Fridrix Mers Germaniya kansleri etib saylanish uchun yetarli ovoz to‘plamadi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Endi Bundestag 14 kun ichida qayta ovoz berish jarayonini o‘tkazishi lozim.
Foto: AP
Nemis konservativ partiyalar (CDU/CSU) bloki yetakchisi Fridrix Mers Germaniya kansleri etib saylanish uchun kerakli miqdordagi ovozlarni ololmadi.
Bundestagdagi ovoz berishning birinchi bosqichida Mers nomzodini 310 nafar deputat yoqladi, 307 nafari qarshi ovoz berdi. Kansler sifatida saylanish uchun 316 ovoz to‘plash zarur edi.
Endi Bundestag 14 kun ichida qayta ovoz berish jarayonini o‘tkazishi lozim. Urinishlar soni cheklanmagan, ammo g‘alaba qozonish uchun nomzod hali ham 316 ovoz olishi kerak.
Agar Mers (yoki boshqa nomzod) ushbu ikki haftalik muddat ichida buni uddalay olmasa, yana bir yakuniy ovoz berish bosqichi o‘tkaziladi. Agar bunda ham hech kim 316 ovoz ololmasa, u holda Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer ishga kirishadi. U yakuniy ovoz berishda birinchi o‘rinni egallagan shaxsni (ovozlar sonidan qat’iy nazar) kansler etib tayinlashi yoki Bundestagni tarqatib yuborishi va yangi saylovlar o‘tkazishi mumkin.
2025 yil fevral oyining oxirida bo‘lib o‘tgan muddatidan oldingi parlament saylovlarida konservativ CDU/CSU (Xristian Demokratik Ittifoq/Xristian sotsial ittifoq) bloki birinchi o‘rinni egalladi. Blok yetakchisi, 69 yoshli Fridrix Mers Germaniya kansleri lavozimiga asosiy nomzod bo‘ldi.