softmedia.uz
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish
Telegram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Instagram ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish WhatsApp ijtimoiy tarmoqi orqali biz bilan bog'lanish Telefon orqali biz bilan bog'lanish Telegram boti orqali biz bilan bog'lanish Sahifani yopish

Eronga zarba bergan AQSh, Putinning oldiga kelgan Araqchi va Fordodan ko‘chirilgan yadro materiallari – kun dayjesti

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Eronga zarba bergan AQSh, Putinning oldiga kelgan Araqchi va Fordodan ko‘chirilgan yadro materiallari – kun dayjesti

Batafsil o'qish:

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

AQSh Erondagi yadroviy obektlarga zarba berdi

AQSh aviatsiyasi Erondagi uchta yadroviy obekt — Fordo, Natanz va Isfahonga hujum uyushtirdi. Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, Fordodagi asosiy obektga «yuklangan barcha bombalar tashlangan».

«Biz Erondagi uchta yadroviy obektga juda muvaffaqiyatli hujumimizni yakunladik», – deyiladi Amerika prezidenti postida. Keyingi postida Tramp bu AQSh, Isroil va butun dunyo uchun tarixiy palla ekanini bildirgan. «Endi Eron urushni to‘xtatishga rozi bo‘lishi lozim», – degan u.

AQSh harbiylari Fordodagi yadroviy obektga bunkerga qarshi 6 ta bomba tashlagan, shuningdek, Isfahon va Natanzdagi obektlar bo‘ylab Tomahawk rusumli 30 raketa uchirgan. Ko‘p o‘tmay Eron tomoni Fordo, Natanz va Isfahondagi obektlarga hujum qilinganini tasdiqladi. Eron davlat televideniyesi siyosiy direktori o‘rinbosari Hasan Abediniy Eron «jiddiy zarar ko‘rmagani, chunki materiallar allaqachon olib chiqib ketilgani»ni ta’kidlagan.

Eronga berilgan zarba atrofidagi voqealar

AQSh 22 iyun kuni Eronning yadroviy obektlariga B-2 bombardimonchilari bilan qilingan hujum operatsiyasi «Midnight Hammer» - "Tungi bolg‘a" deb nomlanib, 75 ta yuqori aniqlikdagi bomba, jumladan, 14 ta GBU-57 ishlatilgan. Harbiylarga ko‘ra, samolyotlar AQShdan ko‘tarilib, 18 soat deganda Eronga yetib kelgan.

Tramp xalq oldida chiqish qilib, bu hujumni «hayratomuz harbiy muvaffaqiyat» deb atadi. U Eronni yadro tahdididan qaytarish maqsadini bildirdi. Biroq Pentagon rahbari bu zarbalar rejim almashtirishga qaratilmaganini, obektlar yakson qilinmaganini, ammo jiddiy zarar yetganini ma’lum qildi.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi bu hujumni xalqaro huquq buzilishi deb baholadi va Isroilga 40 dan ortiq raketa bilan javob berdi. Kamida 11 kishi jarohat oldi. AQSh yaqin 48 soat ichida Erondan qasos zarbasi berilishini kutmoqda.

Shuningdek, Eron yadro dasturini davom ettirishini bildirgan. Xususan, Eron tomoni va sun’iy yo‘ldosh rasmlariga tayanilsa, Fordodagi yadro materiallari hujumdan oldin ko‘chirilgan.

AQSh Kongressida esa Trampning ruxsatsiz urush harakati keskin bahsga sabab bo‘ldi. Demokratlar bu Konstitutsiyaga zid ekanini aytmoqda, ba’zi respublikachilar esa Tramp qarorini qo‘llab-quvvatladi.

BMT, Yevroittifoq va Yaqin Sharqning ayrim davlatlari bu hujumni xavfli eskalatsiya deb atab, diplomatik yechimga chaqirdi. Isroil zarbani olqishladi, bosh vazir Binyamin Netanyahu esa Trampga minnatdorchilik bildirdi.

Putin bilan uchrashuv: Eron nimalar qilishi mumkin?

Eron javob tariqasida Isroilga zarba berishdan tashqari bir qancha choralar ko‘rishi kutilmoqda.

Xususan, bugun Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy Moskvaga kelgan. U Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

«Men Rossiya prezidenti bilan jiddiy maslahatlashuvlar o‘tkazaman. Rossiya – Eronning do‘sti. Biz har doim bir-birimiz bilan maslahatlashamiz va pozitsiyalarimizni muvofiqlashtiramiz», degan edi Eron bosh diplomati kechagi chiqishida.

Aroqchiyning ta’kidlashicha, Eron AQSh bilan olib borilayotgan yadroviy dastur bo‘yicha so‘nggi muzokaralar haqida Moskvani muntazam ravishda xabardor qilib turgan.

Bundan tashqari, AQShning zarbalari ortidan Eron parlamenti Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopishni zarur deb hisoblayapti. Bu haqda parlamentning milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi a’zosi Ismoil Kavsari ma’lum qilgan. Yakuniy qaror Eron Milliy xavfsizlik kengashi tomonidan qabul qilinadi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi global savdo va energetika nuqtayi nazaridan strategik ahamiyatga ega. U Fors ko‘rfazini Ummon ko‘rfazi va Arab dengizi bilan bog‘laydi. Dunyo bo‘yicha eksport qilinayotgan neftning qariyb 20 foizi, shuningdek, suyultirilgan gazning 35 foizdan ortig‘i aynan shu yo‘l orqali tashiladi.

Iroq, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Bahrayn, Qatar va BAA o‘z neft va gazini Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali eksport qiladi. Bu eksportlarning 80 %i Osiyo mamlakatlariga, qolgan qismi esa Yevropaga yo‘naltiriladi. Xitoy import qiladigan gazning chorak qismi shu yo‘ldan keladi. Bo‘g‘ozning eng tor joyi 33 km kenglikda. Uning shimoliy qirg‘oqlari Eron hududiga tegishli bo‘lib, Eron ushbu suv yo‘lini sezilarli darajada nazorat qiladi.

Yaman husiychilari Qizil dengizdagi AQSh kemalariga hujumlar uyushtirish niyatida

Yaman husiychilari Eron yadro obektlariga berilgan zarbalarga javoban Qizil dengizda AQSh kuchlariga hujumlar boshlash niyatida. Bu haqda husiychilar siyosiy byurosining a’zosi Muhammad al-Buheyti ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, birinchi bosqichda Qizil dengizdagi AQSh kemalariga hujumlar uyushtiriladi. «Ansar Alloh» harakati vakilining so‘zlariga ko‘ra, may oyida AQSh va husiylar o‘rtasida erishilgan sulh o‘z kuchini yo‘qotgan. O‘shanda husiylar Yaman hududiga o‘t ochishlar to‘xtatilishi evaziga Amerika harbiy kemalariga hujumlar uyushtirmaslik majburiyatini zimmasiga olgandi.

Bundan tashqari, harakat vakilining ogohlantirishicha, agar AQSh Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaroga aralashadigan bo‘lsa, isyonchi kuchlar mintaqadagi Amerika manfaatlariga zarbalar beradi. Oldinroq husiylar o‘z harakatlarini Islom inqilobi muhofizlari korpusi kuchlari bilan muvofiqlashtirgani va Isroilga gipertovushli raketalar orqali zarbalar uyushtirgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Damashqdagi cherkovda terakt: 20 kishi halok bo‘ldi

Suriya poytaxti Damashqning sharqiy qismida joylashgan avliyo Pavel cherkovida portlash sodir bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, portlovchi qurilmani xudkush terrorchi harakatga keltirgan.

Al Hadath telekanalining ma’lum qilishicha, cherkovga kirgan xudkush avtomatik quroldan o‘t ochgan, keyin esa portlovchi qurilmani harakatga keltirgan. Suriya hukumati hujum uchun mas’uliyatni IShID terrorchilik tashkiloti zimmasiga yukladi.

Terakt nasroniy aholi istiqomat qiladigan Duveyla dahasida sodir etilgan. Politsiya hududni qurshab olgan, voqea joyiga tez yordam yetib kelib, yaradorlarni olib ketmoqda. OAV terakt oqibatida halok bo‘lganlar soni 20 kishiga yetgani va 52 kishi yaralanganini aytmoqda.

Braziliyada havo shari halokati: 8 kishi vafot etdi

Braziliyaning Praya-Grande shahrida havo shari qulashi oqibatida kamida 8 kishi halok bo‘ldi, 13 nafar yo‘lovchi, jumladan uchuvchi omon qoldi. Sharda jami 21 kishi bo‘lgan.

Hodisa paytida shar savatida yondirgich tufayli yong‘in chiqqan, uchuvchi apparatni shoshilinch ravishda yerga tushira boshlagan va odamlarga sakrashni buyurgan. Bir qismi sakrashga ulgurgan, ammo ayrimlari ulgurmagan, shar yana yuqoriga ko‘tarilib ketgan va ko‘p o‘tmay qulab tushgan.

Havo shari tibbiyot markazi yaqinida yerga qulagan. Jabrlanganlar yaqin atrofdagi shifoxonalarga yetkazilgan.

Santa-Katarina shtati gubernatori Jorjino Mello voqeani fojia deb atadi va barcha resurslar jabrlanganlarga yordam berishga yo‘naltirilganini bildirdi. Braziliya prezidenti Lula da Silva ham qurbonlar oilalariga hamdardlik bildirdi.

«Tinchlikparvar prezident sifatida kelgan Tramp yangi urush boshladi» — Medvedev

Donald Tramp Eronning yadro obektlariga zarba berishni buyurib, «AQShni yangi mojaroga tortdi». Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ma’lum qildi. «Tinchlikparvar prezident sifatida kelgan Tramp yangi urush boshladi», — deb yozgan u.

Medvedevning ta’kidlashicha, «dunyoning mutlaqo katta qismi Isroil va AQSh harakatlariga qarshi», ayrim davlatlar hatto «Eronga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zining yadroviy jangovar komplektlarini yetkazib berishga tayyor». Shu bilan birga, Medvedev ular orasida Eronning «strategik sherigi» hisoblanuvchi Rossiya bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritmagan.

Medvedev, shuningdek, amerikaliklarning zarbasi jiddiy zarar yetkazmagani, ammo eronliklarni oyatulloh rejimi atrofida jipslashtirgani va endi Tehron aniq yadroviy qurolni yaratishiga ishonch bildirdi. «Bunday muvaffaqiyat bilan Trampga tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti nasib etmaydi… Yaxshi boshlanish, tabriklayman, janob prezident!» — deb yozadi u.