Moskva Il-76 qulashida halok bo‘lganlarning jasadini Kiyevga topshirmoqchi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Rossiya 24 yanvar kuni Belgorod viloyatida Il-76 harbiy-transport samolyoti qulashi oqibatida halok bo‘lganlarning jasadlarini Ukrainaga topshirishga tayyor. Bu haqda 1 mart, juma kuni «RIA Novosti» agentligiga Rossiya Federasiyasining inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova ma’lum qildi. «Buning uchun prosessual nuqtayi nazardan zarur bo‘lgan hamma narsa mavjud. Jasadlar mavjud tartib-qoidalar bo‘yicha topshirilishi mumkin», - deya iqtibos keltiradi agentlik rossiyalik rasmiy so‘zlaridan.
Moskalkovaning so‘zlariga ko‘ra, samolyot halokati bo‘yicha u Ukraina Oliy radasi vakili Dmitriy Lubines bilan aloqada. Moskalkova, shuningdek, Ukraina tomoni jasadlarni topshirish imkoniyatidan manfaatdor ekanligini, Rossiyada «ekspertiza natijalariga ko‘ra, shaxsni aniqlashga imkon beradigan tasdiqlash va barcha DNKlar bor»ligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Il-76 harbiy-transport samolyoti 24 yanvar kuni Belgorod viloyatida, Yablonovo qishlog‘i yaqinida halokatga uchradi. Avvalroq Rossiya Tergov qo‘mitasi (RTQ) halok bo‘lganlarning barchasi jasad qoldiqlari aniqlanganini ma’lum qilgandi. Samolyot qulagan hududda jami 670 dan ortiq jasad parchalari, shuningdek, qisman saqlanib qolgan shaxsiy hujjatlar topildi, deyiladi departament xabarida. Ekspertiza topilgan qoldiqlar olti ekipaj a’zosi, uch harbiy polisiya zobiti va 65 ukrainalik harbiy xizmatchiga tegishli ekanligini ko‘rsatdi, deya ta’kidlaydi Rossiya tergovi.
Manba: www.aniq.uz