Germaniyada «Germaniya uchun alternativa» partiyasi ekstremistik deb topildi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Partiya aprel oyida Germaniyadagi eng ommabop siyosiy kuchga aylangan edi. Uning ekstremistik deb tan olinishi darhol taqiqlanishini anglatmaydi, biroq faoliyatiga jiddiy cheklovlarni qo‘yadi.
Foto: Getty images
Germaniyaning Konstitutsiyani himoya qilish federal idorasi (kontrrazvedka) «Germaniya uchun alternativa» (Alternative für Deutschland, AfD) o‘ta o‘ng partiyasini ekstremistik deb e’lon qildi.
«Qochqinlar va migrantlarga qarshi davom etayotgan targ‘ibot bu partiyaning odamlarga nisbatan xurofot, nafrat va qo‘rquvni yoyishiga xizmat qiladi», deyiladi kontrrazvedka bayonotida.
Bayonotda qayd etilishicha, AfD musulmon davlatlaridan kelgan qochqinlarni Germaniya jamiyatining teng huquqli a’zolari sifatida tan olmaydi. Partiya uch yil davomida tekshiruvdan o‘tkazildi. AfD vakillarining bayonotlari va xatti-harakatlari, jumladan, ularning o‘ng qanot ekstremistik guruhlar bilan aloqalari o‘rganildi. Oxirgi uchta parlamenti (Landtag) saylovlari bo‘yicha saylov kampaniyasi davomida partiya faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Aprel oyi oxirida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, AfD respondentlarning 26 foizi qo‘llab-quvvatlagan holda Germaniyadagi eng ommabop siyosiy kuchga aylandi. Bu partiyani qo‘llab-quvvatlashning rekord darajasidir. Fevral oyida Bundestagga muddatidan oldin saylovlar bo‘lib o‘tdi, unda AfD 20,8% ovoz bilan tarixda birinchi marta ikkinchi o‘rinni egalladi. Saylovda Xristian-demokratik va xristian-sotsial ittifoqi bloki g‘alaba qozondi.
AfD partiyasining ekstremistik deb tan olinishi uning taqiqlanishini anglatmaydi, biroq faoliyatiga jiddiy cheklovlarni qo‘yadi. Jumladan, partiya yoki uning bo‘linmalari maxsus xizmatlar tomonidan kuzatuv nishoni deb e’lon qilinishi mumkin. Bu davlatga ular haqida razvedka ma’lumotlarini to‘plash imkonini beradi, masalan, telefonlarni tinglash, kuzatuv, yozishmalarni tahlil qilish va a’zolar ustidan josuslik.
Shu bilan birga, bunday e’tirof partiya obro‘siga kuchli ta’sir qiladi: uning tarafdorlari radikal, millatchilik yoki konstitutsiyaga zid qarashlar bilan bog‘lanadi. Bu saylovchilarning bir qismini cho‘chitadi va boshqa partiyalar bilan siyosiy hamkorlikni murakkablashtiradi.
Agar ekstremistik xususiyat sud tomonidan tasdiqlansa, saylovlarda ishtirok etish taqiqlanishi mumkin. Partiya a’zolari, agar konstitutsiyaviy tuzumga tahdid deb topilsa, davlat lavozimlarida ishlashdan chetlatiladi.
Partiya davlat mablag‘idan mahrum bo‘lishi mumkin. Xususiy donorlar va tashkilotlar obro‘-e’tibor va huquqiy xavflardan qo‘rqib, o‘zini uzoqqa oladi.
AfD partiyasining ekstremistik deb topilishi taqiq emas, balki bu partiya yoki uning tuzilmasi demokratik jamiyatda maqbul bo‘lgan chegarani kesib o‘tganiga jiddiy ishoradir.