G‘azoga qoldirilgan «Papamobile», yadro qurolini eslagan Putin va Pokistonga suvni to‘sib qo‘ygan Hindiston - kun dayjesti
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Isroil qamoqxonalarida minglab falastinlik mahkumlar o‘lyapti
Isroil qamoqxonalaridagi minglab falastinliklar zo‘ravonlik, qiynoqlar va tibbiy e’tiborsizlik tufayli asta-sekin o‘lmoqda. Bu haqda Falastin mahkumlari uyushmasi raisi Abdulla al-Zegariy ma’lum qildi.
Al-Zegariy Belgiya poytaxti Bryusselda “Falastinlik mahbuslarni qo‘llab-quvvatlovchi Yevropa alyansi” konferensiyasida nutq so‘zladi.
«Qamoqxonalardagi minglab falastinliklar mahbuslar ularni jismonan va ruhiy jihatdan charchatadigan bunday jinoyat va siyosat tufayli sekin-asta nobud bo‘lmoqda», — deydi u.
Uyushma rahbarining aytishicha, Isroil qamoqxonalari falastinlik mahbuslar uchun qiynoq markazlariga aylangan.
Buni ozodlikka chiqqan mahbuslarning hikoyalari ham tasdiqlaydi. Bu haqda mahbuslarning oldiga borgan advokatlar xabar bergan.
Uning ta’kidlashicha, Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinlik mahbuslar, jumladan, ochlik va jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lyapti.
Putin Ukrainada yadro qurolidan foydalanish «kerak bo‘lmasligiga» umid bildirdi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Rossiyada yadro qurolidan foydalanishga «ehtiyoj bo‘lmaganini» aytdi va kelajakda bunga ehtiyoj qolmasligiga umid bildirdi.
Putin bu haqda «Rossiya. Kreml. Putin. 25 yil» filmiga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
“Ular bizni g‘azablantirmoqchi bo‘ldi, bizni xato qilishga undamoqchi bo‘ldi. Siz aytib o‘tgan [yadroviy] qurollardan foydalanishning hojati yo‘q edi — va umid qilamanki, kerak bo‘lmaydi. 2022 yilda boshlangan ishni Rossiyaga kerakli natija bilan mantiqiy yakuniga yetkazish uchun bizda yetarlicha kuch va resurslar bor”, dedi u.
Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri Moskva ma’lum sharoitlarda yadro qurolidan foydalanishi mumkinligini bir necha bor tan olgandi. Xususan, Rossiya yadroviy doktrinasini qayta ko‘rib chiqdi va Belarus hududida jangovar kallaklarni joylashtirdi. G‘arb va Ukraina Rossiyani «yadroviy shantajda» aybladi.
2024 yilda Amerikaning yirik ommaviy axborot vositalari urushning birinchi yilida AQSh rasmiylari Rossiyaning Ukrainaga yadroviy zarba berish xavfini jiddiy ko‘rib chiqqani va javob rejasini ishlab chiqqani haqida yozgan.
Hindiston Pokistonga suvni to‘sib qo‘ydi
Hindiston Chenab daryosidagi Baglihor to‘g‘oni orqali Pokistonga suv yetkazib berishni to‘xtatdi. Shuningdek, Jyelum daryosidagi Kishanganga to‘g‘onida ham shunday choralar ko‘rishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Press Trust of India agentligi manbalarga tayanib.
Avvalroq Pokiston tomoni Hind daryosidan suv ta’minotini to‘xtatishga qaratilgan har qanday urinish «urush harakati» sifatida baholanishini bildirgandi.
22 aprel kuni Pahalgam shahrida qurolli guruh tomonidan uyushtirilgan hujumda 26 kishi halok bo‘lgan edi. Halok bo‘lganlarning aksariyati sayyohlar. Hindiston Islomobodni voqeaga aloqadorlikda aybladi, biroq Pokiston bu ayblovlarni rad etib, mustaqil tergov o‘tkazishga chaqirdi.
Pahalgamdagi fojiadan keyin Nyu-Dehli Pokiston bilan deyarli barcha diplomatik munosabatlarni uzib, quruqlik va havo chegaralarini yopdi va Hind daryosidan suv taqsimotini tartibga soluvchi 1960 yilgi Hind suvlari shartnomasini to‘xtatdi. Shartnoma shartlariga ko‘ra, Islomobod Hind daryosi va uning irmoqlari ustidan nazoratni qo‘lga kiritgan, bu daryolarning yuqori oqimini nazorat qilgan Hindiston esa o‘z suvlaridan dalalarini sug‘orish va unga tutash hududlar ehtiyojlari uchun foydalanish huquqini saqlab qolgan.
Turkiya muxolifati yetakchisi Istanbulda hujumga uchradi
Turkiyaning Respublika xalq partiyasi raisi O‘zgur O‘zel Istanbulda deputat Sirri Sureyyaning dafn marosimida hujumga uchradi.
Voqea Taksim maydonidagi Otaturk madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan marosimdan keyin yuz bergan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlardan ko‘rish mumkinki, noma’lum shaxs Turkiya muxolifati yetakchisiga shapaloq tushirgan va siyosatchining qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan darhol qo‘lga olingan.
Haberturk ma’lumotlariga ko‘ra, hujum qilgan shaxs «Biz — Usmonlilar avlodimiz!» deya xitob qilgan. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an O‘zelga qo‘ng‘iroq qilib, sodir bo‘lgan voqeani qoralagan va uning barcha tafsilotlari aniqlanishiga ishontirgan.
Hozirda hibsda saqlanayotgan Istanbul sobiq meri Akrom Imomo‘g‘li ham vaziyatga munosabatini bildirdi. «Raisimiz janob O‘zgur O‘zelga qilingan nopok hujumni qoralayman. Hujum qilgan shaxs va unga aloqador barcha zudlik bilan fosh etilishini talab qilaman», — deydi u.
Uorren Baffett Berkshire Hathaway bosh direktorligidan ketadi
Amerikalik milliarder Uorren Baffett Berkshire Hathaway kompaniyasi bosh direktorligi lavozimidan ketadi. Bu haqda u aksiyadorlarning yillik yig‘ilishida ma’lum qildi.
94 yoshli Baffett kompaniyaning yangi bosh direktori lavozimiga o‘z o‘rinbosari Greg Abelni tayinlashni tavsiya qildi.
Baffett Berkshire Hathaway’dan butunlay ketish va uning aksiyalarini sotishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi.
Uorren Baffett — dunyoning eng badavlat insonlaridan biri bo‘lib, Forbesʼning oxirgi yillik reytingida uning boyligi 159 milliard dollarga baholangan. U o‘zining deyarli barcha kapitalini muvaffaqiyatli investitsiyalar ortidan to‘plagan.
Husiychilar raketasi Isroilga quladi
Yamandagi husiychilar Isroilga qarata uchirgan ballistik raketa Tel-Avivdagi Ben-Gurion aeroporti yaqinida portladi.
Internetda e’lon qilingan kadrlarda haydovchilar yo‘lda mashinalarni to‘xtatib, yashirinishga urinayotganini ko‘rish mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘lovchilar terminalidan olingan tasvirlarda tutun ustuni ko‘tarilgani aks etgan.
Ko‘rinishidan, raketa aeroport atrofidagi panjara yaqiniga tushgan. Isroil ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, portlash oqibatida to‘rt kishi yaralangan, yana ikki kishi bombapanagohga ketayotganda jarohatlangan. Ben-Gurion aeroportida parvozlar bir muddat to‘xtatildi.
Isroil televideniyesida portlash oqibatida hosil bo‘lgan chuqurlik atrofida mamlakat politsiya markaziy okrugi boshlig‘i Yair Xetsroni qutqaruv xizmatlari va aeroport xodimlari bilan birga turgani aks etgan kadrlarni namoyish etdi.
«Shundoqqina orqamda voqea joyi ko‘rinib turibdi – diametri bir necha o‘n metr va chuqurligi bir necha o‘n metr bo‘lgan voronka, – dedi u. – Shuni aytish kerakki, aholi ko‘rsatmalarga quloq tutdi va shuning uchun bugun bizda stress holatlarini hisobga olmaganda, ushbu hodisa natijasida jabrlanganlar yo‘q. Vaziyat barqarorlashtirilgan va jiddiy zarar yo‘q».
Shunga qaramay, Yevropadagi ayrim aviakompaniyalar Tel-Avivga parvozlarni to‘xtatdi. Isroil Mudofaa vaziri Israel Kats hujumga javoban «Kim bizga zarar yetkazsa, bunga javoban yetti karra kuchliroq zarba qabul qilib oladi», dedi.
Rim papasi Fransisk o‘zining mashhur «papamobile» avtomashinasini G‘azodagi bolalarga vasiyat qilib qoldirdi
Marhum avtomashinasini G‘azodagi bolalar uchun mobil sog‘liqni saqlash markaziga aylantirishni vasiyat qilgani ma’lum bo‘ldi. Rim papasi ushbu avtomobilni tibbiy klinikaga aylantirish vazifasini Quddusda joylashgan, katoliklarga tegishli humanitar tashkilot — Caritas Jerusalem'ga topshirgan.
«Papa Fransisk faoliyati davomida, ayniqsa so‘nggi yillarda G‘azo xalqi bilan mustahkam birdamlikda bo‘lgan. Bu tashabbus G‘azoda davom etayotgan og‘ir gumanitar inqiroz, millionlab bolalarning uy-joysiz qolishi, tibbiy xizmatlar tanqisligi va o‘quv muassasalarining ishdan chiqishi fonida ayniqsa dolzarb bo‘lib turibdi. Bolalar raqam emas. Ular yuzlar, ismlar va hikoyalar. Har biri muqaddas», deyiladi Vatikan bayonotida.
Papamobile mobil klinika sifatida tibbiy ko‘rik, tashxis va davolash uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda.
Humanitar tashkilot yetakchisi Anton Asfarning so‘zlariga ko‘ra, bu avtomobil — nafaqat yordam uchun transport vositasi, balki – «dunyo G‘azodagi bolalarni unutgani yo‘q» degan kuchli chaqiriq hamdir: qolgan dunyo ham ularni eslab yursin.