Hindiston Kashmirda sayyohlarni otib tashlagan terrorchilarning uylarini buzib tashladi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Rasmiylar buni ochiq tan olmagan bo‘lsa-da, uylarni portlatish jarayoni namoyishkorona bo‘lgan.
Foto: AFP/Getty Images
Hindiston Kashmirdagi terrorchilik hujumiga aloqadorlikda gumonlanayotgan shaxslarga tegishli kamida 10 ta uyni buzib tashladi, deb xabar berdi BBC.
Terrorchilikda gumon qilinganlarning uylarini portlatish 29 aprel kuni namoyishkorona boshlangan, ammo mahalliy hokimiyat bu harakatlarni rasman terakt bilan bog‘lamayapti. Shu fonda Hindiston va Pokiston chegarasida otishmalar davom etmoqda va sayyohlarga uyushtirilgan hujumlar ortidan boshlangan reydlarda 1500 dan ortiq odam hibsga olingan.
Shuningdek, bugun Pokiston Mudofaa vaziri Xavaja Osif Hindistonning Pokistonga bostirib kirishi «muqarrar» va Pokiston allaqachon choralar ko‘rayotganini, jumladan, hamkor davlatlarni xabardor qilganini aytdi.
22 aprel kuni jangarilar Baysaron vodiysida bir guruh sayyohlarga qarata o‘t ochdi. Oqibatda Hindistonning 25 fuqarosi va Nepal fuqarosi halok bo‘ldi. Hujum uchun mas’uliyatni Hindiston nazoratidagi Kashmir hududi bilan bahslashuvchi Pokistonning «Lashkar-i-Toyba» guruhiga aloqador bo‘lgan «Qarshilik fronti» o‘z zimmasiga oldi. Guruh Pokistonda ham, Hindistonda ham rasman taqiqlangan, biroq Hindiston rasmiylari Pokiston rahbarlarini ushbu terrorchilarni qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblamoqda.
Voqeadan so‘ng har ikki davlat bir-biriga qarshi qator cheklovlar joriy qildi: xususan, o‘zaro vizalar bekor qilindi va elchixonalaridagi xodimlar soni qisqartirildi. Hindiston, shuningdek, daryodan birgalikda foydalanishni tartibga soluvchi 1960 yildagi «Hind suvlari» shartnomasini ham to‘xtatdi. Pokiston bunga javoban Hindiston aviakompaniyalari uchun havo hududini yopdi.