Tramp Eron va Isroil «to‘liq otashkesimga» kelishganini e’lon qildi. Eron ham, Isroil ham buni tasdiqlamadi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil va Eron «to‘liq va mutlaq» o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lgani haqida yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kelishuv bir necha soat ichida kuchga kiradi. Lekin, Tramp bayonotidan so‘ng ham Isroil havo hujumlarini davom ettirdi. Eron tashqi ishlar vaziri rasman bunday kelishuv yo‘qligini aytdi. OAVga ko‘ra, Trampning ushbu bayonoti Oq uy ma’muriyati amaldorlarini ham hayratga solgan.
Foto: Eric Lee / The New York Times
AQSh Prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Eron va Isroil «to‘liq va mutlaq» o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgani, bu bir necha soat ichida kuchga kirishini yozdi.
Dushanba kuni Tramp bu bayonotni Eron tomonidan Qatardagi AQSh harbiylari joylashgan Al-Udayd aviabazasiga raketa hujumi uyushtirilganidan so‘ng e’lon qildi.
«BARChAGA TABRIK! Isroil va Eron o‘rtasida to‘liq va mutlaq O‘T OChIShNI TO‘XTATISh bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu kelishuv taxminan 6 soatdan so‘ng kuchga kiradi – ayni paytda har ikki tomon yakuniy harbiy operatsiyalarini tugatmoqda. Kelishuvga ko‘ra:
– Eron birinchi bo‘lib o‘t ochishni to‘xtatadi,
– 12 soatdan so‘ng Isroil ham o‘t ochishni to‘xtatadi,
– 24-soatda esa «12 KUNLIK URUSh»ning rasman yakunlangani butun dunyo tomonidan e’tirof etiladi.
Har bir tomon o‘z navbatidagi o‘t ochishni to‘xtatish davrida tinch va hurmatli bo‘lishi kerak. Hammasi reja bo‘yicha ketadi, bunga shubha yo‘q. Men Isroil va Eronga bu urushni yakunlash uchun namoyon qilgan sabr-toqat, jasorat va aql-idrok uchun tabrik aytaman. Bu urush yillar davom etishi va butun Yaqin Sharqni vayron qilishi mumkin edi – lekin bu sodir bo‘lmadi va hech qachon bo‘lmaydi!», deb yozgan AQSh prezidenti Donald Tramp.
Oq uy mansabdorining bildirishicha, Prezident Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Eron rasmiylari bilan suhbatdan so‘ng o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni e’lon qilgan. Muzokaralarga Qatar vositachilik qilgan.
The New York Times nashriga ko‘ra, ismi oshkor etilmagan Oq uy rasmiysi Qatar amiri Shayx Tamim bu muzokaralarda muhim rol o‘ynaganini aytgan. Kelishuv AQSh sharqiy soatiga ko‘ra 18:00da e’lon qilingan. Biroq bu xabar Tramp ma’muriyatining ayrim yuqori lavozimli amaldorlarini ham hayratga solgan.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Trampning gaplaridan so‘ng, rasmiy bayonot berib urushni boshlagan Eron emas, Isroil ekanligini eslatdi. Uning aytishicha, hozircha otashkesim haqida hech qanday kelishuv bo‘lmagan, Isroil hujumlarni to‘xtatsa, Eron ham to‘xtaydi.
«Hozircha hech qanday «o‘t ochishni to‘xtatish» yoki harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha rasmiy kelishuv mavjud emas. Biroq, agar Isroil rejimi Tehron vaqti bilan soat 04:00dan kechiktirmay o‘z tajovuzlarini to‘xtatsa, biz ham keyinchalik javob harakatlarini davom ettirish niyatida emasmiz.
Bizning harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha yakuniy qaror keyinroq qabul qilinadi», dedi Eron bosh diplomati.
Araqchining aytishicha, Eron Qurolli Kuchlarimiz Isroil hujumlariga javoban harakatlarini erta tong soat 04:00ga qadar davom ettirgan.
Tramp bayonotidan uch soat o‘tib, Isroil yana Eronga hujum boshlagan. Bu esa barcha tomonlar kelishuvga rozi bo‘lganmi, degan savollarni keltirib chiqarmoqda.
Channel-12 xabariga ko‘ra, Tramp dushanba kuni Bosh vazir Netanyahu bilan suhbatlashganidan avval, AQSh davlat kotibi Marko Rubio Isroilning strategik masalalar bo‘yicha vaziri Ron Dermer bilan muloqot qilgan. Telekanalning ma’lum qilishicha, Rubio Dermerga AQSh Eronning raketa obektlariga zarba bergach, urushni yakunlamoqchi ekanini bildirgan. Bunga javoban Dermer Isroil o‘z oldiga qo‘ygan barcha maqsadlarga erishish arafasida ekanini aytgan.
Shu paytgacha na Isroil bu kelishuvni rasmiy tasdiqlamagan. Tramp bayonotida, Eron Isroilga qarata hujumlarni to‘xtatishi, Isroil esa biroz kechroq harbiy harakatlarini tugatishini bildirgandi.
«Lekin, atigi bir necha daqiqa oldin poytaxt bo‘ylab havo mudofaasi tizimi ishga tushgani va portlash tovushlari eshitildi. Haqiqatda esa biz Isroil zarbalari davom etayotganiga guvohmiz, bu esa Erondan yangi javob hujumlariga zamin yaratmoqda», – dedi Al-Jazeera nashrning Tehrondagi muxbiri Tohir Asadi.
Yaqin Sharq bo‘yicha tahlilchi Umar Rahmon Al-Jazeera'ga bergan izohida, Tramp bayonotida muhim tafsilotlar yetishmayotganini, jumladan kelishuv ortidan muzokaralar bo‘ladimi yo‘qmi, noma’lum qolayotganini aytdi. Rahmon Trampni Isroil foydasiga aldovlar qilishda aybladi. Tramp birinchi Isroil hujumidan bir necha soat oldin AQSh diplomatiyaga sodiqligini bildirgan edi.
O‘tgan hafta Tramp AQSh urushga qo‘shiladimi-yo‘qmi degan qarorni ikki hafta ichida bildirishini aytgandi, ammo oradan ikki kun o‘tib Eronni nishonga oldi.
Isroil 13 iyun tongida Eronga qarshi keng ko‘lamli hujumni boshladi. Bu hujumlar bevosita turtkisiz amalga oshirilgan va yuzlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘ldi. Eron bu hujumlarni BMT Nizomiga zid tajovuz deb atab, Isroilga yuzlab raketalar bilan javob berdi. Bu hujumlar Isroilda katta vayronagarchiliklarga olib keldi. 22 iyun kuni esa AQSh Eronning uchta yadroviy obektiga zarba berdi. 23 iyun kuni Eron AQSh zarbalariga javoban Qatardagi Al-Udayd aviabazasiga raketa hujumi uyushtirdi. Tramp esa bu javobni «zaif» deb atadi va AQSh bunga javob qaytarmasligini bildirdi.
Eron yadroviy dasturining aniq zararlari noma’lumligicha qolmoqda. Tehron yadroviy qurolga intilmayotganini ta’kidlayapti, biroq Isroil yashirin yadroviy arsenali borligi haqida keng e’tirof etilgan.