Kanadada avtomobil odamlarni bosib ketdi. Qurbonlar bor
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Shanba kuni kechqurun Vankuverda filippinliklar diasporasi uyushtirgan ko‘cha sayli chog‘ida avtomobil odamlar ustiga yurib ketdi. Shahar politsiyasi to‘qqiz kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Haydovchi qo‘lga olingan.
Foto: Videodan kadr
Mahalliy vaqt bilan kechqurun soat 20:00 atrofida qora rangli yo‘ltanlamas mashina bostirib kelganida filippinliklar jamoasi asosiy bayramlaridan biri — XVI asrda mustamlakachilarga qarshi kurashgan Lapu-Lapu kunini nishonlayotgandi.
Vankuver politsiyasi hodisani terrorchilik akti deb hisoblamasligini bildirgan. «Ayni vaqtda to‘qqiz kishi halok bo‘lganini tasdiqlashimiz mumkin», — deb xabar bergan huquq-tartibot organlari xodimlari.
Avvalroq Kanadaning Global News nashri manbaga asoslanib, kamida 8 kishi halok bo‘lib (qurbonlardan biri yosh bola), 6 kishi jarohatlanganini xabar qilgandi.
Voqea joyida bo‘lgan Bao Buns fudtraki egasi Yoseb Varde BBC World Service’dagi Weekend dasturiga bergan izohida festivaldagi so‘nggi chiqish tugagach, avtomobil tor ko‘cha bo‘ylab katta tezlikda harakatlangani va to‘g‘ridan to‘g‘ri yig‘ilganlar ustiga yurganini aytib bergan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mashina taxminan 100 km/soat tezlikda harakatlangan.
Haydovchi mashinani to‘xtatib, qochishga uringan, biroq uni atrofdagilar ushlab olgan.
«Menimcha, u maksimal darajada zarar yetkazmoqchi bo‘lgan. Men fudtraklar ostida yotgan jasadlarni ko‘rdim, erlar o‘z rafiqalari yoki farzndlarini izlab qichqirishgan – bu juda dahshatli edi», – deydi Varde va bir necha mijozi halok bo‘lganini qo‘shimcha qiladi.
Bayram dasturida parad, film namoyishi, raqslar va Black Eyed Peas guruhi a’zosi ishtirokidagi konsert o‘rin olgandi. Global News nashri yozishicha, voqea musiqachilar chiqishidan so‘ng darhol sodir bo‘lgan.
Bayram munosabati bilan Vankuverga kelgan jurnalist Kris Pangilinan CBC telekanaliga ma’lum qilishicha, ishchilar bu vaqtda allaqachon sahnani yopib, mashinalar uchun to‘siqni olib tashlagandi (ko‘chaning bir qismi festival vaqtida piyodalar uchun mo‘ljallangan hududga aylantirilgan). Ular avtomobillarga odamlarni chetlab o‘tib ketishga yordam berishayotganda, bir mashina to‘satdan tezlikni oshirib, odamlarni bosib o‘tgan.
«Bu harbiy harakatlar zonasiga o‘xshardi», – deya qo‘shimcha qildi u.
Mashina haydovchisi – Vankuverda yashovchi 30 yoshli erkak voqea joyida qo‘lga olingan.
Kanadada dushanba kuni parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi (muddatidan oldin ovoz berish allaqachon boshlangan). Mazkur hodisadan bir necha soat oldin Kanadaning sotsial-demokratik Yangi demokratik partiyasi festivalda o‘zining saylovoldi tadbirini o‘tkazgan edi va unda partiya yetakchisi Jagmit Singh ham qatnashgandi.
«Bu shunchalik dahshatliki, nima deyishni ham bilmayman. Men yaqinda o‘sha yerda edim va jilmayib, raqsga tushayotgan bolalarning yuzlarini ko‘z oldimga kelyapti», – deya siyosatchining so‘zlarini keltiradi CTV News.
Kanadaning boshqa siyosatchilari ham Filippin jamoasiga hamdardlik bildirishdi. Ular orasida bosh vazir Mark Karni, Konservativ partiya yetakchisi Per Pualevr, Britaniya Kolumbiyasi bosh vaziri Devid Ebi va Vankuver meri Ken Sim kabilar bor bor.