Eron mazlum maqomini saqlab qolishga harakat qiladi - Rabbimov
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Tehrondagilar javob hujumlarini AQShga emas, Isroilga qaratishi mumkin, bu orqali Amerikadan takroriy hujumlar bo‘lishining oldini olish va Isroilni maksimal jazolashga erishish mumkin, deydi Kamoliddin Rabbimov. Shavkat Ikromov matbuotdagi ma’lumotlar hamda Eron va Rossiya rahbariyatining bu hujumlarga vazmin munosabatidan kelib chiqib, Eron yadro dasturini saqlab qolganini qayd etdi.
Eron o‘z yadro dasturiga AQShning hujumidan keyin Amerikaga to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy javobni ko‘rib chiqmoqda. Javob tezkor bo‘lmaganiga qaraganda, uning ortida vazminlik bilan qilinayotgan strategik hisob-kitoblar, Rossiya kabi ittifoqchilarning roli va boshqa omillar yotgan bo‘lishi mumkin.
Bu haqda Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi jonli efirdagi sonida siyosatshunoslar Shavkat Ikromov va Kamoliddin Rabbimov so‘z yuritdi.
Shavkat Ikromov: Nazarimda Eron javob bermadi deyishga hali erta, chunki voqealar soat sayin o‘zgarib boryapti. Qolaversa, AQShning yadro inshootlarga bergan zarbalari qanchalik samarali bo‘lgani ham dargumon. Agar haqiqatan ham Eronda yadroviy dasturlari to‘laligicha yo‘q qilingan bo‘lganda, mazkur holatda Tehronning reaksiyasi boshqacharoq bo‘lgan bo‘lar edi. Ma’lumotlarga qaraganda, Fordo yoki Natanzdagi yadroviy obektlarda mavjud zaxiralar hujumdan oldin olib chiqib ketilgan. Ya’ni sentrifugalar uch kun oldin evakuatsiya qilinib, ularning xavfsizligi ta’minlangan. Shuningdek, Eron o‘zini judayam vazmin tutayotganiga qaraganda, haqiqatan ham Tehron o‘zining yadro dasturini saqlab qola oldi.
Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, Eron uranni boyitishga to‘liq haqli, Rossiya esa bunga har tomonlama yordam bermoqda. Hozir Eronda yadro dasturi bo‘yicha ko‘maklashayotgan 200 dan ortiq rossiyalik vakil bor, tez orada ularning soni 600 dan oshishi kutilyapti. Rossiyaning bu haqdagi bayonoti mavjud voqealar bilan bir vaqtda yangradi.
Rossiya Eronning yaqin ittifoqchisiga aylangan va Moskva bu jarayonlardan jiddiy xavotirga tushmayotgandek ko‘rinmoqda. Shu nuqtayi nazardan qaraganimizda, Eron o‘zining yadro dasturini va boyitilgan uranni o‘zida saqlab qoldi deyishimiz mumkin. MAGATE berayotgan dastlabki xulosalar ham buni tasdiqlayapti.
Kamoliddin Rabbimov: Eronning to‘g‘ridan to‘g‘ri Amerika harbiy bazalariga hujum qilish ehtimoli kam. Eron butun o‘chini Isroilga qaratadi va bu orqali Isroilni ko‘proq jazolaydi. Rasmiy Tehron AQShning obektlariga emas, Isroilga hujum qilish orqali, bir vaqtning o‘zida ikkita vazifani bajaradi: Isroilga maksimal jarohat yetkazish va Amerikaning katta urushga kirib kelishiga imkoniyat bermaslik.
Ikkinchidan, Eronning javobi shunday bo‘ladiki, dunyo hamjamiyati ko‘z o‘ngida asosiy agressor davlat sifatida Isroil va Amerika qolaverishi kerak. Buning uchun Eronning javobi proporsional ravishda kuchli bo‘lib ketmasligi kerak. Ya’ni Eron bu yerda zolim emas, mazlumlik maqomini saqlab qolishga harakat qiladi.
Uchinchidan, hozirgi paytda Putinning ham, Netanyahuning ham, Trampning ham tafakkurini modellashtirib bo‘lmaydi. Chunki manipulyatsiya qilish va raqib tarafni maksimal chalg‘itish – asosiy o‘yin qoidasiga aylanib bo‘ldi. Sovuq urush davrida shakllangan tomonlarni xabardor qilish va o‘sha orqali bir-birini tiyib turish o‘yin qoidasi bugun aktual emas. Netanyahu yoki Isroil lobbisining chaqirig‘iga Tramp javob berdi. Ya’ni u haqiqatdan yadro obektini bombardimon qildi. Lekin rostdan ham Eronning yadro salohiyati kun tartibidan olib tashlandimi degan savolga javob yo‘q.
Shuningdek, suhbat davomida Eron–AQSh–Isroil urushidagi so‘nggi o‘zgarishlar muhokama qilindi. Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.