Zelenskiy Chexiyada: Rossiya bilan sulhga istalgan vaqtda erishish mumkin
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Ukraina prezidentining eslatishicha, Rossiya deyarli ikki oydan beri Amerikaning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifiga e’tibor bermay kelmoqda. Putin urushni «bitta qaror bilan» tugatishi mumkin, biroq hozircha «bunday xohish ko‘rsatilmagan», - dedi Chexiya prezidenti.
Foto: Petr David Josek/AP Photo/picture alliance
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 4 may, yakshanba kuni Chexiya Respublikasiga tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Rossiya bilan istalgan vaqtda o‘t ochishni to‘xtatish mumkinligini aytdi. «Biz ishonamizki, Rossiya bosim kuchaytirilmasa, urushni tugatish uchun real qadamlar qo‘ymaydi. Bugun Rossiya hatto Amerikaning to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish taklifini ham e’tiborsiz qoldirganiga 54 kun bo‘ldi», — dedi Zelenskiy chexiyalik hamkasbi Petr Pavel bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida.
«Biz o‘t ochishni to‘xtatishga har qanday vaqtda, hatto bugundan boshlab ham erishish mumkin, deb hisoblaymiz va diplomatiyaga haqiqiy imkoniyat berish uchun kamida 30 kun davom etishi kerak», — deya ta’kidladi Ukraina rahbari.
Avvalroq, Rossiya prezidenti Vladimir Putin 9 may kuni G‘alaba bayramini nishonlash davomida uch kunlik sulh e’lon qilgan edi. Zelenskiy bu taklifni «manipulyatsiya» deb atagan va Moskvadagi parad davomida qisqa muddatli o‘t ochishni to‘xtatish o‘rniga, hech bo‘lmaganda jangovar harakatlarni 30 kun ichida to‘xtatish bo‘yicha kelishib olish maqsadga muvofiqligini yana bir bor ta’kidladi.
9 may G‘alaba paradida tanklarni maydonga tushirish o‘rniga, Putin «o‘z urushini haqiqatda qanday tugatish haqida» o‘ylashi kerak, dedi Ukraina prezidenti. «Uch narsa kerak: Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish va Yevropa bo‘ylab mudofaa sohasidagi hamkorlikni sezilarli darajada kengaytirish. Rossiya bilishi kerakki, yevropaliklar o‘zlarini himoya qiladilar», — dedi Zelenskiy.