchi samolyotlari, mana, rasmini qo‘yganmiz, har biri 13,6 tonnadan iborat bo‘lgan bombalarini tashlagan. Bugun ertalabdan boshlab men turli G‘arb va asosan Amerika kanallari hamda ommaviy axborot vositalarini tomosha qilar ekanman, o‘sha yerda operatsiya qanday holatda yuz bergani, uning kadrlari namoyish etilyapti. Bemalol Qo‘shma Shtatlardan bombardimonchi samolyot chiqib ketgan va o‘sha hududlarga borib, birgina Fordo shahriga oltita bomba tashlagan.
Nega Fordo qiyin bo‘ldi? Chunki mana shu galgi boshlangan urushda Isroil hech amalga oshira olmayotgan edi. Chunki u tog‘ning yonbag‘rida joylashgan o‘sha yadroviy obekt edi va u yerni urolmayotgan edi Isroil. Va orada bu borada ham fikr almashildi Amerika bilan. Trampdan bu xususda bir-ikki marta eshitgandik: “Fordoni biz o‘zimiz uramiz” degan. Va undan keyin operatsiya tugashi bilanoq davlat kotibi, vitse-prezident va mudofaa vaziri, ya’ni Pentagonning sekretari bilan birgalikda chiqib, xalqqa murojaat qilishdi. Trampga ko‘ra, endi tinchlikni tanlash kerak, aks holda keyingi hujumlarimiz bundan ham battarroq bo‘ladi, degan o‘ziga xos bayonotini berdi.
Qonunchilar uning bemaslahat qilgan bu zarbasidan juda ham norozi. “Biz nima qilib o‘tiribmiz bu yerda xalq vakili bo‘lib? Bunday xalqaro darajadagi harakatlarga Kongress ruxsat berishi kerak!” Qator ommaviy axborot vositalari bu masalada fikr bildirdi, yozdi: “Bu impichment boshlanishiga sabab bo‘lishi mumkin” degan masalada. Endi bu yerda savol tug‘iladi: Eron nima qiladi?
Eron rasmiylari aytyapti: “To‘g‘ri, Fordo urildi. Shu paytgacha Fordoga hali biror marta zarba berishga erishishmagan edi, lekin qisman biz buni kutgan edik va Fordo zarba yedi. Lekin u yerdagi reaktorlarmi, yoki uranni boyitish obektimi — uranni biz allaqachon oldindan prognoz qilib, bir necha soat oldin olib chiqib ketgan edik” degan fikrni aytyapti ular.
Tramp esa: “To‘liq yakson qildik, hech narsa qolmadi. Fordo is gone” deb o‘z fikrlarini ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirdi. Eronning javobi qanday bo‘ladi degan savol muhim.
Avvalambor, biz hozir Trampning gaplari nechog‘lik haqiqatga yaqin ekanini to‘g‘ri tushunib olishimiz kerak. Tramp borib, ko‘rdimikin? Qo‘li bilan ushlab ko‘rdimikin? Uranni tatib ko‘rdimi yo yo‘qmi — hech kim bilmaydi. Na uning ekspertlari u yerda, na o‘zi. Faqat “side effect” deymiz-da, ya’ni bevosita emas, qandaydir boshqa belgilari orqali masalan, harbiy mutaxassislar, iqlimshunoslar yoki ekologlar tasdiqlab ko‘rsatib berishi mumkin. Ya’ni demoqchimanki, hozircha amerikaliklardan hech kim u yerga qadam bosib tekshirgani yo‘q — nima bo‘ldi, nima bo‘lmadi. Shunday ekan, Trampning ta’kidlovi shubhali.
Ikkinchidan, men ko‘proq uranni va umuman bo‘lajak zarbalar ehtimoldan xoli emasligini eronliklar to‘g‘ri anglab, oldindan uranni olib chiqib ketganiga ishonaman. Chunki ular ham anoyi emas. Bo‘layotgan keskinlikni juda yaxshi kuzatishyapti, Isroil bilan keskinlik kuchayayotganini ham idrok etgan holda. Agar mana shu necha yuz metrlik chuqur laboratoriyani, texnologik jihatdan o‘ta murakkab infratuzilmani yaratgan mutaxassislar, olimlar va rahbariyat hammasini uddalagan ekan, demak, strategik tafakkuri ham shunga yarasha kuchli deb o‘ylayman.
Ya’ni bunday ssenariy, bunday zarba bo‘lishi mumkin deb inobatga olgan. Ssenariy tahlili deymiz-ku, ya’ni bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli ehtimollarni hisobga olgan. Faqat “chuqurga joylashtiramiz, bomba yeta olmaydi” deb o‘ylamagan. Demak, turli chora-tadbirlarni oldindan ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Va men bunday taxminlarga ishonaman.
Aytganingizdek, Amerikaning o‘zida “bizlar bu yerda nima qilib o‘tiribmiz?” deb Kongress a’zolari e’tiroz bildiryapti. Shu munosabat bilan yana bir fikr: bilasizmi, Respublikachilar partiyasini tarixan demokratlardan ajratib turuvchi bir muhim omil — izolyatsionistik siyosat hisoblanadi. Buni hatto Tramp boshida tasdiqlagan edi. Izolyatsionistlar dunyo ishlariga unchalik aralashmaydi, “America First” — ya’ni “Avvalo Amerika” shiori bilan chiqishadi. Demokratlar esa ko‘proq globalistik siyosat yuritadi: dunyo ishlariga faol aralashadi, demokratik qadriyatlarni yoyishga harakat qiladi.
Ammo borgan sari, Tramp izolyatsionist emas, o‘ta xavfli globalistik siyosat yuritmoqda deb aytishimiz mumkin. U dunyo ishlaridan chetlashmadi, aksincha, juda faol va xavfli darajada aralashdi. Hatto buni ochiq-oydin namoyish qildi: “Bizda dunyodagi eng kuchli armiya, eng kuchli samolyotlar bor”, deb maqtandi.
Eng muhimi, savol tug‘iladi: oqibatlarini hisobga oldimi? Tor ma’noda — faqat Eronga qarab, “u yerda yadroviy dastur bor, xavfli darajaga yetgan” degan ajdahoni ko‘rgandek harakat qildimi? Yoki uning atrofidagi maslahatchilari buning oqibatlarini hisoblab berdimi?
Keling, taxmin qilaylik, rostdan ham u yerda yadroviy obekt bor va uni yo‘q qilish kerak edi. Ularni portlatgandan keyin, faqat Erondagi zaryadi yo‘q qilindi deb tinchiydimi vaziyat? Axir bu radiatsiya-ku! Bu butun mintaqaga tarqaladi-ku!
Bilasizmi, garchi u oddiy bomba bilan yadroviy obektni urgan bo‘lsa ham, menga bu zarba 1945 yildagi Xirosima va Nagasakiga tashlangan atom bombasini eslatadi. U yerda atom bombasi tashlandi, bu yerda oddiy bomba, lekin nishoni atom obekti. Menimcha, bularning farqi yo‘q. Agar Eronda rostdan ham yadroviy obekt bo‘lgan bo‘lsa va u portlagan bo‘lsa, bu ham xuddi atom bombasi portlagan holatga keladi.
U yerda necha o‘n yillikka tarqalgan kasalliklar, radiatsiya hozirgacha salbiy ta’sirini ko‘rsatyapti. Bu yerda ham Xudo ko‘rsatmasin, agar rostdan ham radiatsiya tarqalgan bo‘lsa, atom bombasi tashlanganidan farqsiz bo‘lib qoladi.
Endi The Washington Post o‘zining rasmlarini tarqatdi, bugun men ko‘rdim. Eron rahbariyati bu bo‘lishi mumkin bo‘lgan zarbani oldindan bilib, ozgina soat qolganda, ikki kun oldindan boshlab 16 ta yuk mashinasida uranni va u yerdan asosan o‘ziga kerak bo‘lgan muhim qismlarni olib chiqib ketgan bo‘lishi mumkin. Va Eronning o‘zi ham aytyapti: “Biz zarbani oldindan bilar edik, taxmin qilgandik va olib chiqib ketganmiz” degan fikrni bildiryapti.
Lekin Erkinbek aka, iqlimshunossiz, sizni bekorga chaqirmaganmiz. Eron bu — qo‘shnimizning qo‘shnisi. Turkmanistondan o‘tgandan keyin u yog‘i Eron va Erondagi bo‘ladigan har qanday, nafaqat siyosiy, iqtisodiy, balki ekologik, u yerdan bo‘ladigan o‘sha atmosfera bilan bog‘liq o‘zgarishlar O‘zbekistonga bir zumda yetib keladi Turkmaniston orqali. Mana, biz o‘zimiz fuqarolarimizni Turkmaniston orqali evakuatsiya qildik, chunki juda yaqin.
Eronda bugun 90 millionga yaqin odam yashaydi. Faqat Markaziy Osiyo emas, Eronning o‘zi ham e’tibor qaratishga loyiq holatda. Endi ular aytyapti: “Biz yadroviy obektlarni nishonga olib zarba berdik”. To‘g‘ri, bu uranni boyitish obektlari hali to‘liq yadroviy obekt hisoblanmaydi, shunga intilayotgan. Va agar bular aynan shularni urayotgan bo‘lsa, endi Amerika kanallari tinimsiz ertalabdan beri “radiatsiya yo‘q, radiatsiya yo‘q” deyapti. shamol bo‘lmasa, daraxt uchi qimirlamaydi, bir gap bordirki, bular tinimsiz shu gapni aytishyapti.
Eronning o‘zi ham bayonot berdi: “Bu hech qanday radiatsiya tarqalishiga olib kelmaydi” degan. Lekin baribir biz reallikdan uzoqqa chekinmasdan buni muhokama qilib o‘tishimiz kerak. Insoniyatga qanday zararlari bor?
Albatta, rahmat. Yuqorida Farhod aka zo‘r gapni aytdi: Xirosima, Nagasaki va hozirgi keys — Amerika Qo‘shma Shtatlari. U endi juda o‘xshash. Bir tomondan o‘xshaydi, bir tomondan o‘xshamaydigan joylari ham bor. Nega? Chunki zamon o‘zgaryapti.
Mana, shu Amerika Qo‘shma Shtatlarining o‘zining Machar degan sun’iy yo‘ldoshi juda ham yuqori aniqlikda, hatto 10 sm, 20 sm kattalikdagi obektni juda aniq ko‘ra oladi. Ularda ham ikki kun oldin, 19 iyun kungi tasvirlar bor. Voqea esa 21 iyun, Amerika vaqti bilan. Ikki kun oldin Pentagon ko‘rgan holat — ya’ni ular ana shu hududda jimir-jimir, g‘imir-g‘imir ishlar bo‘layotganini, to‘g‘ridan to‘g‘ri shu obektda juda katta yuk mashinalari boshqa joyga chiqib ketayotganini ko‘rgandan keyin — bilishimiz mumkinki, uran bilan boyitilmagan obektga zarba berilgan. Bu qo‘rqitishga o‘xshash holat.
Yana qiziq tomoni: Eronda ana shu quruvchi samolyotlarga qarshi birorta ham hujum bo‘lmayotgani siyosatshunoslarni ham qiziqtiryapti. Chunki ular talafotlarsiz, xavfsiz kirib boryapti. Uchta shaharga har bir quruvchi samolyot bombardimon bombalarni tashlab, yana hech qanday muammosiz tashqariga chiqib ketyapti. Mana shu holatning o‘zi, haqiqatan ham qiziq.
Har xil feyk xabarlar ham tarqaldi. Umuman olganda, portlashda uran moddasi 235 uran deyiladi — boyitiladi. Bu uran 235 turli xil termo-yadro reaksiyaga kiritish, atom elektr stansiyalari uchun reaktorlarda ishlatish uchun kerakli modda. Va yuqorida aytib o‘tganingizdek, Eron tinch maqsadlarda foydalanadi, deyiladi.
Lekin Eronda uran bilan ishlashda juda yuqori ilmiy maktab bor, olimlar bor. Bekorga u olimlar orqasida hozirgi holatlar yuz bermayapti. Isroil va Eron o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar ham bor. Ularda uran 235 moddasi 80–100 metr chuqurlikda, juda qiyin geografik sharoitda saqlanyapti.
Fordodagi portlash tasvirlarini ham ko‘ryapmiz. Tasvirda nur chiqadi. Agar reaksiya yuz bersa, ko‘k rangdagi nur yuzaga keladi. Bu nur radiatsiya tarqalayotganini anglatadi. Lekin hozirgi holatda bunday nur bilan bog‘liq vaziyat tasvirlarda ko‘rinmayapti. Demak, reaksiyaga kirmagan.
Ikkinchidan, MAGATEning o‘zi ham hech qanday radiatsiya tarqalmadi, degan rasmiy ma’lumotlarni beryapti. Va datchiklar — datchiklar deganim, mana shu Eron ob-havo byurosi, gidromet buni o‘zi kuzatadi yoki Turkmaniston ob-havo byurosida ham hozirgi kunlardagi so‘nggi ma’lumotlar bo‘yicha gapiradigan bo‘lsak, havoda radiatsiya biroz bo‘lsa-da ortishi, radiatsiya miqdorlari kuzatilmadi.
Lekin bilamiz, baribir yoz oylarida biz ko‘p eshitamiz: Eron hududlari orqali bizga Turkmanistondan issiq havo oqimlari kirib keladi, deyiladi. Va bugun ertalabdagi voqea, agar chindan ham juda katta radiatsiya tarqalish ehtimolini yuzaga keltirganida, bu holat O‘zbekistonga kirib kelishi mumkin edi — ya’ni Qoraqalpog‘iston, Xorazmga ikki-uch sutka ichida.
Chunki hozirgi Fordoda shakllanadigan issiq havo oqimi, past bosimli havo oqimi bizga ikki-uch kundan keyin yetib keladi. Toshkentda, masalan, shu seshanba va chorshanba kunlari harorat 40 darajadan yuqori ko‘tariladi, chunki issiq havo oqimlari aynan o‘sha nuqtadan kirib keladi bizga. Ikkita havo oqimi bizga shu hududdan kirib kelishini hisobga olib gapiradigan bo‘lsak, xavfli vaziyat edi.
Lekin xayriyatki, hozirgi MAGATEning rasmiy ma’lumotlari, sun’iy yo‘ldosh orqali radiatsiyani o‘lchaydigan turli dasturiy mahsulotlar va bo‘layotgan voqealar xronologiyasi, shuningdek, ob-havo byurolaridagi dozimetrik o‘lchovlar o‘zlari “chiyillab yuboradi”.
Masalan, Chernobilda ham sobiq sovet davlati ming marta berkitganiga qaramay, Shved meteorologiya xizmati ana shu datchiklar yonib ketganini, ulardan namuna olib, to‘g‘ridan to‘g‘ri reaktor ichidagi moddalar portlashdan yuzaga kelayotgan radioaktiv nur ekanini isbotlagan. Ya’ni o‘sha paytda ham "g‘imir-simirlar" bo‘lgan. SSSR yashirgan Chernobil voqeasini G‘arb mamlakatlari, xususan, Shvetsiya ob-havo byurosi voqeadan yarim sutka o‘tgandan keyin: "bu Chernobilda bitta reaktor portlab ketdi" deb rasmiy munosabat bildirgan.
Hozirgi holatdagi voqea ham shunday. Pentagon o‘zining raqamli, situatsion markazida ko‘ryapti. Nima uchun o‘sha yuklarni olib ketishdi — sen ko‘rib turibsan-da, yana qay tarzda o‘sha atom boyitilgan obektga bomba tashlaysan? Menimcha, bu V-2 degan qurolni qandaydir eksperiment yoki sinovdan o‘tkazish bo‘lgan, deb o‘ylayman.
Yana aytaman, agar radiatsiya tarqalganida, Eron hukumatining o‘zi ham evakuatsiya ishlarini boshlab yuborgan bo‘lar edi. Chunki birinchi navbatda radiatsiya 5 km radiusda tarqaladi, keyin 100 kmgacha yetadi. Bu esa to‘g‘ridan to‘g‘ri Tehronga to‘g‘ri keladi. Marshrut va shamol yo‘nalishi ham hozir aynan o‘sha tomonga qarab ketyapti. Ya’ni avval Fordoda bo‘layotgan voqea Tehronga, Tehrondan Turkmanistonga, keyin esa bizning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga o‘tishi kerak edi.
Lekin hozirgi holatda hech qanday evakuatsiya ishlari amalga oshirilmayapti. Demak, bu uchta shaharda amalga oshirilgan missiya — ya’ni uran boyitilgan konlarga zarba berish o‘zini oqlamadi.
Endi bilmadim, bu qandaydir V-2 ni eksperimentdan o‘tkazish holati bo‘lishi mumkin. Va yana bu savolni ko‘paytirish kerak, ko‘proq berish kerak.
Talafotlarsiz chiqib ketishi ham qiziq. Eronda bu darajadagi uchuvchi vositalarni kuzatish darajasi juda yuqori. Hatto kichik dron kirib kelsa, siz uni ko‘rasiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri raketa zarbalarini berishga majbur bo‘lasiz. Lekin bu yerda ko‘plab quruvchi samolyotlar talafotlarsiz, muammosiz chiqib ketgan.
Bu degani — V-2 bombardimonchi samolyotlarini urib tushirish oson emas. Shunday ma’lumotni ham o‘qidim.
Endi, Erkin aka, qisqa va lo‘nda qilib aytganda — kuchli nurlanish xavfi hozir yo‘q. Va agarda shunaqangi holat yana takrorlansa va to‘g‘ridan to‘g‘ri kuchli nurlanish yuzaga kelsa ham O‘zbekistonga ta’sir etmaydi. Chunki havo oqimlari hozir Turkmaniston va O‘zbekiston orqali kirib kelish pozitsiyasiga ega emas. Ular boshqa joyga — janubga, boshqa arab mamlakatlariga yoki, masalan, Ozarboyjonga ketishi mumkin.
Lekin hozirgi bir haftalikda bizda vaziyat barqaror. Bugungisida o‘sha marshrutdan issiq havo oqimlari kirib kelayotgani tufayli biz ham aynan shu ma’lumotni qo‘ydik. Va o‘ylaymanki, bu juda ham katta termo-yadro portlashini yuzaga keltirmaydi. Ya’ni xoh ikkinchi operatsiya bo‘lsin, u qanchalik mashtabli bo‘lmasin — 2000 km radiusda, hatto Toshkentgacha yetib keladigan nurlanish yoki shamol yo‘nalishi bo‘lgan taqdirda ham, hozirgi jarayonlarga qaraganda, Eronning o‘zi ham kelayotgan xavflarni ko‘ryapti va evakuatsiya ishlarini boshqa hududlarga ko‘chiryapti.
Yana takrorlayman: hozirgi vaziyat, bilmadim, Pentagon ikki kun oldingi sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan ko‘rib turibdi o‘sha hududda nima bo‘layotganini. Olib ketilayotgan yuklar, mashinalar. Aytyapman-ku, 20 sm aniqlikda ko‘rish mumkin hozir sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan. Va hozir havo toza, quyoshli. Ya’ni Eronda ham, bizda ham bulut yo‘q.
Hatto rasmlarni men ko‘rdim. Hatto sanashingiz ham mumkin — nechta yuk mashinasi kelib, qayerga kirib, yer qa’riga kirib ketyapti. Hammasi ko‘rinib turibdi. Va qancha yuk qayerdan kirib chiqdi — aytaman, 10 sm aniqlikda ko‘rish mumkin hozirgi sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan.
Intervyuni to‘liq YouTube’da tomosha qilishingiz mumkin.
Shoxruh Majidzoda suhbatlashdi.