“Tartibsizlik yo‘lidagi yangi qadam” - AQShning Eronga zarbasiga dunyo davlatlari va siyosatchilar qanday reaksiya bildirdi?
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish AQShning Eron yadro obektlariga bergan zarbalarini “xalqaro tinchlik va xavfsizlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid” deya atadi. U mintaqadagi vaziyat shundoq ham xavf yoqasida ekanligini qayd etdi.
Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen X tarmog‘ida “Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerak”ligini yozib qoldirdi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer AQSh hujumi haqida gapirarkan, “Eronning yadro qurolini ishlab chiqishiga hech qachon yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini, AQSh bo‘lsa bu xavfni bartaraf qilish choralarini ko‘rganini” aytdi. Starmer Eronni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQShning Erondagi yadroviy obektlarga bergan zarbalarini qat’iy qoraladi. Vazirlik e’lon qilgan bayonotda 22 iyun kungi hujumlar “xalqaro huquqni buzish” ekanligi qayd etilgan.
“Shundoq ham ko‘plab inqirozlar girdobidagi Yaqin Sharqda mojaroning kuchayish xavfi sezilarli darajada oshdi”, — deyiladi Rossiya TIV bayonotida.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa 23 iyun kuni Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy bilan uchrashuvda “Eronga qarshi tajovuzning hech qanday asosi yo‘q”ligini aytdi.
Xitoy ham AQShning hujumini qoraladi. Mamlakat TIV rasmiy vakili Mao Ning tomonidan e’lon qilgan bayonotda Xitoy tomonlarni, ayniqsa, Isroilni ham iloji boricha tezroq o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Bundan tashqari Xitoyning Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni qayta o‘rnatishga xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikka tayyorligi ma’lum qilindi.
Yaponiya bosh vaziri Shigeru Ishiba sodir bo‘layotgan voqealardan jiddiy xavotirda ekanligini, keskinlikni kamaytirish zarurligini, shu bilan birga Eron yadro dasturini “jilovlash” muhimligini aytdi.
Turkiya prezidenti administratsiyasi Aloqa boshqarmasi direktori Faxriddin Altun AQShning Eronning yadroviy inshootlariga aviazarbasi va AQShning Isroilning Eronga qarshi tajovuziga qo‘shilishini “Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni emas, tartibsizlikni keltirib chiqaradigan yangi qadam” deya atadi.
Arab mamlakatlari ham AQShning hujumlariga reaksiya bildirdi. Xususan, AQSh bilan xavfsizlik sohasida mustahkam aloqalarga ega Saudiya Arabistoni “Eron suverenitetining buzilishini qoralashini va muammoni yechish uchun vazminlik zarurligini” qayd etdi.
Hududida AQSh bazalari joylashgan Iroq bu hujumlarni qoraladi. Hukumat vakili Bosim Alavadiy hujumni “Yaqin Sharqdagi tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid” deya atadi.
Misr, Livan, Qatar kabi arab mamlakatlari tomonlarni mojaroni harbiy harakatlar bilan emas, balki “siyosiy qarorlar va diplomatik yo‘l” bilan hal qilishi deb hisoblashini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 iyunga o‘tar kechasi AQSh armiyasi Eronning uchta yadroviy obektiga zarba berdi. AQSh prezidenti Donald Tramp xalqqa murojaatida Eronning uran boyitish bo‘yicha eng muhim inshootlari yo‘q qilinganini aytdi. Eron AQSh zarbalarini tasdiqladi, biroq obektlarga jiddiy zarar yetmaganini ma’lum qildi.