Qizil dengizda kema cho‘kib ketdi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Yaman husiylari Qizil dengizdagi xalqaro yuk kemalariga oxirgi bir necha oy davomida raketalar va dronlar bilan hujum qilmoqda, biroq hujumlar oqibatida birinchi marta kema cho‘kib ketdi.
Bild nashrining yozishicha, Beliz bayrog‘i ostidagi Rubymar kemasiga hujum 18 fevral kuni Qizil dengizni Adan ko‘rfazi bilan bog‘lovchi asosiy suv yo‘li Bob ul-Mandib bo‘g‘ozida sodir etilgan. Yaman hukumatiga ko‘ra, jiddiy zarar ko‘rganidan so‘ng, kema boshqaruvsiz qolib, shimolga harakatlangan va keyinchalik cho‘kib ketgan.
Bundan tashqari, AQSh harbiylari kemaning cho‘kishi atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazishi haqida oldindan ogohlantirgan. Qayd qilinishicha, Rubymar 41 ming tonna o‘g‘it tashigan. Bundan tashqari, kema atrofida bir kilometr uzunlikdagi neft qoldiqlari pardasi paydo bo‘lgan. Kema ekipaji hujumdan so‘ng Afrikaning Jibuti davlatiga evakuasiya qilingan.
2023 yil noyabr oyidan boshlab, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiy isyonchilar Qizil dengiz orqali o‘tuvchi kemalarga hujum qila boshladi. Avvaliga faqat Isroil bilan bog‘liq kemalar hujumga uchradi, ammo keyinchalik boshqa mamlakatlar, jumladan Amerika kemalari ham nishonga olindi.
Manba: www.aniq.uz