Rossiyaning Ukrainadagi maqsadlari o‘zgardi – CNN
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Rossiya o‘z nazoratiga olgan hududlarda pozitsiyalarini mustahkamlashga e’tibor qaratishi ta’kidlanmoqda.
Foto: Reuters
Rossiya Ukraina bilan urushdagi maqsadlarini «qisqa muddatli maqsadlarga» o‘zgartirgan bo‘lishi mumkin, deb yozdi CNN AQSh va boshqa G‘arb razvedka xizmatlaridan xabardor manbalarga tayanib.
Telekanal keltirgan razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya tomoni nazoratga olgan hududlarda «o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash va murakkab ahvolga tushib qolgan Rossiya iqtisodiyotini rag‘batlantirishga» e’tibor qaratmoqchi.
Maqolada CNN bilan gaplashgan amerikalik va ukrainalik yuqori martabali amaldorlarning fikrlari keltirilgan. Ulardan biri o‘zgarishlar Moskvaning Vashington bilan munosabatlarini yaxshilash istagi bilan bog‘liq deb hisoblaydi.
Shu bilan birga, suhbatdoshning fikricha, Rossiya o‘zining «maksimalistik harbiy maqsadlaridan» voz kechmayapti, shu jumladan, Ukrainaning yangi hududlarini o‘z nazorati ostiga olishdan.
Joriy yilning boshida AQSh razvedka xizmati vakillari prezident Donald Tramp maslahatchilariga Rossiya aynan shunday yo‘l tutishga intilayotganini aytgan edi, deb xabar berdi CNN.
Shu hafta Kreml prezident Vladimir Putinning maqsadlari harbiy amaliyot boshlanganidan beri o‘zgarmaganini aytdi: «Biz milliy manfaatlarimizni ta’minlashimiz kerak». Bir oy oldin Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Rossiya xavfsizligini ta’minlash maqsadini aytib, Moskva kelishuvdan manfaatdor ekanini ta’kidlagan edi.