Fridrix Mers ikkinchi urinishda Germaniya kansleri etib saylandi
Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news

Dunyo yangiliklari, Дунё янгиликлари, Мировые новости, World news
Nemis konservatorlari yetakchisi Fridrix Mers Bundestagda takroriy ovoz berish natijalariga ko‘ra Germaniyaning yangi kansleri etib tasdiqlandi.
Foto: Reuters
Takroriy ovoz berish jarayonida Mers uchun 325 nafar deputat ovoz berdi, saylanish uchun kamida 316 ovoz talab etilardi. Parlamentning 289 nafar a’zosi uning nomzodiga qarshi chiqqan. Bir deputat betaraf qolgan, uchta ovoz haqiqiy emas deb topilgan.
Shu bilan birga, o‘ng markazchi XDI/XSI bloki («Xristian-demokratik ittifoq» va «Xristian-sotsial ittifoq») va so‘l markazchi Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) koalitsiyasiga jami 328 kishi kiradi.
Avvaliga Frankfurter Allgemeine va Bild gazetalari seshanba kuni takroriy ovoz berish rejalashtirilmagani haqida xabar berishgandi, ammo keyin XDI/XSI, sotsialistlar, Yashillar va so‘llar takroriy ovoz berishni shu kuni o‘tkazishga kelishib olgani ma’lum bo‘ldi.
XDI/XSI 2018 yilda so‘llar bilan hamkorlikni taqiqlovchi rezolyutsiya qabul qilgandi, endi esa ularning yordamiga suyanmoqda, deb yozadi Spiegel.
Parlamentdagi ovoz berish jarayonidan so‘ng, Mers Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer huzuriga bordi, u XDI/XSI bloki rahbarini rasman yangi kansler etib tayinladi. Mers Germaniya tarixidagi o‘ninchi kanslerga aylandi.
Endi avvaliga Mers, undan keyin yangi hukumat a’zolari qasamyod qilishi kerak.
Tarixiy muvaffaqiyatsizlik
Birinchi raundda Mers zarur 316 ovoz o‘rniga faqat 310 ovoz olgan, 307 nafar deputat uning nomzodiga qarshi chiqqandi.
Urushdan keyingi Germaniya tarixidagi kanslerlarning hech biri bundestagdagi birinchi ovoz berishdan keyin saylana olmagani bilan bog‘liq holat kuzatilmagandi.
Mersning birinchi urinishdayoq parlamentdagi ko‘pchilikning qo‘llab-quvvatlashiga erisha olmagani mamlakatda so‘nggi hukumat qulaganidan keyin yuzaga kelgan siyosiy noaniqlik saqlanib qolishini anglatadi.
Mersning muvaffaqiyatsizligini o‘ta o‘ngchi «Germaniya uchun muqobil» (AfD) partiyasi xursandchilik bilan kutib oldi, o‘tgan hafta Konstitutsiyaviy himoya federal idorasi (BfV) bu partiyani ekstremistik tashkilot deb tan olgandi.
AfD hamraisi Alisa Vaydel Bundestagdagi ovoz berish «kichik koalitsiya qurilgan poydevorning mo‘rtligi»ni ko‘rsatgani haqida gapirib, yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirgandi.
«Mers chetga chiqib, umumiy saylovlarga yo‘l ochishi kerak», – dedi u jurnalistlarga va sodir bo‘lgan voqeani «Germaniya uchun yaxshi kun» deb atadi.
Voqealar rivoji
2024 yil kuzida Germaniyada 2021 yildan beri hukmronlik qilib kelgan Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi, Erkin demokratik partiya va «Ittifoq-90»/«yashillar» koalitsiyasi tarqalib ketgandi.
Fevral oyida mamlakatda muddatidan oldin saylovlar bo‘lib o‘tdi, unda XDI/XSI konservativ bloki 28,5 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi.
Ikkinchi o‘rinni o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani ko‘rsatgan o‘ta o‘ng «Germaniya uchun muqobil» partiyasi egalladi.
XDI/XSI bloki g‘alabasi hukumatni shakllantirish uchun yetarlicha ishonchli bo‘lib chiqmadi. Uchinchi o‘rinni egallagan sotsial-demokratlar blokning koalitsiya bo‘yicha sherigiga aylandi.
Koalitsiya tuzish bo‘yicha muzokaralar 45 kun davom etdi – bu Germaniya uchun juda qisqa muddat bo‘lib, bunday munozaralar odatda bir necha oyga cho‘ziladi.
XDI/XSI va sotsial-demokratlar o‘rtasidagi koalitsiya kelishuvi, jumladan, 2028 yilgacha korporativ soliqlarni kamaytirish, ijtimoiy ta’minot tizimini isloh qilish, elektr energiyasiga soliqni kamaytirish, mudofaa xarajatlarini oshirish va migratsiya siyosatini sezilarli darajada kuchaytirishni nazarda tutadi.
Xususan, partiyalar Suriyaga deportatsiya qilishga ruxsat berish, qochqinlarning oilalarini birlashtirishni to‘xtatish, boshpana izlovchilarni quruqlik chegaralariga kiritmaslik va muhojirlarni uch yil ichida naturalizatsiya qilish imkoniyatini bekor qilishga kelishib olgan.
Bir kun avval Xristian-demokratik ittifoq va Xristian-sotsial ittifoq (XDI/XSI) hamda Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) yetakchilari koalitsiya shartnomasini rasman imzoladi, bu esa yangi hukumatda vazirlarni tayinlashga imkon beradi.
Shuningdek, dushanba kuni Berlinda 2021 yil dekabridan buyon ushbu lavozimda ishlab kelgan kansler Olaf Shols bilan tantanali vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tdi.
Seshanba kuni Bundestag Mersni kansler etib tasdiqlashi, keyinroq yangi koalitsion hukumat qasamyod qilishi kutilgandi.
Konservatorlarning so‘l markazchilar bilan koalitsiyasi Mersni kanslerlikka tasdiqlash uchun parlamentda yetarli o‘ringa ega (630 tadan 328 tasi), ammo GSDPdagilarning barchasi ham koalitsiya kelishuvidan mamnun emasdi. Taxminlarga ko‘ra, Mersga ovoz berishi kutilgan deputatlardan 18 nafari uni qo‘llab-quvvatlamagan.
ING Makroiqtisodiy tadqiqotlar bo‘limining global rahbari Karsten Bjyeskining fikricha, ovoz berish natijalari «XDIdagilarning hammasi ham budjet kursining keskin o‘zgarishiga rozi emasligini yaqqol ko‘rsatmoqda».
Rabobank’ning katta bozor iqtisodchisi Stefan Koupman bozor hali ham Mersning oxir-oqibat kansler bo‘lishiga ishonishi, ammo «shundoq ham saylovchilar orasida Mersning nufuzi yuqori emasligi va AfD ta’siri o‘sishi hisobga olinsa, bu yomon belgi» ekanini ta’kidlagandi.
«Bu jiddiy salbiy signal. Katta ehtimol bilan, Mers baribir saylanadi, ammo vaziyat koalitsiya birdam emasligini ko‘rsatmoqda, bu esa uning o‘z siyosatini o‘tkazish qobiliyatini zaiflashtirishi mumkin», – deya Berenberg bosh iqtisodchisi Holger Shmidingning so‘zlarini keltiradi Reuters.
Mers haqida nimalar ma’lum?
Ma’lumoti bo‘yicha huquqshunos bo‘lgan Mers siyosiy faoliyatini 1980-yillarda boshlagan. 1989 yilda, 33 yoshida u XDIdan Yevroparlament deputati bo‘ladi va besh yildan so‘ng Bundestagga saylanadi.
Mers 2002 yilgi parlament saylovlarida kanslerlikka nomzod bo‘lishga tayyor edi, ammo o‘sha paytda konservatorlar Xristian-sotsial ittifoqi (XSI) rahbari Edmund Stoybergni tanlashadi, u oxir-oqibat saylovda sotsial-demokrat Gerhard Shrederga yutqazadi.
2005 yilda Angela Merkel kansler bo‘lgach, Mers konservativ qarashlari bilan bir necha yilga siyosatni tark etadi.
2005 yildan 2021 yilgacha Mers yirik xalqaro advokatlik idorasida ishlagan va 2016 yildan 2020 yilgacha Blackrock investitsiya kompaniyasining Germaniyadagi filiali kuzatuv kengashi raisi bo‘lgan.
Mersning katta siyosatga qaytishi Merkelning kansler lavozimidagi to‘rtinchi muddati oxirgisi bo‘lishini e’lon qilishi fonida sodir bo‘ldi.
2022 yil oxirida, uchinchi urinishda Mers Xristian-demokratik ittifoq (XDI) yetakchisi sifatida Merkelning o‘rnini egallaydi.
Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan so‘ng, Mers birinchilardan bo‘lib Kiyevga tashrif buyurdi va o‘shandan beri Ukrainani maksimal darajada qo‘llab-quvvatlash tarafdori bo‘lib, Germaniya hukumatining Kiyevga o‘q-dorilar va qurol-yarog‘ tizimlarini yetkazib berish bo‘yicha qat’iyatsiz harakatlarini bir necha bor tanqid qilgandi.