Afrikadagi vagnerchilar kannibalizmda ayblanmoqda
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Xalqaro jinoiy sudga Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi tomonidan Afrikada sodir etilgan vahshiyliklar bo‘yicha hisobot taqdim etildi.
Foto: AP
Rossiyaning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi tomonidan Afrikada 2021 yil dekabridan 2024 yil iyuligacha sodir etilgan ehtimoliy jinoyatlar haqidagi maxfiy hisobot Xalqaro jinoiy sudga (XJS) taqdim etildi. Bu haqda AP xabar berdi.
Hisobot qiynoqlar, jarohatlar, sudsiz o‘ldirishlar, kannibalizm holatlari, shuningdek, bu vahshiyliklar aks etgan videolarni internetda tarqatilishi bilan bog‘liq. Suddan «Vagner»ga aloqador shaxslar, shuningdek, Afrikaning bir qancha davlatlari va Rossiya hukumatlari faoliyatini tekshirish so‘ralgan. Aynan Afrika davlatlari ruxsati bilan «vagnerchilar» hududda faoliyat yuritgan edi.
Hisobotda boshqa narsalar qatorida, yopiq va pullik Telegram kanaliga havola berilgan. Ta’kidlanishicha, unda «Vagner» yollanma askarlari tomonidan afrikaliklarning shafqatsiz o‘ldirilishi fotosuratlari va videolari mavjud.
Videolarda harbiy kiyimdagi odamlar Mali fuqarolari ekani aytilayotgan odamlarning jasadini machete bilan parchalab, a’zolarini kesib, uzilgan oyoq-qo‘llar bilan tasvirga tushgan. Bir jangchi kimnidir jigarini yeyishini aytsa, boshqasi yurakni yulmoqchi ekanini aytadi. Burkina-Fasoda ham xuddi shunday videolarda erkak odamning uzilgan a’zolari bilan raqsga tushgan. Boshqa bir videoda askar inson tanasiga o‘xshab ko‘ringan narsani kesib, «Haqiqatan ham yaxshi go‘sht» degan.
«Vagner» shafqatsiz yollanma jangchilar sifatida o‘z global brendini rivojlantirish va targ‘ib qilish uchun axborot va kommunikatsiya texnologiyalaridan mohirona foydalangan. Xususan, ularning Sahel bo‘ylab xatti-harakatlarini aks ettiruvchi Telegram kanali shafqatsizligining «faxrli ommaviy namoyish»i bo‘lib xizmat qildi», dedi Lindsi Friman, Kaliforniya universitetining «Texnologiya, huquq va siyosat» dasturi direktori.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, suratlarni tekshirish qiyin bo‘lsa-da, ular harbiy jinoyatlarning dalili bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, vahshiyliklar aks etgan tasvirlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish ham harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkin.
XJS AP agentligiga ushbu hisobotga izoh bera olmasligini ma’lum qildi, ammo «Mali hududlarida inson huquqlarining keng tarqalgan buzilishi haqidagi turli xabarlardan» voqif ekanini va «vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishini» qo‘shimcha qildi.
«Vagner» XHK agentlikning video haqidagi savollariga javob bermadi.