Moskvada parad munosabati bilan internetga kirish cheklanadi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
5 may kuni ertalab hudud aholisi mobil aloqa va internetdagi uzilishlar haqida shikoyat qila boshladi.
Foto: Reuters
Rossiya rasmiylari «bayram tadbirlari xavfsizligini ta’minlash munosabati bilan» internetga kirishdagi ehtimoliy cheklovlar haqida ogohlantirdi. Moskva hududi aholisi shu haqda tegishli SMS-xabarlarni oldi, deb xabar berdi Meduza.
5 may kuni ertalab Moskva aholisi mobil aloqa va internetdagi uzilishlar haqida shikoyat qila boshladi. «Bilayn» va «Megafon» muammolar mavjudligini tasdiqlab, bu operatorlarning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra yuz berayotganini ta’kidladi.
Mobil internetdagi uzilishlar haqidagi shikoyatlar G‘alaba paradining havo-desant qismi repetitsiyasiga to‘g‘ri keldi.
Bir kun avval Moskva politsiyasi aholidan 9 may arafasida feyyerverklardan foydalanmaslikni so‘radi. Politsiya qoidabuzarlarga ma’muriy va jinoiy javobgarlik bilan tahdid qildi.
II Jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan parad 9 may kuni ertalab bo‘lib o‘tadi. Unda yigirmaga yaqin davlat rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Yuqori martabali mehmonlar orasida Xitoy rahbari Si Jinping, Braziliya prezidenti Lula da Silva va O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bor.
Kreml aprel oyi oxirida Rossiya harbiylari 8 maydan 10 maygacha o‘t ochishni to‘xtatishini e’lon qildi va Ukrainani bu tashabbusga qo‘shilishga chaqirdi. Kiyev bu taklifni rad qildi: prezident Vladimir Zelenskiy Vladimir Putinni faqat «parad davomida tinchlikni ta’minlashdan» manfaatdor, degan fikrni bildirdi. Shundan so‘ng Kiyev paradni o‘tkazish «xavfsiz» bo‘lmasligi mumkinligini bir necha bor ta’kidladi.