Bu urushda Isroil o‘z tarixidagi eng yirik talafotlarga uchradi - ekspertlar
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
12 kun davom etgan Isroil–Eron urushida Isroilning mudofaasi ko‘pchilik o‘ylaganidek mustahkam emasligi ma’lum bo‘ldi. Netanyahu xalqiga katta va’dalar bergan edi, lekin u Tehrondagi hokimiyatni yiqitolmadi. Urushdan Eron ham saboq chiqardi. Siyosiy tahlilchilar Shuhrat Rasul va Farhod Karimov Kun.uz studiyasida shu kabi xulosalari bilan bo‘lishdi.
Shuhrat Rasul: Eron bo‘lajak muzokaralarda biroz ustunlikka erishishi mumkin. Sababi shu paytgacha G‘arb bilan faqatgina uranni qay darajada boyitish masalasi muhokama qilingan bo‘lsa, mamlakat endi MAGATE nazoratidan chiqib ketdi. Tashkilot bu masalani nazorat qilishi uchun ham Eronning qayta a’zo bo‘lish masalasi muhokamaning asosiy nuqtasiga aylanadi. Eron MAGATEga qaytishi evaziga qo‘shimcha talablar qo‘yishi mumkin.
Undan tashqari, AQSh Eronga tinchlik yo‘lida uranni boyitishga ruxsat bersa kerak, Eronning eng yaqin strategik ittifoqchisi Rossiya yoki Xitoy ham Eronning uranni qurol darajasida boyitish tarafdori emas edi. Lekin Eron yana shu masalada muzokaralarga qaytsa, o‘zining shartlarini ilgari surish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Isroil davlat sifatida tashkil topganidan beri o‘z tarixida biror marotaba urushlarda yengilmagan edi. Hatto bir o‘zi bir nechta arab davlatlariga qarshi urushganda ham yengib chiqqan edi. Bu galgi urushda esa Isroil shaharlari avval kuzatilmagan darajada katta zarar ko‘rdi.
Farhod Karimov: Ikki davlat ham katta zarar ko‘rdi, Isroilning havodan mudofaa tizimlari afsonaviy emasligi va Eronning ham salohiyati yetarli ekani namoyon bo‘ldi.
Undan tashqari, Eron jamiyatida iqtisodiy zo‘riqish va hukumatga nisbatan norozilik holati yuqori edi. Aynan Isroil bilan bo‘lgan mana shu qisqa muddatli urush Eron hamjamiyatini qaytadan birlashtirdi. Xominaiy hukumatining legitimligi ancha mustahkamlangandek ko‘rindi. Hattoki muxolif guruhlar ham bu urushni oqlagani yo‘q va Eronning hududiy yaxlitligini ta’minlash haqida gapirdi.
Eron bu urushdan katta saboq oldi, endi mamlakat tashqarisidagi guruhlarni emas, o‘z ichki mudofaa tizimini mustahkamlashga e’tibor qaratsa kerak.
Netanyahu esa Isroil xalqiga katta va’dalar bergan edi, lekin u aytganidek Eronning yadro loyihasi to‘liq yo‘q qilinmadi, mamlakatda siyosiy boshqaruv o‘zgarmadi. Agar Netanyahu yangi biror narsani o‘ylab topmasa, unga nisbatan ochilgan sud ishlari yana faollashadi.
***
Suhbat davomida Isroil–Eron urushida AQSh omili va mintaqa atrofidagi joriy vaziyat ham muhokama qilindi. Suhbatni to‘liq holda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.