Eronda qum bo‘ronlari sabab 800 dan ortiq odam shifoxonalarga murojaat qildi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Murojaat qilganlarda yurak va nafas olishdagi muammolar kuzatilgan. Rasmiylar aholini imkon qadar uydan chiqmaslikka chaqirdi.
Foto: APA
Eron janubi-g‘arbidagi Xuziston viloyatiga yopirilgan qum bo‘ronlari sabab so‘nggi 24 soat ichida shifoxonalarga 802 kishi murojaat qildi. Bu haqda Tibbiyot fanlari universiteti rektori o‘rinbosari Meysem Muazi ma’lum qildi.
Uning ta’kidlanishicha, fuqarolar yurak va nafas olishdagi muammolar bilan murojaat qilgan.
«Ularning 92 nafari shifoxonaga yotqizilgan, qolganlariga tekshiruvlardan keyin javob berildi», — deydi u.
Muazi mahalliy aholini, ayniqsa, bolalar, homilador ayollar, keksalar va respirator kasalliklari bor odamlarni uydan chiqmaslikka chaqirdi.
Xuziston meteorologiya xizmati payshanba va juma kunlari qum bo‘ronlari kuzatilishi sabab «qizil darajadagi ogohlantirish» e’lon qilib, bu insonlar sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishidan ogohlantirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, aprel o‘rtalarida Iroqning markaziy va janubiy hududlariga yopirilgan qum bo‘ronlari aholi salomatligida jiddiy muammolar keltirib chiqargan hamda transport qatnovlarida uzilishlarni yuzaga keltirgan edi. O‘shanda 3,7 mingdan ortiq odam nafas olish yo‘llari asoratlari bilan tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan, ulardan 1800 dan ortig‘i shifoxonalarga yotqizilgandi.