«Krokus»dagi terakt bo‘yicha tergov ishi yakunlandi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Tergov Moskva viloyatida sodir etilgan jinoyat «Ukraina manfaatlari yo‘lida» amalga oshirilgan deb hisoblamoqda.
Foto: RIA Novosti
Rossiya Tergov qo‘mitasi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida yuz bergan teraktga oid jinoyat ishi bo‘yicha tergovni yakunladi, deb xabar beradi idora matbuot xizmati. Ish sudga taqdim etilish uchun prokuraturaga yo‘naltirilgan.
Tergov versiyasiga ko‘ra, terakt Rossiyadagi «siyosiy vaziyatni berqarorlashtirish maqsadida Ukraina rahbariyati tomonidan rejalashtirilgan va ularning manfaatlari yo‘lida sodir etilgan».
Ta’kidlanishicha, ayblanuvchilarning bir qismi Dog‘istondagi ko‘ngilochar majmuada ham portlash uyushtirishni rejalashtirgan, ammo jinoyatning oldi olingan. Idora versiyasida keltirilishicha, Moskva viloyatidagi teraktda ayblanayotganlar uchun qurollar Kaspiysk shahri orqali yetkazilgan.
Tergov qo‘mitasining hisoblashicha, «Krokus»dagi teraktga tayyorgarlik bir necha oy davom etgan, ishga aloqador shaxslarning bir qismi Rossiyaga xorijdan kelgan.
Ish bo‘yicha jami 19 kishi ayblanmoqda. «Ikki nafar tashkilotchi va terrorchilik tashkilotining to‘rt nafar ishtirokchisiga nisbatan dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda», - deyiladi qo‘mita xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 22 mart kuni Moskva viloyatining Krasnogorsk shahridagi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida sodir etilgan teraktda 146 kishi halok bo‘lgan, 550 nafardan ortig‘i jarohatlangan edi. To‘rt nafar qurollangan shaxs konsert zaliga bostirib kirib, tomoshabinlarga qarata o‘q uzgan va binoga o‘t qo‘ygandi. Oqibatda «Krokus» binosi butunlay yonib ketgan.